1.1-rasm. Sanoat korxonalarida bankrotlik holati kelib chiqishi bosqichlari ketma-ketligi
Zarar ko‘rib ishlash sanoat korxonalarida hisobot davridagi resurslarning yo‘qotilishini bildiradi. Zarar – mahsulot ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar shu mahsulotning bozorda sotilishidan kelib tushuvchi tushumdan ko‘pligini anglatadi. Sarflangan xarajatlar esa korxona resurslarining ma’lum maqsadda chiqib ketishi bilan aniqlanadi. Ularning qaytib kelishi esa daromad ko‘rinishida bo‘ladi. Korxona o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, foyda olish maqsadida tavakkalchilik sharoitida o‘z resurslarini sarflaydi.
Zararning mohiyati xarajat qilingan resurslarning sarflangan holatiga nisbatan kamayib qaytishi hisoblanadi. Masalaga dialektik yondashilsa, jamiyat boyligi bu holatda kamaymaydi deb xulosa qilish mumkin. Lekin yo‘qotilgan resurs korxonaga qaytarilmasligi sotilgan mahsulot iste’molchilar tomonidan arzon baholanganligini e’tiborga olib, korxona zarar ko‘rganida resurlar jamiyat a’zolari o‘rtasida notekis taqsimlanadi va bozordagi raqobatga salbiy ta’sir qiladi deb aytish mumkin.
Zararga olib keluvchi sabab, faqat arzonga sotish emas, balki tayyor mahsulot iste’molchiga etib bormasdan omborda turishi, chirishi, tabiiy yo‘qotilishi ham mumkin. Bu holatda korxona resursining zarar ko‘rinishida yo‘qotilishi jamiyat boyligining kamayishiga olib keladi. SHuning uchun korxonalar nochorligi va zarar ko‘rib ishlashini tahlil qilishda ularning sonidan ko‘ra, ko‘rilgan zarar miqdori, yo‘qotilgan resurslar hajmini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. SHu bilan birga, ko‘rilgan zarar miqdorini tahlil qilish korxona faoliyatining kelgusidagi holatini oldindan baholashni osonlashtiradi hamda boshqaruv qarorlari qabul qilish jarayoni samaradorligini ham ko‘rsatib beradi.
Aytib o‘tilganidek, sanoat korxonalari zarar ko‘rishi oqibatida iqtisodiy resurslarning muntazam kamayib borishi, korxonada moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligidan dalolat beradi. Kreditorlik qarzlarining esa ko‘payishi bankrotlik taomillarini qo‘llash ehtiyojini hosil qiladi.
Iqtisodiy nochorlik zarar ko‘rib ishlashning hosilasi hisoblanadi. CHunki korxona tomonidan ko‘rilgan zarar hajmi ortgani sari, to‘lov qobiliyati ham pasayib boraveradi. Bu holatni korxona kapitalining shakllanishi yordamida tahlil qilish iqtisodiy inqirozning ehtimollik darajasini aniqlash imkonini beradi. Ko‘rilgan zararning iqtisodiy nochorlikka ta’siri korxona kapitalining qaysi manbadan ko‘proq shakllanganligiga bog‘liq.
Masalaga iqtisodiy tahlil nuqtai nazaridan yondashilsa, korxona jami iqtisodiy resurslarining shakllanish manbaini ikki katta guruhga bo‘lish mumkin. Iqtisodiy nochorlik belgilari shu guruhlarning o‘zaro mutanosibligiga bog‘liq holda vujudga keladi (1.2-rasm).