7.2.Sudgacha sanatsiya qilish asosi Sudgacha sanatsiya qilish suddan tashqari bajariladigan taomil bo‘lib, qarzdorga nisbatan to‘lov qobiliyatini tiklash va bankrotlikni oldini olish maqsadida qo‘llaniladi.
Sudgacha sanatsiya qilish xo‘jalik sudi tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilmasdan oldin amalga oshiriladi. SHu tufayli, qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida sudga ariza berishdan oldin qarzdorning muaasislarini, boshqaruv organlari yoki qarzdorning mol-mulki egasi qarzdorning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishlari mumkin.
Qarzdor bilan tuzilgan kelishuv asosida uning to‘lov qobiliyatini tiklash choralarini ko‘rayotgan qarzdor yuridik shaxsning muassislari, qarzdorning mol-mulki egasi, davlat organlari va boshqa shaxslar sudgacha sanatsiya qilishining tsubyektlari bo‘la oladilar.
Sudgacha sanatsiya qilishda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklaydigan chora-tadbirlar, ya’ni qarzdorga moddiy yordam ko‘rsatish, to‘lov muddatini kechiktirish va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashni uzaytirish, qarzlardan siylov berish, qarzdorni qayta tashkil etish kabilar ko‘riladi.
Sudgacha sanatsiya qilishni quyidagi turlarga ajratish mumkin: davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda va davlat tomonidan yordam ko‘rsatmagan holda. Davlat ko‘magidan foydalangan holda sudgacha sanatsiya qilish ustav fondida davlat ulushi bor bo‘lgan korxonalarga nisbatan qo‘llaniladi.
Davlat yordami bilan sudgacha sanatsiya qilish o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga belgilanadi. Davlat mablag‘larini jalb etgan holda sudgacha sanatsiyalash quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hay’ati qaroriga ko‘ra Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish jamg‘armasidan tarkibiy o‘zgartirish dasturlarini amalga oshirish uchun tasdiqlangan limitlar va smetalar doirasida mablag‘larni maqsadli ajratish;
Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Respublika komissiyasi qaroriga binoan sudgacha bo‘lgan sanatsiyalash muddatida majburiy to‘lovlarni to‘lash, ilgari ajratilgan davlat kreditlarini qaytarishni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash, shuningdek hisoblangan penya va jarimalarni hisobdan chiqarish shaklida davlat mablag‘larini jalb etish;
Davlat mablag‘larini jalb etgan holda sanatsiyalash tartiboti Huqumat qarorlariga binoan boshqa chora-tadbirlarni o‘z ichiga olishi mumkin;
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda sanatsiyalash o‘tkazilishida qarzdorga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ilgari amal qilgan hisob raqamlari to‘xtatilgan holda sanatsiyalash bo‘yicha so‘mda va valyutada hisob raqami ochiladi.
Sudgacha sanatsiya qilishda ishtirok etadigan subyektlar soni cheklanmagan. Ular: qarzdorning muassislari, mol-mulki egasi, davlat organlari shuningdek boshqa shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunga asosan sudgacha sanatsiya qilish taomilining chora-tadbirlariga quyidagilar kiradi:
To‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan qarzlarni to‘la yoki qisman sotib olish;
Ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
Chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
Xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
Qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanishi hamda faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi;
Qarzdorning faoliyatni davom ettirishi uchun qarzdor bilan kreditorlar o‘rtasida kreditorlarga to‘lanadigan to‘lovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoxud qarzlardan siylov berish to‘g‘risida ahdlashuvga erishishga qaratilgan bitim;
Majburiy to‘lov majburiyatini bajarishni va kreditlarni qaytarishni sudgacha sanatsiya qilish muddatiga kechiktirish;
Qarzdor yuridik shaxsni qayta tashkil etish.
Mazkur taomil tarkibigi bundan boshqa tadbirlar ham kirishi mumkin.
Sudgacha sanatsiya qilishni uni o‘tkazish muddati tugashi, uning samarasiz ekanligi aniqlanishi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari bajarilmaganligi munosabati bilan va amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra to‘xtatilishi mumkin.