6.2.Respublikada bankrotlik institutining shakllanish sabablari
Davlat iqtisodiyotining rivojlanishi hech qachon sof iqtisodiy qonuniyatlarning asosiga qurilmaydi. Sababi, bunday qonuniyatlar mavjud bo‘lgani bilan ijtimoiy va tabiiy omillar oqibatida ularning amal qilishi buziladi. Natijada, insonlar tomonidan sof qonuniyatlarning kamchiliklarini yopish, davlat iqtisodiyotining rivojlanish yo‘nalishlarini ichki va tashqi sharoitlarga bog‘lash maqsadida me’yoriy hujjatlar tuzilib hayotga tatbiq etiladi. Mazkur masalani ikkinchi tomondan qaraganda, huquqiy hujjatlar faqatgina tartibga solish yoki boshqa maqsadlar uchun xizmat qilmasligini anglash qiyin emas. Ya’ni, davlat huquqiy-me’yoriy hujjatni buzilgan tartibni tuzatish maqsadida yoki buzilishini oldini olish maqsadida qabul qiladi. SHu sababli ham huquqiy tizim davlatning qudrati hisoblanadi.
Davlat huquqiy tizimi jamiyatning barcha sohalari faoliyatining harakatlanish prinsiplarini belgilab beradi. Huquqning bu funksiyasi ichki va tashqi tartibotlar uchun yo‘nalish hisoblanadi.
Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, davlat iqtisodiyotni o‘zining huquqiy me’yorlari bilan tartibga solib turadigan iqtisodiy tizimning subyekti kabi tavsiflanadi. Davlat korxona uchun tashqi muhit hisoblanib, bozor iqtisodiyoti sharoitida ma’lum tizimlarni nazorat qiladigan, boshqaradigan va tartibga soladigan subyektdir. Iqtisodiyotni tartibga solish hukumatning yuqoridagi vaziflarini bir qismi hisoblanadi. Buni u qonun, soliqqa tortish, bojxona bojlari, valyuta kurslari va boshqa vositalarni o‘zgartirish hamda chegaralash yo‘li bilan amalga oshiradi. Davlat iqtisodiyotni tartibga solish jarayonida u yoki bu davrdagi rejalarni ishlab chiqish bilan asosiy funksiyalarini bajaradi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy vazifalaridan biri korxonalar faoliyatida inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish uchun sharoitni hosil qilish evaziga bozor mexanizmini amal qilishida hatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lib, bu vazifa inqirozga qarshi davlat tadbirlarini ishlab chiqish va tatbiq etish bilan hal etiladi.
Davlatning inqirozga qarshi choralari korxonalarda ishlab chiqarish maromiyligini saqlash, bozor mexanizmlarini shikastlanishini oldini olish va iqtisodiyotning o‘sish darajasini ushlab turish maqsadida amalga oshiriladi. SHu yo‘l bilan davlat muntazam iqtisodiyotning “kichik yacheykasiga virusni tushirmaslikka yoki uni davolashga” harakat qiladi va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi.
Davlatning inqirozga qarshi choralarini qaysi yo‘nalishda bo‘lishi iqtisodiyotni tubdan tahlil qilish va aniq vaziyatlarga asosan baholashga bog‘liq. Choralar qanchalik darajada aniq ishlab chiqilsa, uning samaradorligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Inqirozga qarshi choralarning maqsadi va joriy vaziyatga oid holatdan kelib chiqib, ular muayyan yo‘nalish va strategiyaga asoslangan bo‘ladi. Bankrotlik jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inqirozga qarshi choralar:
Kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga;
Qarzdor manfaatini himoya qilishga qaratilgan bo‘ladi.
Mazkur yo‘nalishlar jahonning eng rivojlangan davlatlari tomonidan sinalgan bo‘lib, AQSH, Fransiya va YAponiya tajribasida inqirozga qarshi choralar qarzdorga qaratilgan va shu sababdan ham, ularning maqsadi qarzdorni sog‘lomlashtirish hisoblanadi. Buyuk Britaniya va Germaniyaning huquqiy tizimi kreditorga qaratilgan bo‘lib, birinchi navbatda qanday usul bilan bo‘lmasin, qarzlarni kreditorga qaytarish hisoblanadi. Bu holda qarzni uzish bankrot korxonaning mol-mulkini sotish hisobiga ham amalga oshiriladi.
Germaniya modelida restrukturizatsiya likvidatsiyadan ustun turadi. Bu tizim kreditorlar qiziqishini himoya qilishga yo‘naltirilgan. Shu bilan birgalikda, Germaniyada reablitatsion (jonlantiruvchi) taomillar kreditorlar o‘rtasida qarzdorning aktivlarini bo‘lishni maksimallashtirishga qaratilgan.
Angliya modeli ham kreditorlarni himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, kreditorlar o‘rtasida qarzdor aktivlarini taqsimlash mexanizmini samarali va operativ tarzda amalga oshirishga harakat qilinadi. Bankrotlik taomillari davrida korxona nazoratini kreditorlar o‘z qo‘liga oladi. Bu model kamchiligi shundan iboratki, maqsad qarzdorni qutqarib olishga emas, balki uni tugatishga qaratiladi. Amaliyot bunday mexanizm makroiqtisodiyotning asosiy vazifasini samarali bajarishga to‘sqinlik qiladi.
AQSHning iqtisodiy nochorlikni baholash tizimida likvidatsiyadan ko‘ra qayta tarkibiy tuzish taomili afzal ko‘riladi. Qarzdor qayta tarkibiy tuzish rejasini kreditorlar aralashuvisiz o‘zi amalga oshiradi. Kompaniya menejeri esa qayta tarkibiy tuzishni amalga oshiruvchi shaxs hisoblanadi. Qayta tarkibiy tuzish rejasi bir necha yilni o‘z ichiga olish mumkin. Kreditorlar esa uni amalga oshirishga ta’sir eta olmaydi. Agarda qayta tarkibiy tuzish samarasiz amalga oshsagina, likvidatsiya qilinadi. Bunday usulni kuchli iqtisodiyotdagina amalga oshirish mumkin. AQSH uchun bu usul juda samara beradi.
Fransuz tizimida nochorlikni boshqarish qarzdor korxonaning infratuzilmasini kreditorlar huquqini qisqartirish hisobiga himoya qilish g‘oyasiga asoslanadi. Kreditorlarning hohish irodasiga qaramasdan har qanday holda ham qat’iy tartib o‘rnatiladi. Vaholanki, buni natijasida kreditorlarning aktivlardagi ulushi qisqarsa ham1.
Davlatning inqirozga qarshi choralari – bu makroiqtisodiy kategoriya bo‘lib, korxonalarni inqirozdan himoya qilish, bankrotlikni oldindan yo‘qotish yoki inqiroz ostida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni istiqboldagi faoliyatini to‘xtatish uchun davlatning tashkiliy-iqtisodiy va huquqiy sohadagi harakatlarini hosil qiluvchi munosabatlarni aks ettiradi2. Demak, davlat tomonidan korxonalarni inqirozdan saqlash va sog‘lomlashtirish ishlari bankrotlik institutiga asoslanadi.
Bankrotlik instituti – xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlar amaliyoti va huquqiy tartibga solish tizimida nisbatan yangi institut bo‘lib, bozor iqtisodiyoti sharoitida uning o‘rni va rivoji alohida ahamiyat kasb etadi. SHu ma’noda bankrotlik institutini to‘laqonli o‘rganish va tahlil etish maqsadga muvofiqdir.
O‘tgan davr mobaynida yurtimizda bankrotlik institutini chuqurroq o‘rganish maqsadida chet ellik mutaxassislar va olimlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, ularning bu boradagi tajribasi va amaliyoti o‘rganildi. Buning amaliy natijasi o‘laroq, qisqa davr ichida bankrotlik instituti bo‘yicha o‘zimizga xos tajriba maktabini yaratdik desak, mubolag‘a bo‘lmaydi1. 2007 yilda YAponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi hamkorligida “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga sharh tayyorlandi. Bu amaliy hamkorlik Respublikamiz Bankrotlik institutining nazariy- amaliy sohadagi muammolarini hal bo‘lishiga va takomillashishiga sabab bo‘ldi.
To‘lovga qodir bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bankrotlik mexanizmini shakllantirish O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlanishining muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ushbu mexanizm yordamida samarasiz bo‘lgan mulkdorlarni almashtirish, korxonalarni tugatish, ijtimoiy muhim ahamiyat kasb etadigan va daromad keltiradigan korxonalarni saqlab qolish, mulkchilik munosabatlarining barqarorligini ta’minlash hamda ish bilan bandlikni kafolatlash maqsadi nazarda tutilgan.
Bankrotlik instituti asosan ikki xil yo‘l bilan iqtisodiyotga ta’sir qiladi va uni sog‘lomlashtiradi. Bularga: birinchidan, to‘lovga qodir bo‘lmagan qarzdorlarni tijorat faoliyatini tugatish; ikkinchidan esa, iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga o‘z faoliyatini qayta tashkil qilish va to‘lov qobiliyatini tiklashga imkoniyat berish. Bundan Respublikamizning bankrotlik instituti ham qarzdorni ham kreditorni manfaatini himoya qilishni ko‘zlaganligini ko‘rishimiz mumkin.
Shunday qilib, Respublikamizda inqirozga qarshi choralarni amalga oshirishning tub mohiyati bankrotlik instituti va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning amal qilish mexanizmiga tayanadi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Respublikamizda bankrotlik huquqi umuman amal qilmagan. Sababi, hali davlat mulki to‘liq xususiylashmasdan turib, korxonalarning iqtisodiy nochorligi va bankrotlik masalalarigi ehtiyoj yo‘q edi. Lekin, bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos yo‘nalishi va talabi davlatga qarashli bo‘lgan mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish ishlarni tezlashtirish edi. Shuning uchun, mustaqillikning birinchi yillaridan mulkni xususiylashtirish jarayonlariga katta e’tibor qaratildi va bosqichma-bosqich xususiylashtirish ishlari amalga oshirildi. Mulk xususiylashib mulkdorlar sinfi hosil bo‘lishi bilan sekin-astalik bilan ko‘p korxonalar va tashkilotlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi. Ba’zilari esa ma’lum sabablarga ko‘ra bozorda o‘z salohiyatini namoyish eta olmadi. Oqibatda, korxonalarda iqtisodiy nochorlik, to‘lovga qobiliyatsizlik muammolari va korxonalar o‘rtasida debitorlik-kreditorlik munosabatlarida o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmaslik holatlari vujudga kela boshladi. Shunda, yangi bankrotlik institutiga ehtiyoj sezildi.
1994 yilga qadar Respublikada birorta ham bankrotlik va iqtisodiy nochorlik bo‘yicha ishlar aynan mazkur institutning amal qilmaganligi va qonuniy asoslari yaratilmaganligi sababidan ko‘rilmadi. Lekin, korxonalar o‘rtasidagi to‘lov intizomini buzilishi bo‘yicha ziddiyatlarning vujudga kelishi Respublika uchun korxonalarni inqirozdan chiqarish va sog‘lomlashtirishda yangi institutsional-huquqiy tizimining zarurligini ko‘rsatdi.
Korporatsiyalarni kreditorlardan himoya qiladigan bankrotlik to‘g‘risidagi birinchi qonun AQSHda 1867 yilda qabul qilingan va keyinchalik 1898 yilda himoya kuchaytirilgan1.
Angliyada nochorlik bilan kurashadigan birinchi me’yor akt ko‘rinishida 1543 yilda qabul qilingan. U jinoiy-huquqiy xarakterga ega bo‘lgan. U 1914 yilgacha har 5-7 yilda o‘zgarib borgan. 1914 yilda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonun sifatida shakllantirilgan. U 1979 yilda “Iqtisodiy nochorlik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgaritirilgan2.
Bundan tashqari, MDHning boshqa davlatlarida ham bu tizimga e’tibor qaratila boshlagan edi. Masalan, Rossiya Federatsiyasida 1992 yildanoq inqirozga qarshi kurashning huquqiy asosi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun amalgi kiritilgan edi. Bu qonunni O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritishi bilan ishlab chiqishga kirishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |