Kabinetli tadqiqotlar — allaqachon mavjud bo‘lgan ikkilamchi axborotga («yozuv stolidagi tadqiqot») ishlov berish. Ikkilamchi axborot — hozirgi vaqtdagi maqsaddan farqli bo‘lgan maqsadlar uchun oldindan to‘plangan ma’lumotlar. Ikkilamchi axborotning afzalliklari: ishlar qiymatining pastligi, chunki yangi ma’lumotlarni to‘plash kerak emas; materialni to‘plash tezligi; bir nechta axborot manbalarining mavjudligi; muammoni oldindan tahlil qilish imkoniyati. Kamchiliklari: o‘tkaziladigan tadqiqotning maqsadlariga umumiy harakteri jihatidan hamma vaqt ham to‘g‘ri kelmaydi; ma’lumot eskirgan bo‘lishi mumkin; ma’lumotlar to‘plangan uslubiyat mazkur tadqiqotning maqsadlariga mos tushmasligi mumkin.
Dala tadqiqoti — muayyan marketing tahlili uchun ma’lumotlarni maxsus to‘plash va ishlov berish. Dala tadqiqoti birlamchi axborotga, ya’ni muayyan tadqiqot qilinayotgan muammoni hal qilish uchun hozirgina olingan ma’lumotlarga asoslanadi. Birlamchi axborotning afzalliklari: ma’lumotlar tadqiqotchilik vazifasining aniq maqsadlariga ko‘ra to‘planadi; ma’lumotlarni to‘plash uslubiyati nazorat qilinadi; hamma natijalar korxona uchun ochiq va sir saqlanishi mumkin. Kamchiliklari: moddiy va mexnat xarajatlarining ko‘pligi.
Odatda, dala va kabinetli tadqiqotlar amaliyotda bir-birini to‘ldiradi. Marketing tadqiqotlarining bir qismi bo‘lib bozor konyunkturasini, ya’ni shu paytda mazkur bozorda turli xil sharoitlar yig‘indisi ta’sirida vujudga kelgan holatni tahlil qilish hisoblanadi.
Marketing jarayonlarining rivojlanish variantlarini baholashda immitatsion modellash metodlari qo‘llaniladi. Ularning mohiyati marketing muhitining nazorat qilinadigan va nazorat qilinmaydigan omillarining matematik modelini tuzishdan iborat. Ko‘pgina hollarda marketing tizimi ta’siri natijalarining marketing muhiti omillariga analitik bog‘liqligini aniqlash mumkin. Va, albatta, marketing tadqiqotlari natijasida olingan ma’lumotlar korxonaning marketing axborot tizimida to‘planishi kerak.
An’anaga ko‘ra marketingning dala tadqiqotlarida zaruriy axborotni olish uchun asosan so‘rov usuli qo‘llaniladi. So‘rov og‘zaki yoki yozma shaklda bo‘lishi mumkin. Dala tadqiqotlarining 90 %ga yaqinida shu usuldan foydalaniladi. Kuzatish axborotni olish usuli sifatida bozor tadqiqotlarida so‘rovga qaraganda kamroq ishlatiladi. Sinov bir omilning boshqa omilga ta’siri bir vaqtning o‘zida begona omillarni nazorat qilish bilan birga o‘rganilishidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |