2.2. Bethovenning quloqlari qachon og’irlasha boshladi.
Toʼlqinlari sabrsizlik bilan joʼsh urayotgan Reyn daryosining sohillarida qad rostlagan kichkinagina Bonn shahri. Chekka hududlarda har qanday rang-barangliklarsiz oʼtgan oddiy bolalik. Lyudvig va uning ukalari onasidan ancha erta ayrildilar. Ota oʼgʼillari uchun meʼyoridan ortiq darajada qattiqqoʼl, buning ustiga sharobga mukkasidan ketgan, shu bois oilani tebratishga qodir emasdi.
Yosh Lyudvigni kelajakda nimalar kutayotgandi? Mahalliy qoʼshiqchi iqtidorli bolakayni kamar va tarsakilar yordamida musiqa bilan shugʼullanishga majburlar, bechora Lyudvig esa ogʼriqlar va jarohatlar dastidan kunlab oʼziga kelolmasdi. Bunday keskinlikning nima keragi bor?
«Eti sizga, suyagi bizga» deya farzandini ustozga topshirgan ota yosh jigarbandi orqasidan pul topa boshladi. Biroq, odatdagidek, topilgan pullarni ichkilikka sarflardi. Kunlar shu holda davom etdi.
Kaltaklar, haqoratlardan yuragi zada boʼlgan toʼngʼich farzand bir kuni Yevropaning musiqa markazi — Venaga keldi. Bu yerda u oʼzining pianinochilik va bastakorlik bobidagi favqulodda mahoratini namoyish etishga erishib, ommaning olqishiga sazovor boʼldi. Shunday boʼlsa-da, katta gʼalabalarga hali bor edi. Lyudvig sabr qilar, venalik biror-bir boy shinavanda uni ovloqdagi Bonn shahridan kelgan yosh qobiliyat egasining sanʼatidan bahramand boʼlish uchun oʼz qasriga taklif qilishini kutardi. Besoʼnaqay va gʼalati koʼrinishdagi nozik qalb egasi poytaxtdagi zax yarim yertoʼlada turar, u yer sovuq va nam edi. Isinib olish, Bonndagi boʼgʼiq va ogʼriqli xotiralarni esdan chiqarish uchun raqsga tushishni oʼrganardi. Аlbatta, gavda harakatlariga nafislik yetishmasdi. Buning sababi pakanalik va semizlik boʼlsa kerak. Xarakteri ham yoqimli emasdi. Shu bois doʼstlardan koʼra koʼproq dushman orttirdi.
Betxovenga jismonan azob, ammo boshqa tarafdan katta shuhrat keltirgan holat — qulogʼi yaxshi eshitmas edi. Uning hayoti haqidagi ayrim maʼlumotlarning boʼrttirib yuborilganiga ishonging keladi. Yoki nemis bastakori, haqiqatan ham, favqulodda iqtidorli va buyuk boʼlgandir, boisi hatto eshitish qobiliyatining yoʼqolishi ham uning hayoti va ijodiga deyarli taʼsir etolmagan…
Qachon uning qulogʼi ogʼirlashdi?
Lyudvigning oʼzi ham bu haqda aniq biror narsa deyishi qiyin edi. Karlik qorongʼu tun kabi asta-sekin yoyiladi, birdaniga emas. Venalik shifokorlar uzoq vaqt tashxis qoʼya olmay, yosh mijozning asablari charchaganini taʼkidladilar, xolos. Taqdir unga navbatdagi xavfli hazilni taqdim etdi — kasallik oʼtkazib yuborilgandi.
Vaqt oʼtib, Lyudvig yuqori tondagi (pardalardagi) ovozlarni yaxshi eshitmayotganini sezdi. Bundan tashqari, quloqlaridagi qandaydir shovqin kunu tun asabiga tegishni boshladi. Betxoven mazkur qiynoqli shovqinni «quloqlariga in qurgan iblis» deya shoirona nomladi.
Аsabiy gʼashlik musiqashunosni Venani tark etib, poytaxtdan unchalik uzoq boʼlmagan kichik Gelingenshtadt qishlogʼiga yoʼl olishga majbur qildi. U oʼzi tashrif buyurgan makonning ajoyib goʼzalliklarini ilk kundayoq his etdi. Toza suvli daryolar, yam-yashil oʼtloq, sermaʼno sokinlik va keng vodiyda oʼtlab yurgan qoʼy-qoʼzilarni nay chalib, kuzatib yurgan choʼponlar Sharl Perro va aka-uka Grimlarning ertaklaridagi manzaralar va qahramonlarni esga solardi. «Bunday jannatmakon oʼlkadanda yaxshirogʼini topish mumkinmikan», deya savol berdi Lyudvig oʼz-oʼziga.
Tez orada Betxovenga shogird ham topildi. Bir kuni oʼquvchisi choʼponlardan birining mohirlik bilan nayda kuy ijro etayotganini zavqqa toʼlib aytib, baloga qoldi, ustozini ham xafa qilib qoʼydi. Аslida ayb unda emasdi, chunki shundan soʼng sharobxoʼrning oʼgʼli hayotidagi eng yoqimsiz haqiqatni tan olishga majbur boʼldi. Uning eshitish qobiliyati susayib borardi.
— Qanaqa nay? — deya kutilmaganda va beoʼxshov tarzda boshini qimirlatdi bastakor. — Toʼxta-chi, oʼzi uni kim ijro etayapti?
— Nahotki, eshitmayotgan boʼlsangiz?! U shundoqqina yaqinimizda-ku, axir!
Lyudvigning qorachadan kelgan yuzlari oqarib ketdi. Hattoki, Geylingenshtadtdagi shovqinsiz muhit, hordiq payti, jimjitlik va tinchlik hukmronlik qilganda ham uning eshitish qobiliyati yanada yomonlashibdi. Demak, kasallik avj olayapti. Begunoh shogirdiga jahl bilan qaragan musiqachi shu ondayoq boshi oqqan tomonga, toʼgʼrirogʼi, butazor oralab telbalarcha yugurib ketdi.
U oʼz kamchiligi haqida faqat eng yaqin va ishongan kishilarigagina sir saqlash sharti bilan aytdi. Bechora sanʼatkor bu voqelikdan oʼzi shundoq ham Venada kam boʼlmagan dushmanlari va hasadgoʼylar xabar topishini istamasdi.
Maestroning shuhrati va ijodi shiddat bilan oʼsib borar, ammo eshitish qobiliyati shunday tezlikda yomonlashardi. Poytaxt uni olqishlar, avstriyaliklar, hatto buyuk Motsart ham fortepyanoni Betxovendek ustalik bilan chala olmaydi, deya hisoblardilar.
Dovrugʼ — oddiy ovunchoq emas, uni asrash qiyin. Endi oqsuyaklar va noziktaʼb shaxslar Lyudvig van Betxovenni Motsart, Gaydn, Glyuk kabi mashhur kompozitorlar bilan bir qatorga, baʼzan yuqoriroq oʼrinlarga ham qoʼya boshlashdi. Venalik fan va sanʼatga homiylik qiluvchi davlatmand kishilar uni oʼz uylarida tashkil etiladigan ijodiy kechalarga taklif etishni odatga aylantirishdi. Oqsuyaklar Lyudvigning ogʼir va chidab boʼlmaydigan xarakteriga eʼtibor bermaslikka ham tayyor edilar. Katta obroʼli bastakorning mahoratiga bagʼishlangan maqolalarni shahar gazetalari birinchi sahifasida berar, maqtovlarning chek-chegarasi yoʼq edi.
Betxoven shohsupaga tobora yuqoriroq koʼtarilayotgandi.
Bundan ortiq yana nima kerak insonga? Shunga qaramay, karlikning kuchayishi bastakorning xavotirini oshirardi. Yaqin orada markaziy nashrlardan birida uning karligi haqida chiqadigan maqolayu feletonlardan xavfsirar, kamchiligi butun olamga oshkor boʼlib, kulgi boʼlishidan hayiqardi. Venaliklarning ideali kulgu ostida qolib ketsa, natijada kinoyali nigohlar koʼpaysa, uning uchun bundan yomoni yoʼq edi. «Ovozni eshitmaydigan musiqa xizmatchisi» — qanday masxaraomuz laqab», — deya oʼylardi u. Bunday laqab chindan ham paydo boʼlsa, afsuski, bu anglashilmovchilik natijasi emasligi Lyudvigga yaxshi maʼlum edi. U shu paytda Ispaniyada buyuk rassom, ammo kar Goyya oʼz sanʼat durdonalarini yaratayotgandan xabarsiz edi. Baxning ham quloqlarida muammo boʼlgan. Toʼgʼri, Bax musiqa bastalab, uni organda ijro etgan, ammo bu kabi kuchli musiqa asbobi odatda dafn marosimida chalinar, yevropaliklar hazil aralash uning muxlislari tiriklar orasida yoʼq, deyishardi.
Аgar Lyudvig eshitish imkoniyatidan butunlay mahrum boʼlsachi? Unda nima bilan shugʼullanadi? Poyabzal tozalaydimi? Gʼisht quyadimi? Quvurlarni yamab, kun koʼradimi? Yoki dalada poda boqadimi?
Mana, u tushkunlikka tushib, oʼzi bilan oʼzi yolgʼiz qolgan damlar. Аyrim gʼarazgoʼylar uning uzlatga berilishini oʼta mashhurlikdan boshi aylanib qolgani, deya qabul qilishdi. Lyudvig jamiyatdan begonalashib, oʼzini azoblar tikanzoriga otdi. Ijodda esa muhim oʼzgarishlar mavsumi kutib turardi. Dastlab Venadagi qahvaxonalar uchun yengil musiqalar bastaladi, ammo koʼngli toʼlmadi. Biroz vaqt oʼtib, ijodga jiddiyroq kirishdi.
Yozgan sonata va simfoniyalarida puflab chalinadigan musiqa asboblarining shovqini, royalda ijro etiladigan passaj (musiqa asarlarining juda murakkab va ustalik bilan ijro etilishini talab qiladigan kuy qismi)dagi momaqaldiroq shiddati, kamoncha bilan chalinadigan tovush vositalari imkoniyatlarini meʼyoridan ortiq ishga solish yaqqol sezilardi.
Oqibatda oqsuyaklar uyida chalingan kuylar ovozi deraza toʼsiqlarini yorib, tashqariga, koʼcha-koʼyga tarqaldi. Oddiy xalq ham uning muxlisiga aylandi. Shundan boshlab Betxovenning musiqalari jamiyatdagi qarashlarni ikkiga boʼlib yubordi. Konservatoriya professorlari «Patetik (joʼshqin) sonata»ni tinglashni taqiqlab, kompozitorni musiqaning mumtoz qonunlariga xiyonat qilganlikda aybladi. Yoshlar esa har doimgidek zamonaviy ijod mahsullarini sevishardi. Kichik muxlislarning kompozitor ijodining nozik tomonidan xabari bormidi yoki sonata va simfoniyalardagi shovqindan tashqari ularda ifoda etilgan taqdirga nisbatan qahr-gʼazabini ham sezishdimikan?
Nima boʼlganda ham bonnlik musiqachi kasallik qachondir chekinishiga ishondi, venalik shifokorlardan koʼra umidni oʼz irodasidan qidirdi. Ijod paytlarida esa hamma muammolarni esdan chiqardi. «Gendel, Bax, Glyuk va Motsartning portretlari, — deb yozadi bastakor oʼz kundaliklarida. — Menga koʼproq ishonch bagʼishlab, bardoshimni mustahkamlaydi».
U ketma-ket bir-biridan saviyali ijod namunalarini yarata boshladi. Kontsertlarda qatnashishlar, orkestrni boshqarish ham shular jumlasidan edi. Hech kim unga qarab kundan-kunga eshitish qobiliyatini yoʼqotib borayotganiga ishonmasdi.
Lyudvig Betxovenning shaxsiy hayotichi?
Аyollar bilan munosabati chigal edi. Fortepyanoda dars beruvchi teatrning yosh qoʼshiqchisi, goʼzal grafinya Juletta Gvichchardi bilan aloqalari dastlab koʼngildagidek kechdi. Uning tim qora koʼzlari, Janubiy italiyaliklarga xos boʼlgan husni nemis kompozitorini rom etgandi. Lyudvig oʼz doʼstiga ajoyib va yoqimli bir qizni sevib qolgani toʼgʼrisida xat yoʼllaganida, Julettani nazarda tutgandi. Shunday boʼlsa-da, yuqori tabaqadagi qoʼshiqchiga toʼy taklifi bilan murojaat etishga nima uchundir shoshilmasdi. Orada janjallashib qolishdi, ammo Geylingenshtadtga bosh olib ketgan boʼlsa-da, Betxoven unga uylanishiga ishonardi. Biroq grafinya yana bir mashhur musiqa mutaxassisi, oqsuyak graf Gellenberg bilan nikohdan oʼtdi. Juletta bu haqda xabar berganida, kompozitor taqdirning yana bir kutilmagan zarbasiga dosh berishga oʼzida bazoʼr kuch topa oldi. Yosh xonim esa vaqt oʼtib, kimni yoʼqotgani, Betxovenni kimga almashtirganini anglab yetganda, kech boʼlgandi. Juli boy turmush oʼrtogʼi bilan ajrashib, ostonasiga bosh urib kelganda ham Lyudvig uzrni qabul qilmadi. Betxoven xiyonatkor Gvichchardini yoʼqotgach, sovuq gʼam-anduh, oshiqning omadsiz sevgi kechinmalari haqida nola qiluvchi «Oy sonatasi»ni yaratgan deyishadi.
Mana shunday hayratlanarli damlarga boy oʼtgan hayotining qirq beshinchi yilida bastakor butunlay eshitishdan qoldi. U yanada yolgʼizlanib, xonasiga xizmatkorlardan boʼlak hech kimning kirishiga ruxsat bermay qoʼydi. Faqat tongotarda sayrga chiqardi.
Nihoyat, bunday soxta yolgʼizlikdan ham voz kechib, taqdirga tan berdi. Kamchiligini ommaga oshkor etishga qaror qildi. «Mening karligim hayotimda ham, ijodimda ham endi sirlik maqomini yoʼqotdi», deya hayqirdi u. Hatto eshitish trubkasi yordamidan foydalana boshladi. «Qattiqroq gapiring! Men karman!» — derdi u suhbatdoshiga. Oʼziga xos noqulaylikdan xalos boʼlib, yengil tortgan Lyudvig qandaydir kundaliklarni yozishni toʼxtatib, musiqaning goʼzal olamiga yanada chuqurroq shoʼngʼib ketdi. U yanada qatʼiylashdi, ammo xarakteri tiyiqsiz va betakallufligicha qoldi. Xoʼmrayish ham esidan chiqmadi. Shu bilan birga u hamon samimiy, olijanob va maʼyus edi.
Lyudvigning soʼnggi ilhom parisi Tereza Brunsvik boʼldi. Tereza savodli va chiroyli, qolaversa, iqtidorli pianinochi edi. Venada ajoyib kunlar, turmush qurishga ahdlashuvlar, xullas, hammasi kutilgandek ketayotgan bir pallada nima uchundir Brunsvik Shveytsariyaga ketib qoldi. Sababi nomaʼlum edi. Nima boʼlganda ham Betxovenga bu borada yana omad kulib boqmadi. Lekin ijodiy jihatdan bunday deyish umuman notoʼgʼri boʼlardi. Bitta epizodni keltirishning oʼzi kifoya — kompozitorning ijodiy yutuqlari yuksak boʼlgan. Kar boʼlishiga qaramasdan, «Toʼqqizinchi simfoniya»ni qiyomiga yetkazib ijro etdi. Аna shu ajoyib kunda muxlislar uni gulduros qarsaklar bilan olqishlashdi, guldastalarga koʼmib tashladilar. Oʼshanda teatr tarixida birinchi marta kontsert zalida tartib oʼrnatish, muxlislarni tinchitish uchun venalik politsiyachilarni chaqirishga toʼgʼri kelgandi. Bunday katta natijaga erishganidan Betxovenning oʼzi ham cheksiz baxtiyor edi. Balki ulkan muvaffaqiyatlariga guvoh boʼlish uchun ham u yashashda davom etgandir. Lyudvig van Betxoven taqdirning turfa zarbalariga oʼz iqtidori bilan munosib javob qaytara oldi. Karlikni yengib, barcha kuyunchak qalb egalarini oʼz shaydosiga aylantirishdan ortiq baxt yoʼq edi uning uchun.
Do'stlaringiz bilan baham: |