218-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish muddati Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) apellatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilingan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi.
Alohida hollarda apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish muddati sud raisi tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
219-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha:
1) sudning hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
3) hal qiluv qarorini o‘zgartirishga;
4) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga;
5) ushbu Kodeks 220-moddasi to‘rtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga haqli.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 220-moddasi. 220-modda. Hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar Hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
1) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Moddiy huquq normalarining buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang. 1) qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonunning yoki boshqa qonunchilik hujjatining qo‘llanilmaganligi;
2) qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan qonunning yoki boshqa qonunchilik hujjatining qo‘llanilganligi;
3) qonunning yoki boshqa qonunchilik hujjatining noto‘g‘ri talqin qilinganligi.
(220-modda ikkinchi qismining 1 — 3-bandlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi, agar bu noto‘g‘ri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan bo‘lsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoxud bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Quyidagi protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi har qanday holda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos bo‘ladi:
1) ish sud tomonidan noqonuniy tarkibda ko‘rilganligi;
2) ishning ishda ishtirok etuvchi, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir shaxs yo‘qligida ko‘rilganligi;
3) sud ishi yuritilayotgan til to‘g‘risidagi qoidalar ishni ko‘rish chog‘ida buzilganligi;
4) ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;
5) hal qiluv qarorining sudya yoki, agar ish sudyalar hay’ati tarkibida ko‘rilgan bo‘lsa, sudyalarning biri tomonidan imzolanmaganligi yoxud hal qiluv qarorida ko‘rsatilganidan boshqa sudyalar tomonidan imzolanganligi;
6) ishda sud majlisi bayonnomasining mavjud emasligi, uning imzolanmaganligi yoki ushbu Kodeks 176-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilganidan boshqa shaxslar tomonidan imzolanganligi yoxud, agar sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilgan bo‘lsa, audio- va videoyozuvning elektron yoki boshqa tashuvchilari sud majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yilmaganligi;
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 176-moddasi. 7) bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi;
8) sudyalar maslahatining sir saqlanishi to‘g‘risidagi qoidaning buzilganligi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 68, 156, 200, 201, 207, 215, 218-moddalari.