21-bob. Sud bayonnomasi
175-modda. Bayonnomaning mazmuni
Sud majlisi chog‘ida, shuningdek sud majlisi zalidan tashqarida ayrim protsessual harakatlar bajarilganda bayonnoma yuritiladi.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
1) sud majlisi o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy;
2) ishni ko‘rayotgan sudning nomi, sud tarkibi va sud majlisining kotibi;
3) ishning nomi va raqami;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud protsessining boshqa ishtirokchilariga sud tomonidan ularning protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
6) sud tomonidan alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan joyida chiqarilgan ajrimlar;
7) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning og‘zaki arzlari va iltimosnomalari;
8) ishni ko‘rish chog‘ida sudga taqdim etilgan barcha yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari haqidagi ma’lumotlar;
9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning o‘z xulosalarini og‘zaki tushuntirishlari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), ashyoviy va yozma dalillarning ko‘zdan kechirilganligi, olib qo‘yilganligi, sxemalar tuzilganligi, video va fototasvirga olinganligi haqidagi ma’lumotlar;
10) alohida protsessual harakatlarni amalga oshirish chog‘ida olingan ma’lumotlar;
11) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;
12) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori o‘qib eshittirilganligi haqidagi ma’lumotlar.
Sud majlisi bayonnomasida boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida faqat mazkur modda ikkinchi qismining 1 — 4, 6 — 8, 11-bandlarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan yozuv kiritiladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar bergan tushuntirishlarning boshlangan va tugagan vaqti, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning o‘z xulosalari yuzasidan bergan og‘zaki tushuntirishlari, muzokaralar va prokurorning fikri aks ettiriladi, shuningdek sud majlisini yozib olishning texnik vositalaridan foydalanilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar sud majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yiladi.
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilganlardan tashqari quyidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi kerak:
sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashgan sudning nomi haqidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari to‘g‘risidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudning hamda ishni ko‘rayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xodimlari haqidagi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeks 6-moddasi to‘rtinchi qismi, 49-moddasi, 63-moddasi ikkinchi, uchinchi qismlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |