8-bob. Ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki himoya choralari 92-modda. Dastlabki himoya choralarini ko‘rish asoslari Ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga ko‘ra sud, agar:
1) ma’muriy ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar arizachining yoki manfaatida ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud bo‘lsa;
2) arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini bunday choralar ko‘rmay turib, himoya qilish mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa dastlabki himoya choralarini ko‘rishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 93 — 98-moddalari. 93-modda. Dastlabki himoya choralari Quyidagilar dastlabki himoya choralari bo‘lishi mumkin:
1) javobgarga muayyan harakatlarni amalga oshirishni taqiqlash;
2) boshqa shaxslarga nizo predmetiga taalluqli bo‘lgan muayyan harakatlarni amalga oshirishni taqiqlash;
3) mol-mulkni realizatsiya qilishni to‘xtatib turish;
4) ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining nizolashilayotgan hujjati ijrosini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish.
Sud tomonidan bir vaqtning o‘zida bir nechta dastlabki himoya choralari ko‘rilishi mumkin.
Dastlabki himoya choralari arz qilingan talabga mos bo‘lishi kerak.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 92, 94 — 98-moddalari. 94-modda. Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza sudga ariza (shikoyat) bilan bir vaqtda yoki ish yuritish jarayonida berilishi mumkin.
Dastlabki himoya to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) taraflarning nomlari (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan eri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
3) talab predmeti;
4) dastlabki himoya chorasini ko‘rish zarurligining asoslantirilganligi;
5) arizachi ko‘rishni so‘rayotgan dastlabki himoya chorasining turi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Arizada boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Vakil tomonidan imzolangan arizaga ishonchnoma yoki uning arizani imzolashga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi iltimosnoma arizada (shikoyatda) bayon etilishi mumkin.
Agar dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi iltimosnoma arizada (shikoyatda) bayon etilsa, mazkur iltimosnomada ushbu modda ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.