Suyuqlikni faqat soz taralarda saqlashga ruxsat etiladi. To’kilgan suyuqlik darhol tozalanishi lozim. Idishda saqlanadigan neft mahsulotlari uchun mo’ljallangan ochiq maydonchalar tuproq devori yoki balandligi 0.5 m dan kam bo’lmagan maydonchaga o’tish uchun panduslari mavjud yonmaydigan yaxlit devor bilan o’ralgan bo’lishi lozim. Maydoncha ustiga yonmaydigan materialdan bostirmalar o’rnatishga ruxsat etiladi. Neft mahsulotlarini quyish, shuningdek, o’ramlash materiali va idishlarni, saqlash joylarida hamda uyumlangan maydonlarda bevosita saqlashga ruxsat etilmaydi. Oson alangalanuvchi va yonuvchan suyuqliklarni saqlash ob’yektlarini yong’in vaqtida issiqlikdan himoyalash uchun ko’chma himoyalovchi ekranlar bilan jihozlash lozim. Rezervuar parklari hududi hamda tarada saqlanadigan suyuqliklar uchun mo’ljallangan ochiq maydonchalar toza saqlanishi, yonuvchi axlat va to’kilgan suyuqliklardan tozalanishi lozim. Rezervuarlarning tuproqli marzalari va to’siqli qurilmalari har doim soz holatda bo’lishi lozim. Marzalar ichidagi maydonlar tekislangan bo’lishi lozim. Uyumlar va o’tish ko’prikchalarining buzilgan joylarini darhol bartaraf etish lozim. Rezervuarlardan foydalanish jarayonida havo olish klapanlari va alanga to’suvchilarning sozligi bo’yicha doimiy ravishda nazorat amalga oshirilishi lozim. Havo harorati noldan yuqori bo’lganda alanga to’suvchilar oyiga bir marta, havo harorati noldan pasayganda esa ikki marta tekshiruvdan o’tkazilishi lozim. Rezervuarlarni ko’rikdan o’tkazish, namuna olish, suyuqlik sathini o’lchash vaqtida urganda uchqun chiqarmaydigan moslamalardan foydalanish lozim. Xizmat ko’rsatish xodimlari neft mahsulotli rezervuarlarni ko’rikdan o’tkazishda, shuningdek, neft mahsulotlarini o’lchash va namuna olishda mix va po’lat qoplamasiz oyoq kiyimda bajarishlari lozim. Havo olish armaturalari ko’rikdan o’tkazilganda to’r va klapanlari muzdan tozalanishi, gidravlik klapanlarda yog’ning sathi va miqdori tekshirilishi lozim. Havo olish armaturalari muzlaganda ularni eritish bug’ bilan amalga oshiriladi. Havo olish klapanlarini muzlamaydigan tarelkalari bilan qo’llash lozim. Gidravlik saqlash klapani faqat bug’lanishi qiyin bo’lgan va muzlamaydigan suyuqlik bilan to’ldirilishi lozim, suyuqlik yiliga bir-ikki marotaba almashtirilishi, klapan tashlangandan so’ng darhol suyuqlik bilan to’ldirilishi lozim. Rezervuarlarni yashinning to’g’ri urilishidan va elektr tokidan ishonchli himoya qilish maqsadida yiliga bir marta yerga ulash moslamasi va yashin qaytargichlar sozligi va om qarshilik ko’rsatishi nazorat qilinishi lozim (yozda yer quruq vaqtda).