Reja:
1. Yonish-portlash xavfi mavjud modda va materiallarning xossalari
2. Yonuvchan suyuqliklarni saqlash va foydalanishda yong’in xavfsizligi talablari.
3. Yuqori bosim ostidagi gaz ballonlarini ishlatishda yong’in xavfsizligi talablari.
4. Modda va materiallarni saqlash hamda yong’in xavfi bo’lgan ishlarni bajarishda yong’in xavfsizligi choralari.
Yonish-portlash xavfi mavjud modda va materiallarning xossalari. Yonuvchan suyuqliklarni saqlash va foydalanishda yong’in xavfsizligi talablari. Yuqori bosim ostidagi gaz ballonlarini ishlatishda yong’in xavfsizligi talablari. Modda va materiallarni saqlash hamda yong’in xavfi bo’lgan ishlarni bajarishda yong’in xavfsizligi choralari.
1.Yonish-portlash xavfi mavjud modda va materiallarning xossalari.
Yong’in xavfi tushunchasi faqatgina moddalarning yonishga moyilligidan emas, balki ana shu modda (material, ob’yekt) joylashgan tashqi muhitning holatidan xam kelib chiqib belgilanadi. Yong’in xavfi nafaqat moddaning alangalanishi bilan, balki yonish jarayoni va yonish bilan birga kechadigan hodisalar (tutun, zaharlilik) jadalligi va nihoyat ushbu jarayonning to’xtash ehtimoliga ham qarab aniqlanadi. Yong’in xavfi darajasini baholash uchun mazkur jarayonlarning miqdoriy ko’rsatkichlari zarur. Ammo miqdoriy ko’rsatkichlarni aniqlashda ular barqaror bo’lmaganligi sababli ayrim muammolar yuzaga keladi. Ular yonuvchi moddaning tabiati, uning agregat holati, oksidlovchi va yonuvchan moddaning konsentratsiyasi, harorat, issiqlik ajralishi va issiqlik olib ketilishi shartlariga va boshqalarga bog’liq bo’ladi. Aksariyat hollarda yonish xususiyatlariga hal etuvchi ta’sirni asosan fizik jarayon va hodisalar o’tkazadi: issiqlik va massa uzatish jarayonlari, yonuvchan ob’yektlarning fazoviy joylashuvi va geometriyasi, aerodinamik shart-sharoitlar, yondirish manbai energiyasi va uning ta’sir vaqti. Sanab o’tilgan, alangalanish va yonish ko’rsatkichlariga ta’sir o’tkazadigan shart-sharoitlar yong’in xavfini baholashning ko’pgina uslublarining mavjudligiga sabab bo’ladi.
Moddalarning yong’in xavfini qandaydir bitta ko’rsatkich bilan tavsiflab bo’lmaydi. Buning uchun yonish jarayoni rivojlanishining turli bosqichlaridagi moddalarning portlash va yonish xavfining ma’lum bir ko’rsatkichlarini hisobga olish zarur bo’ladi. Bu ko’rsatkichlarning soni, moddaning agregat holatiga ham bog’liqdir.
Tashqi omillarning barcha o’zgarishlar va kombinatsiyalarini hisobga olish imkoni bo’lmaganligi sababli, hozirgi vaqtda qabul qilingan yong’in xavfi xususiyatlarini baholash tizimi aynan normal sharoitlar uchun aniqlanadigan yonuvchi mahsulotlar, oksidlovchi muhit va yong’in o’chirish vositalari xususiyatlarini tavsiflovchi ko’rsatkichlar bo’yicha bir shaklga keltirilgan. Boshqa sharoitlarda masalan harorat, bosimning yuqoriligida yong’in xavfining aynan shu ko’rsatkichlari boshlang’ich shartlar bo’yicha berilgan eksperimental va hisob uslublarini inobatga olgan holda qo’shimcha baholanadi.
Yong’in xavfining u yoki bu ko’rsatkichini aniqlash bo’yicha mavjud bo’lgan har qanday uslub yong’in xavfiga ta’sir etuvchi faqat ayrim ko’rsatkichlar ta’sirini inobatga olish imkonini beradi. Shuning uchun uni aniqlash uslublari bir qancha bo’ladi.
Misol tariqasida alangalanishning konsentratsion chegaralarini, yopiq va ochiq turdagi qurilmalarda chaqnash haroratini aniqlash, o’z-o’zidan alangalanish haroratini topishning turli usullari va boshqalar xizmat qiladi. Boshqa uslublarda haqiqiy tashqi sharoitlardan qat’iy nazar yong’in xavfi ko’rsatkichlari (masalan, kalorimetrik o’lchashlar) baholanadi.
Yong’in xavfi haqida batafsil tasavvurni tabiiy yirik masshtabli tadqiqotlar berishi mumkin. Lekin ular ham alangalanish yoki yonishda material bo’lishi mumkin bo’lgan turli-tuman holatlarning barchasini aks ettirmaydi.
Yong’in xavfi bo’yicha umumiy ko’rsatkich sifatida agregat holatidan qat’iy nazar material va moddalarning yonuvchanligini olish mumkin. Ushbu ko’rsatkichga asoslanib barcha materiallarni (moddalarni) uch guruhga ajratish mumkin: yonmaydigan, yonuvchan, qiyin yonuvchan. Bu ko’rsatkich sifat va miqdoriy jihatdan tavsiflanadi. Sifat jihatdan sinflanish yondirish manbai ta’sirida va u olingandan so’ng yonishga moyilligiga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |