1.2 Xorazmshohlar davrida hokimiyat va boshqaruv
Xorazmshohlar davlati mutlaq yakka hokimlik shaklida idora etila-digan davlat edi. Uning tepasida «shoh» turgan. Muhammad Xorazmshoh o'zini «Iskandari soniy» («Ikkinchi Iskandar»), «Xudoning yerdagi soyasi» deb atashgacha borib yetadi. Biroq, aslida esa uning saltanati «usti yaltirog'u ichi qaltiroq» edi. Buning asosiy sababi shundaki, birinchidan, oliy hokimiyat chuqur ziddiyatga botgan edi. Hukmdor bilan uning hokimiyatparast, katta siyosat mavqeyiga ega bo'lgan onasi Turkon xotin va lining turkiy zodagonlardan iborat muxolifatchi kuchlari o'rtasidagi ixtiloflar kuchayadi. Ikkinchi tomondan, markaziy hokimiyat tizimi bilan mahalliy hokimlar, beklar o'rtasidagi qarama-qarshiliklar, ularning o'zboshimcha xatti-harakatlarining kuchayib borayotganligi saltanatni inqirozga duchor etmoqda edi. Buning ustiga hukmron tizimdan norozi bo'lgan keng ommaning g'alayonlari tobora faollashib bordi. 1206-1207-yillarda Buxoroda yuz bergan Malik Sanjar boshchiligidagi, 1211-yilda Samarqandda ko'tarilgan kuchli xalq qo'zg'olonlari Xorazmshohlar davlatining kuchli bo'hronga yo'liqqanligidan dalolat beradi.
Xorazmshohlarning markaziy davlat boshqaruvi «al-majlis ul oliy al faxri at-toji» deb nomlangan bo'lib, unga vazir raislik qilgan. Vazir Xorazmshohga bevosita bo'ysunar va hukmdorning bosh maslahatchisi edi. Vaziming davlatdagi mavqeyi ancha yuqori edi.
U ashob ad-davovin, ya'ni devon amaldorlarining boshlig'i hisoblangan, yuqori mansab sohiblarini ishga tayinlash va bo'shatish bilan shug'ullangan, davlat amaldorlariga nafaqa (arzak) belgilash, davlat amaldorlarini hayot uchun zaruriy ozuqa va ashyolar bilan ta'minlashni belgilash, soliq va xazinani nazorat qilish, hukmdorni xalqaro aloqalar, rasmiy marosimlarda rasmiy ravishda tanishtirish harada raiyat bilan munosabatlarda vositachilik qilish, hukmdorga muntazam hamrohlik qilish, ba'zi paytlarda qo'shin yuborish va ularga boshchilik qilish vazifalarini amalga oshirgan.
Vazirlarda sadr, dastur, xojayi buzurg singari unvonlar bo'lgan. Ularning asosan arab-fors amaldorlari muhitidan to'plangan va arab hamda fors tili, ma'muriy ishdagi qobiliyatlarga, saroy odobi singari bilimlarga ega bo'lishligi hal qiluvchi rol o'ynagan. Xorazmshohlar davlatining vazirlari asosan Xorazm, Buxoro, Nishopur, Isfaxon, Balx, Hirotdan chiqqan shaxslar Do'lgan. Xorazm davlatiga qarashli viloyatlarning ma'muriy boshqaruvida ham vazirlar bo'lgan. Ba'zan shaharlarda vazirlar tayinlangan bo'lib, ular ,. p'sha madaniy va iqtisodiy markazning yagona hokimi ham edilar.
Xorazmshohlar davlatida, uning boshqaruv tashkilotida yana quyidagi mansab va lavozimlar mavjud edi:
- hojib ul-kabir - hukmdor shaxsi bilan bog'liq masalalar, marosim-larning nazorati bilan aloqador ishlarga javobgar edi. U sultonning eng zarur topshiriqlarini bajargan hamda hukmdorga doimiy ravishda hamrohlik qilgan. U vazirlik devonining daftarlari, undagi yozuvlar, arxivlar, moliya sohasidagi kotiblar va amaldorlarning xatti-harakatini nazorat qilgan. Hojib ul-kabir bilan bir qatorda hojib ul-xos ham tilga olinadi;
- ustozdor - barcha xo'jalik ishlari: otxona, oshxona, novvoy, saroy xizmatkorlari ustidan idora ishlarini amalga oshirgan saroy a'yoni. U bundan tashqari, saroyning barcha chiqimlarini amalga oshirardi, mamlakat xazinasi va boyliklarining ma'lum qismiga egalik qilar edi. Shu pul hisobidan novvoy, oshpaz, otboqar va boshqa saroy ishlari hamda yumushlariga sarflar edi. Xazinadan chiqadigan sarf-xarajatlar uchun shohga hisobot berib turar edi;
- amir-oxur - otxona boshlig'i lavozimi, sultonga qarashli minib yuriladigan otlarga egalik qilgan. Miroxurlar harbiy yurishlarda faol ishtirok etganlar;
- amir shikor - sultonning ov ishlari boshlig'i;
- tashtdor - sultonning yuvinish ishlarida zarur bo'lgan ashyo va narsalarni saqlovchi shaxs. Uning qo'l ostida g'ulomlar bo'lgan. Sultonning ayrim yashirin amallari borligi uchun ham tashtdor unga eng yaqin kishi hisoblanar edi. Tashtdorlar malik unvoni sohibi ham bo'lishgan. Ayrimlari hatto o'n ming askarlarga boshchilik qilib, harbiy yurishlarda qatnashganlar;
- sharobdor - sulton sharobxonasining boshlig'i. Sharobxonada turli xildagi sharoblar bo'lgan. Sharobdorlar amirlar orasidan tayinlangan;
- qissador - saroy a'yoni bo'lib, hafta mobaynida sultonga kelgan iltimosnoma va shikoyatlarni jamlab, ularni juma kuni hukmdorga topshirgan va so'ngra javobini zulm ko'rganlarga yetkazgan;
- choshnigir - bu ko'p hollarda bakovulning sinonimi, ya'ni sultonga uzatilajak taomni sinab ko'rgan;
- davotdor - sultonning kotibi;
- farrosh - farroshxona boshlig'i. Sultonga tegishli ko'rpa-to'shaklar, gilamlar, poyondozlar sohibi;
- amir al-a'lam (alamdor) - sulton tug'ining sohibi.
Sud vazifasini qozilar, qozi askar - harbiy qozi, mirshabchilik va jazolash vazifalarini shixna deb ataluvchi mansabdorlar bajargan. Bu mansablarga turk harbiy boshliqlari, amirlar tayinlangan. Ular hokimiyatga xavf tug'diruvchi barcha ishlarga aralashishlari mumkin bo'lgan. Xorazmshohlar davlati juda katta harbiy kuchga va harbiy xo'jalikka tayangan davlat edi. Turli manbalarda ular armiyasining soni turlicha ko'rsatilishidan kelib chiqib, uning o'rtacha soni 400-600 minggacha bo'lgan deb hisoblash mumkin.
Armiya otliq askarlar, piyodalar, urush vaqtida xalqdan chaqiriladigan olomon (himoyachilar), sultonning shaxsiy qo'riqchilari (gvardiyasi) -xaros, armiya qismlariga xabarlar yetkazib turuvchi qismlar - chovush va dushman qo'shinlarining holatini kuzatib, ma'lumot beruvchi josuslar va boshqalardan iborat edi.
Harbiy boshqaruv maxsus davlat idora organi, harbiy nozirlik - devon al-ard (yoki devon al-joyish) deb atalib, u harbiylarning maoshi (non, pul), ularga beriladigan yerlar, to'lovlar, qurollar, harbiylarni ro'yxatga olish, ular ta'minotini nazorat qilib turishlarini o'z ichiga olar edi. Qo'shinlar qo'mondoni qoid yoki muqaddam deb atalgan.
Qo'shin amirlari xizmatlari evaziga iqta olganlar, ular ustidan amir ul-umaro, ya'ni amirlar amiri tayinlangan. O'nlik otliq askarga qo'mondonlik qilgan kishiga «malik» unvoni, urushlarda jasorat j^o'rsatgan maliklarga esa «xon» unvoni berilgan.
Xorazmshohlar davlatida huquqning asosiy manbayi shariat bo'lgan. XII-XIII asrlarda tashkil topgan Xorazm fiqh maktabi vakillarining asarlari ham shundan dalolat beradi. Bu maktab namoyandalarining ishlari asosan shariat manbalarini sharhlashga bag'ishlangan. Masalan, XII asrning birinchi yarmida yashab o'tgan Najmiddin Abu Ya'qub Yusuf bin Ahmad al-Xorazmiyning «Fatvoyi sag'ir» («Kichik fatvolar to'plami») nomli asarida islom huquqshunosligi masalalari chuqur tahlil etilgan.
Xorazmshohlar davlatida odat huquqi ham amalda bo'lgan. Davlat va armiya hamda qisman oila, nikoh munosabatlari odat huquqi bilan tartibga solingan.
Xorazmshohlar davlati va huquqi tarixini o'rganishda bizgacha yetib kelgan o'sha davrdagi ish yuritish hujjatlari majmuasidan iborat bo'lgan «at-Tarassul» to'plami ham ahamiyatga ega.
Xorazmshohlar davlatida nikoh-oila, meros, jinoyat- va jazo, sud ishlarini ko'rib hal qilish masalalari shariatga binoan tartibga solingan. Shuningdek, ba'zan odat huquqi ham qo'llanilgan bo'lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |