Bog'liq PUL-KREDIT SIYOSATI VA ULARDAN FOYDALANISH AMALIYOTI TAHLILI
Aktiv narxlari kanalining inflyatsiya darajasiga ta’siri pul-kredit siyosatining o’zgarishi natijasida aktivlar narxlarining o’zgarishi tufayli kuzatiladi.
Xususan, mazkur kanal samarali amal qilgan sharoitda pul-kredit shartlarining yengillashtirilishi hisobiga davlat qarz majburiyatlari bo’yicha foiz stavkasining pasayishi moliyaviy resurslarning daromadliligi yuqoriroq bo’lgan muqobil aktivlarga qayta yo’naltirishga olib keladi. Natijada muqobil aktivlarning narxi va bunga mos ravishda inflyatsiya darajasining oshishi kuzatiladi.
Ta’kidlash joizki, davlat obligatsiyalari, kapital va ko’chmas mulk bozorlarining rivojlanganlik darajasi va samarali faoliyati, o’z navbatida, mazkur kanal ta’sirchanligini belgilaydigan asosiy omillardan hisoblanadi.
Bunda markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarining samaradorlik darajasi mazkur siyosatdagi o’zgarishlarning (qisqa muddatli foiz stavkalari, rezerv pullar) boshqa soha va tarmoqlarga ta’siri hususiyati, tezligi va intensivligi orqali belgilanadi.
Umuman olganda, o’tkazish kanallarining amal qilishi bank va moliya sohasidagi raqobat muhiti, muqobil moliyalashtirish manbalarining mavjudligi, moliyaviy bozorlarning rivojlanganlik darajasi va samaradorligi, moliyaviy vositachilik hizmatlarining sifati va qamrovi, valyuta kursi rejimi, kapitallar harakati, investitsiya uchun xavfsiz moliyaviy instrumentlarning mavjudligi kabi bir qator omillarga bog’liq.
Inflyatsion targetlash rejimiga o’tish bozor mexanizmlari asosida erkin shakllanadigan suzib yuruvchi valyuta kursining amal qilishini talab etadi.
Bunda, Markaziy bankning valyuta siyosati va intervensiya strategiyasining aniq belgilab olinishi, shaffoflikning ta’minlanishi hamda qabul qilinayotgan qarorlarni valyuta bozori ishtirokchilari tomonidan to’liq tushunilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan, ichki valyuta bozorini erkinlashtirishda milliy valyuta ayriboshlash kursining shakllanishida bozor sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning davom ettirilishi Markaziy bankning mazkur yo’nalishdagi ustuvor vazifasi bo’lib qoladi.
Ushbu maqsadda Markaziy bankning valyuta kurslari shakllanish jarayoniga aralashuvini kamaytirib borish, valyuta intervensiyasi strategiyasini erkin suzib yuruvchi valyuta kursi tamoyillari asosida takomillashtirish hamda iqtisodiyot subyektlari va valyuta bozori ishtirokchilarini yangi sharoitlarda ishlashga tayyorlab borish ko’zda tutilmoqda.
O’rta muddatli davrda Markaziy bank intervensiyalarining valyuta kursi shakllanishiga yuqori darajada ta’sir ko’rsatishining oldini olish maqsadida keying davrlarda amalga oshiriladigan intervensiyalar neytral xususiyatga ega bo’ladi.
Xalqaro amaliyotda valyuta bozorida almashuv kursining erkin o’rnatilishida Markaziy bankning minimal ishtiroki talab etiladi. Bunda faqatgina inqirozli vaziyatlar yuzaga kelgandagina valyuta kursining keskin tebranishlarini oldini olish va valyuta bozorini barqarorlashtirish maqsadida Markaziy bank intervensiyasini amalga oshiradi. Biroq O’zbekiston sharoitida Markaziy bankning valyuta bozorida muntazam ishtirok etish zaruriyati Markaziy bank tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan monetar oltin va boshqa qimmatbaho metallarni bevosita sotib olinishi bilan izohlanadi.
Qimmatbaho metallarning bevosita Markaziy bank tomonidan sotib olinishi milliy valyutadagi mablag’larning to’g’ridan-to’g’ri iqtisodiyotga tushishiga va inflyatsion xatarlar oshishiga olib keladi. Ayni vaqtda qimmatbaho metallarni sotishdan tushadigan valyuta mablag’lari esa ichki valyuta bozoriga tushmaydi.
Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallarning to’g’ridan-to’g’ri xarid qilishining salbiy ta’sirini oldini olish va valyuta bozori muvozatliligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank valyuta bozorida tegishli miqdorlarda xorijiy valyutaning muntazam sotuvini amalga oshirib boradi.
Xalqaro amaliyotda ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallarni xarid qilish va valyuta tushumlarini ichki valyuta bozorida sotish borasidagi to’laqonli va samarali vositachilik funksiyasini Markaziy bank tomonidan bajarilishi to’g’ridan-to’g’ri intervensiya hisoblanmaydi.
Bunda Markaziy bank tomonidan xorijiy valyutaning sotilishi faqatgina vositachilik xususiyatiga ega bo’lib, Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki almashuv kursini boshqarish maqsadini ko’zlamaydi hamda klassik ma’nodagi intervensiya deb hisoblanmaydi.
Bugungi kunda aholining inflyatsion kutilmalari ko’p jihatdan valyuta bozoridagi almashuv kursining dinamikasi bilan bog’liqligini inobatga olgan holda, qisqa muddatli davrda milliy valyuta kursining barqarorligini taa’minlash pul-kredit siyosatining muhim vazifalaridan hisoblanadi.