O‘zbekiston Kompartiyasi MQ ning 1989-yil 23-iyun kuni bo‘lib o‘tgan XIV plenumida Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi etib tayinlandi. Islom Karimov ishga kirishgan kunning ertasigayoq – 24 iyun kuni O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetida katta majlis o‘tkazdi va unda ma’ruza qildi. Islom Karimov O‘zbekistonda vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va uning sabablarini chuqur tahlil qilib achchiq va haqqoniy bir xulosaga keladi. «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi», – degan edi u.
I.A.Karimov boshliq yangi rahbariyat tomonidan o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglash kuchayib borayotganligi birinchi bor e’tirof yetildi. Xalqning shon-shuhrati, qadr-qimmatini himoya qilish, milliy mustaqillikka erishish tomon yo‘l boshladi.
Respublikada kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarida milliy manfaatdorlik ustuvorligi ta’minlandi. Markazdan yuborilgan «kadrlar desanti» o‘z mavqeyini yo‘qotdi. Anishev, Ogarek, Satin va boshqa «kazo-kazolar» respublikadan chiqarib yuborildi. Mahalliy kadrlar rahbarlik lavozimilariga ko‘tarildi.
Kadrlar siyosatidagi jiddiy ijobiy o‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, endi O‘zbekiston partiya, sovet, davlat, huquqni himoya qilish organlarining boshliqlarini Moskva orqali hal qilish, Moskva belgilagan xodimlarni ko‘tarish amaliyotiga chek qo‘yildi. Bu masalalarni hal qilishni Respublika rahbariyati o‘z qo‘liga oldi. Oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talantli yoshlar uchun maxsus stipendiyalar belgilash, xorijiy davlatlarda o‘qish uchun davlat hisobidan yordam berish masalalarni ilgari surdi. Bu vaziyatni teran anglagan rahbarning jasorati bo‘lib, siyosiy mutelikdan qutilish, mustaqillik tomon tashlangan muhim qadam bo‘ldi. To‘qib chiqarilgan «o‘zbek ishi», «paxta ishi»ning tamomila sharmandasi chiqdi. Bu bilan bog‘liq ishlar qayta ko‘rilib, aybsiz qamalgan minglab odamlar oqlandi, o‘z oilasiga qaytdi, adolat tiklandi.
O‘zbek tili – davlat tili. Respublika jamoatchiligi tomonidan allaqachon o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi ko‘tarilgan edi. O‘zbekistonning sobiq rahbariyati bu masalaga millatchilik, mahalliychilik deb qarardi. O‘zbekistonning yangi rahbariyati jamoatchilik fikrini inobatga oldi, masalani bosiqlik bilan hal qilish yo‘lini tanladi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1989 yil 21 oktyabrda bo‘lgan o‘n birinchi sessiyasida «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida» Qonun qabul qilindi. Qonunda: «O‘zbekistonning davlat tili o‘zbek tilidir, o‘zbek tili Respublikaning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida to‘liq amal qiladi», – deb belgilab qo‘yildi. 1990-yil 19-fevralda «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunni amalga oshirish davlat dasturi qabul qilindi. Qonun va davlat dasturiga binoan, mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, korxonalar va davlat muassasalarida ish yuritish rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tkazila boshladi. Bu qonunning qabul qilinishi va uning amalga oshirila boshlanishi respublika ijtimoiy hayotida katta tarixiy voqea bo‘lib, mustaqillik sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini xolisona tahlil etish, baholash va ko‘tarishga qaratilgan dastlabki sa’y-harakatlar qilindi. Qishloq aholisiga shaxsiy tomorqa uchun yer ajratildi. Yerga muhtoj 381 ming oilaga tomorqa yerlari berildi, 372 ming oila o‘z tomorqalarini kengaytirib oldi. Shu maqsadlar uchun jami 150 ming gektar yer ajratildi. Respublikada «Ish bilan ta’minlash» dasturi ishlab chiqildi. Ana shu dasturga binoan 1990-yilda 300 ming kishi, asosan yoshlar ish bilan ta’minlandi. Aholining kam daromadli qismini ijtimoiy jihatdan himoyalash uchun 1990-yilda budjetdan va korxonalar hisobidan 142 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.
Prezident lavozimining ta’sis etilishi. 1990-yil 18-fevralda O‘zbekiston Oliy
Sovetiga saylov bo‘ldi. Bu saylov ning yangiligi shundan iborat bo‘ldiki, oldingi saylovlarda bir deputatlik o‘rniga bitta nomzod ko‘rsatilgan bo‘lsa, mazkur saylovda 500 saylov okrugining 326 tasida muqobil nomzodlar ko‘rsatildi.
1990-yil 24–31-mart kunlari Toshkentda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining I sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 24-mart kuni sessiya SSSR tarkibidagi respublikalar orasida birinchi bo‘lib «O‘zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida» Qonun qabul qildi. 1990-yil 24-mart kuni Oliy Sovet sessiyasida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi. Ana shu sessiyada I. Karimov nutq so‘zlab, O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligini, o‘zini-o‘zi idora qilishga va o‘zini-o‘zi pul bilan ta’minlashga o‘tishni ta’minlashni o‘zining asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi. SSSR va Markaziy hokimiyat mavjud bo‘lgan sharoitdayoq O‘zbekistonda Prezident saylanishi muhim voqea bo‘ldi, mamlakatimiz mustaqilligiga erishish sari tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ldi.
Mustaqillik Deklarasiyasi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining II sessiyasi 1990-yil 20-iyun kuni «Mustaqillik Deklarasiyasi»ni qabul qildi. Deklaratsiyada har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya tamoyil lariga asoslanib O‘zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi. Mustaqillik Deklarasiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, quyidagilar bayon etilgan:
• O‘zbekiston SSR davlat suvereniteti;
• O‘zbekiston SSR demokratik davlatining o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligi;
• O‘zbekiston SSR davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib o‘zgartirilishi mumkin emas. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitusiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangandan keyingina O‘zbekiston hududida kuchga yega bo‘ladi;
• O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi va hokazolar.
O‘zbekiston mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklarasiya muhim tarixiy hujjat bo‘lib, mamlakatimizning o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish yo‘lida yana bir yangi qadam bo‘ldi.
2. Sovet imperiyasining tanazzulga yuz tutishi. Ittifoq shartnomasini yangilash talabi. Sobiq SSSR tarkibidagi respublikalar rasman teng va suveren deb yuritilsa-da, amalda qaram edi. Ular o‘z yerlari, suvlari, o‘rmonlari va yer osti boyliklariga, ko‘pdan ko‘p korxonalariga o‘zlari egalik qilolmas edilar. 80-yillarning oxirlari 90-yillarning boshlarida ko‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o‘zgartirish talablarini ilgari sura boshladilar.
O‘zbekiston Respublikasining rahbari I. Karimov 1989-yil 20-sentabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan KPSS MQning plenumida so‘zlagan nutqida, respublikalar bilan SSSR o‘rtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qo‘yishni ko‘zda tutadigan yangi federativ shartnoma ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib: «Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o‘zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo‘yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz», – degan edi.
Biroq markaziy hokimiyat respublikalarga erkinlik berish haqidagi talab-takliflarni e’tiborga olmadi, to‘g‘rirog‘i ularga erkinlik berishni xohladi. Markazning qaysarligi hamda respublikalar jamoatchiligining ta’siri ostida markazdan ajralish harakati kuchayib bordi. 1990-yil bahorida Boltiqbo‘yi respublikalari Latviya, Litva, Estoniya, keyinroq Gruziya va Ozarbayjon SSSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. 1990-yil avgust oyida Ittifoqni yangilash dasturi ishlab chiqildi.
1991-yil fevral-mart oylarida Ittifoq Shartnomasi loyihasi ustida qayta ish olib borildi. Unda Boltiqbo‘yi respublikalari, Gruziya, Armaniston, Moldova vakillari qatnashmadi, Ozarbayjon kuzatuvchi bo‘lib qatnashdi. Ittifoq bilan respublikalar vakolatlarini farqlab qo‘yishga harakat qilindi. Nihoyat, Ittifoq va respublikalar vakolatlari belgilab berilgan shartnoma loyihasi matbuotda e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1991-yil 12-mart da bo‘lgan IV plenumida so‘zlagan nutqida: «Ittifoq Shartnomasini imzolash uchun ‘ng qulay payt qo‘ldan boy berib qo‘yildi. Ikki yil muqaddam bu masalani ko‘targan kishilarning ovoziga hech kim quloq solmadi. Markaz 1922-yildagi shartnomaga mahkam yopishib olib, oqilona takliflarni qabul etmadi, ishni paysalga soldi», – degan edi. Bu fikrning to‘g‘riligini hayot to‘la isbotladi.
Butunittifoq referendumi. SSSR Oliy Soveti Ittifoq Shartnomasini o‘zgartirish, SSSRni teng huquqli suveren Respublikalar Federasiyasi sifatida yangilash xususida xalqning fikrini bilish maqsadida 1991-yil 17-mart kuni Butunittifoq referendumini o‘tkazishga qaror qildi. 1991-yil 20-fevralda O‘zbekiston Oliy Kengashning Rayosati referendum o‘tkazishni ma’qulladi va SSSR Oliy Soveti tomonidan tayyorlangan byulleten bilan birga, yana bitta qo‘shimcha byulletenni ovozga qo‘yishga qaror qildi. Qo‘shimcha bulletenga «Siz O‘zbekistonning mustaqil, teng huquqli Respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federasiya) tarkibida qolishiga rozimisiz?» – degan savol qo‘yildi. Ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 93 foizi bu savolga «Ha» deb javob berdilar. Demak, o‘zbekistonliklar o‘z mamlakatini mustaqil davlat sifatida Federativ Ittifoqda bo‘lishini, O‘zbekistonning suveren Respublika sifatida rivojlanishini yoqlab ovoz bergan edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |