1. Faoliyatdan begonalashuv. 2. Faoliyat boshqaruvidan begonalashish. 3. Faoliyat natijalaridan begonalishish. Siyosiy begonalashish siyosiy hokimiyatdan begonalashishdan; madaniy begonalashish muloqatdan; ijtimoiy begonalashish insonlarning bir-biridan; psixologik begonalashuv o’z-o’zidan begonalashishdan iborat bo’ladi.
Begonalashuv jarayoni va tanazzul bir-birlariga bog’liq hodisalardir. Agar jamiyatda ishlab chiqarish sur`atlari keskin pasaysa, xo’jalik aloqalari uzilsa, pulning qadri tushib ketib, narxlar tez sur`atlarda oshib ketsa, boshqaruv tuzilmalari izdan chiqsa va siyosiy tangliklar vujudga kelsa, biz jamiyatning hamma sohalari tanazzulga uchragan, deb fikr yuritishimiz mumkin.
Bu chuqur tanazzul insonlarning kuchli begonalashuv olamiga salbiy ta`sir qilishi, ba`zi tartiblar kirgizishi aniq. O’z navbatida begonalashuv jarayoni qanchalik kengaysa, tanazzul ham shunchalik, chuqurlashib boraveradi. Masalan, iqtisodiy sohada ishlab chiqarish jarayonida mehnatning taqsimlanishi ro’y beradi. Bu esa taraqqiyot uchun qo’yilgan ulkan qadamdir. Lekin shu bilan birga ijtimoiy mulkchilikka asoslangan ijtimoiy munosabatlarning shunday bir turi - ishlab chiqarish munosabatlari shakllanadiki, uning asosida bevosita ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarish vositalaridan uzoqlashib, asta-sekinlik bilan o’z mehnati natijasidan begonalashib boradi. Endi bu ishlab chiqaruvchi shaxs uchun mehnat unumining ham qizig’i yo’q. Marksizm ta`limoti bo’yicha xususiy mulk ijtimoiylashtirilgach, ishlab chiqarish vositalariga endi bevosita ishlab chiqaruvchilar umumiy egalik qilishlari kerak edi. Lekin ijtimoiy amaliyotda esa buning aksi bo’lib chiqdi. Siyosiy hokimiyatni bosib olgan proletariat ishlab chiqarish vositalarini davlat mulkiga aylantirdi. Sotsialistik revolyutsiya mantig’iga ko’ra, bu tadbirlar begonalashuv jarayoni ildiziga bolta urushi kerak edi. Lekin 70 yillik tarix davomida bizga uqtirib kelingan ijtimoiy mulk davlat mulki edi. Bu mulk esa xususiy mulkning eng jirkanch, adolatsiz turi bo’lib chiqdi. Chunki davlat mulki o’zining real egasiga ega emas. U bir mavhum tushuncha edi. Mehnat kishisi esa yana mulkdan begonalashdi. Davlat mulki esa davlat apparatining xususiy mulkiga aylanib, bu nomenklaturani «yangi» sinfga aylantirdi. Bu salbiy jarayonlar natijasida ishlab chiqarish o’zining haqiqiy egasini topa olmadi.
Siyosiy jabhada ham siyosiy hokimiyatdan jamiyatning ko’pgina a`zolari begonalashtirildilar. Ya`ni, siyosiy hokimiyat xalq hokimiyati, umumxalq hokimiyati, deb e`lon qilingan bo’lsada, aslida u ma`lum bir guruhning - elitaning xususiy mulkiga aylandi. Buning asosida esa butun bir xalq davlat siyosiy hokimiyatdan begonalashdi va bu begonalashgan omma bilan nomenklatura orasida ulkan jarlik paydo bo’ldi. O’z navbatida bu jarayonlar siyosiy tanazzulga olib keldi va bu tanazzul tufayli tashqi dushman enga olmagan totalitar davlat o’z-o’zidan parchalanib ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |