1996-yilning 18-oktabr kuni.
Muborak juma tongi. Bu kun eng ezgu tilaklar,
orzu-umidlar ifoda etiladigan, Yaratganga shukronalar aytib, hayot qadri
e‟zozlanadigan muqaddas kun.
Shu muborak kun mamlakatimiz poytaxti qadimiy Toshkentning qoq markazidan
tong-saharda Qur‟on tilovati olis-olislarga taraldi. Ulug„ bobokalonimiz, buyuk davlat
arbobi va yengilmas sarkarda Amir Temur yodi xotirasiga atab Sharq milliy
me‟morchiligining noyob va mo„jizaviy namunasi sifatida bunyod etilgan –
Temuriylar tarixi davlat muzeyining tantanali ochilish marosimi ana shundan
boshlandi. Ming-minglab kishilar – toshkentliklar, mamlakatimizning barcha
viloyatlaridan kelgan mehmonlar, xorijiy elchixonalar va vakolatxonalarning vakillari
hozir bo„lishdi. Ulamoi kiromlarning fotihasi bilan qo„ylar so„yilib, qurbonlik qilindi.
Milliy udumlarimizga ko„ra Qur‟oni Karimdan oyatlar o„qildi, Sohibqiron ruhiga
duoi fotihalar qilindi. Bir necha ming kishilik dasturxonga osh tortildi. Mumtoz
qo„shiqlar ijro etildi.
Quyosh endigina uyg„onayotgan, tong yorishib shahardagi eng baland binolarning
peshtoqlari zarga o„ralayotgan bir paytda karnay-surnay sadolari butun shahar ahlini
bayramga chorlab, muzey ochilishiga bag„ishlangan tantanali miting boshlanishidan
darak berdi. Mitingni Toshkent shahar hokimi Kozim To„laganov ochdi. Prezident
Islom Karimov yig„ilganlar oldida katta nutq so„zladi. Mamlakatimiz rahbari
muhtasham muzeyning qisqa vaqtda qurib bitkazilgani va noyob tarixiy eksponatlar
bilan jihozlangani bobokalonimizga bo„lgan hurmat va ehtirom ramzi, madaniy
hayotimizdagi ulkan voqea ekanligini aytib, «Mamlakatimiz istiqlolga erishgach Amir
Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylanganini istiqlolimizning har bir
tadbirida, mustaqil davlatimizning har bir qadamida ul buyuk zot ruhi bizga hamroh-u
hamnafas bo„lib borayotganini ta‟kidladi. O„z fikrini davom ettirib notiq: «Buyuk
shaxslarni tarix yaratadi, deydilar. Bunga qo„shimcha qilib Sohibqiron bobomizning
suronli hayotini xayol ko„zgusidan o„tkazib, buyuk shaxslarni millat qayg„usi, xalq
dardi yaratadi», – dedi.
Darhaqiqat, buyuklik buyuk qalbdan kelib chiqadi. Buyuk qalb esa hamisha millat
qayg„usi, xalq dardi, vatan iztirobi bilan yashaydi. Ana shu ezgu hislardan begona
bo„lgan qalb beqadr va o„tkinchidir. Bugun biz ana shu nuqtayi nazardan kelib chiqib,
Istiqlol va Temur, Vatan va Millat, Ozodlik va Sohibqiron tushunchalarini mushtarak
holda his qilamiz. Ularni bir-birini to„ldiradigan, mazmunan boyitadigan tushuncha
sifatida qabul qilamiz.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi g„oyat qisqa fursatda bunyod qilindi. Bor-yo„g„i
olti oy mobaynida me‟moriy jihatdan nihoyatda murakkab muhtasham inshoot barpo
399
etildi. Bu avvalo, bobokalonimizning sha‟n-u shavkatiga, dunyoviy obro„-e‟tibori va
daholigiga munosib bo„lsa, ikkinchi tomondan temuriylar bugungi avlodining
bunyodkorlik qudratidan, nozik didi, beqiyos iste‟dod va xayolotining cheksizligidan
dalolat beradi.
Inshootning umumiy maydoni besh ming kvadrat metrni tashkil etadi. Muzey
qurilishida butun mamlakat mutaxassislari ishtirok etdilar. Toshkentlik qo„li gul
quruvchilar, chinnisozlik va keramika, «Mikond» korxonalarining mohir
hunarmandlari, «Usta» birlashmasi, Yugoslaviyaning «Torevik» firmasi va boshqa
o„nlab mehnat jamoalari bu ishga munosib hissa qo„shdilar. Olis-olislardan yarqirab
tovlanadigan, ulug„vorligi va nafisligi bilan kishini hayrat-u hayajonga soladigan
niliy gumbaz esa Toshkent aviasozlik davlat hissadorlik jamiyati mutaxassislari
tomonidan tayyorlandi.
Bayram tantanalari muzey sahniga ulanib ketgan Amir Temur xiyobonida davom
etdi. Prezidentimiz xiyobondagi Sohibqiron haykali poyiga gulchambar qo„ydi.
Davlat va hukumat rahbarlari, fan, madaniyat, adabiyot va san‟at namoyandalari,
ishlab chiqarish ilg„orlari, nuroniy otaxonlar va onaxonlar, jamoatchilik vakillari ham
marosimda ishtirok etishdi.
Ulug„ ajdodimiz ruhini xotirlash temuriylar davlatining poytaxti Samarqandda
alohida shukuh va joziba kasb etdi. Jahon sayqaliga aylangan bu ko„hna va tabarruk
shahar Sohibqiron taqdiri, uning bezovta-yu beorom kunlari, buyuk orzulari, armon-
iztiroblariga guvoh bo„lgan muqaddas maskandir. Ayni paytda Samarqand millatni
millat, davlatni davlat qilgan Amir Temur daholik qudratining ramzi, uning beqiyos
ifodasidir.
Sohibqiron yubileyiga tayyorgarlik jarayonida samarqandliklar o„nlab tarixiy
obidalarni, osori atiqalarni ta‟mirladilar, ularni qayta tikladilar, mumtoz bobomiz
nomi bilan bog„liq qadamjolarni obod etdilar. Yangi inshootlar qurildi, bog„lar barpo
qilindi. Shahar markazidagi ko„rkam Amir Temur maydoni Samarqand sayqaliga
sayqal qo„shdi.
Davlatimiz rahbari ana shu maydonda qad ko„targan Sohibqironning haykalini
tantanali ravishda ochdi. Yig„ilganlar ko„z o„ngida hamisha muzaffar va g„olib Amir
Temurning salobat va ulug„vorlik bilan taxtda o„tirgan siymosi gavdalandi. Qalblarni
larzaga keltiradigan hayajonli vaziyatda O„zbekiston davlat madhiyasi yangradi.
Mustaqilligimizning besh yilligi bayrami arafasida shahar ahlining xayrli
xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |