Annotation. This article compares the proverbs used in the epic "Hurliqo and Hamro" and reveals the differences between the proverbs in the lithographic and oral versions of the epic. The ideological and artistic function of proverbs, their place of application and related differences are scientifically substantiated. The poetic versions of some of the proverbs used in the epic are also analyzed.
Keywords: epic, proverb, variant, lithograph, Tursun baxshi, symbol of Hizr, symbolism.
Xalq dostonlarida maqol va topishmoqlarning keltirilish hodisasi ko`p uchraydi. Maqollar xalqning uzoq tajribasi asosida yuzaga kelgan ibratli so`z bo`lib, fikrni ixcham tarzda dalillashning oson usullardan biridir. «Huriliqo va Hamro» dostonining ba`zi o`rinlarida xalq maqollaridan unumli foydalanilgan. Doston o‘ziga xos kompozitsiya va syujetga ega bo`lib, uning har bir varianti mustahkam an’ana va yuksak badihago‘ylik birligida vujudga kelgan. “Huriliqo va Hamro” dostonining bir necha xil variantlari mavjud bo`lib, variantlar orasida ma`lum o`xshashlik va farqliklar ko`zga tashlanadi. Dostonning oʻzbek tilidagi toshbosma nusxasi 1908- yilda Toshkentda chop etilgan bo`lib, bu nashr qilingan ilk va nisbatan qadimgiroq nusxadir. Uning turkman versiyasi 1971- yilda Moskvada nashr etilgan. [1,4] “Hurliqo va Hamro” dostonining o`zbek tilidagi og‘zaki varianti mang‘itlik baxshi Tursunboy Jumaniyozovdan 1981-yilda yozib olingan. Ushbu variant dostonning kitobiy variantidan qariyb uch baravar ko‘pdir. Unda asarning kitobiy variantida ham, turkman variantida ham uchramaydigan she’riy parchalar, ayrim epizodlar va shu bilan birga ayrim maqol va ibratli so`zlar ham mavjud bo‘lib, bu variant boshqa variantlardan o‘zining batafsilligi, to‘laligi, voqealarning nihoyatda ta`sirchanligi bilan ajralib turadi. Dostonning variantlari orasidagi farqlarda xalq maqollaridan foydalanish darajasi ham alohida ahamiyatga ega. Chunki og`zaki variantda uchraydigan ba`zi maqollar toshbosma nusxada uchramaydi. Jumladan, “Ot aylanib qozig‘ini topar” maqoli toshbosma nusxada keltirilmagan. Bu maqol faqat Tursun baxshi kuylagan og`zaki variantda uchraydi. Shoh Xisrav barcha xotinlariga javob berib, o`zi ham safarga otlanayotganda eng kichik va eng katta xotini ketmaydi. Ular shohga sadoqat saqlab, uni kutishlarini aytishadi. Shu o`rinda yuqoridagi maqol ikki xotin tilidan aytilgan. Maqol aytilgan vaziyat va u bilan bog`liq syujet ham aslida baxshi tomonidan kiritilgan kichik bir ijodiy yangilik. Baxshilar dostonlarni yozma matnlardan o‘zlashtirish jarayonida nasriy matnlarni kengroq qayta ishlaganlar, ular tarkibiga og‘zaki nutqqa xos turli iboralar, uchiriq so‘zlar, ifoda vositalari, maqol va hikmatli so‘zlarni kiritganlar.
Xalqning asrlar davomida yig‘ilgan tajribalarining xulosasi sifatida yuzaga kelgan xalq maqallaridan, hikmatli so‘zlaridan foydalanish asarda g‘oyaviy maqsadni ochishda muhim omillardandir. Shuning uchun ham ijodkor baxshilar epik tasvirni yanada erkinroq, fikrni ravshan va chuqurroq ifodalash uchun, o`rni bilan, xalq maqollarini qo‘llaydilar. “Huriliqo va Hamro” dostonida asar g‘oyasi bilan hamohang bo‘lgan mehr-vafoni ulug`lovchi maqollarning she’riy tartibga ko‘chirilgan shakllari ham beriladi:
Oshiq bo‘lsang, kuyib - yonib o‘tarsan
Sabr aylasang, yor alinnan tutarsan. [2, 24]
Dostonda keltirilgan ushbu maqol har ikkala variantda – toshbosma va og’zaki nusxada uchraydi, ammo so`zlar orasida ma`lum farqlar bor. Toshbosma nusxada bu maqol quyidagicha keltirilgan:
Oshiq bo‘lsang, kuyib - yonib o‘tarsan
Sabr aylasang, do`st ilkidan tutarsan. [1, 16]
Toshbosma va og`zaki nusxa orasidagi bu farq maqollardagi variantlilik asosida yuzaga kelgan deyishga yetarlicha asos bor. Chunki g`oya va mazmun bir xil, faqat bir so`zning o`rniga uning boshqa sinonimi qo`llangan. Qo`l so`zining o`rniga qadimda ilk, al so`zlari ishlatilgan bo`lib, ular aynan bir xil ma`noni anglatadi.
Tursun baxshi aytgan og`zaki nusxada “Qizilni ko`rsa, Xizr yo`ldan chiqadi” [2, 10] maqoli keltirilgan bo`lib, bu maqol toshbosma nusxada uchramaydi. Hamro akalari bilan yo`lda ketayotganida ochlikdan azoblanayotgan minglab odamlarni ko`radi va ularga yordam beradi. Qo`lidagi g`allani ularga bo`lib bergach, akalarini ham shu savobli ishga chaqiradi. Ammo zolim akalar o`z g`allalarini berishmaydi. Shunda Hamro singlisi bergan gavharni ularga berish evaziga g`allani sotib olib, ochlarni to`ydiradi. Bu maqol aynan shu o`rinda ishlatilgan bo`lib, boylikka nihoyatda o`ch bo`lgan Xurshid va Zevarning xarakterini ochib berishda emotsional bo`yoq vazifasini o`tagan. Ushbu maqoldagi so`zlar ramziy ma`noda ishlatilgan, ya`ni qizil – boylik, oltin degan ma`noni bildiradi. Xizr esa afsonaviy homiy, hayot bulog`idan “obi hayot” ichgan va umri boqiy bo`lgan payg`ambar hisoblanadi. Maqoldan “Oltin, boylik, pora shunday qudratga egaki, har qanday “manaman” degan , “qo`y og`zidan cho`p olmagan” to`g`ri, halol odamni ham yo`ldan ozdiradi, to`g`ri niyatini egrilikka burib yuboradi, jinoyat va nohaqlik yo`liga kiritadi…”[4, 485], degan xulosa chiqadi. Aynan shu ma`nodagi maqollardan yana biri “Sichqonni ko`rsa, mushukning joni yo`q” maqoli. Ushbu maqol ham toshbosma nusxada uchramaydi. Hamro qiz podsho bilan shatranj o`ynaydi. Shatranjda hammani yengadigan qiz podsho g`alabasining siri xonasida saqlayotgan mushugida edi. Buni sezgan Hamro o`zi bilan bir sichqon olib boradi va qiz podshoni chalg`itib, uni pastga qo`yib yuboradi. Sichqonni ko`rgan mushuk esa darhol unga tashlanadi. Shu tariqa Hamro g`alaba qozonadi. Bu maqoldagi so`zlarda ham o`ziga xos ramziyliklar bor. Sichqon – bu o`lja, mushuk esa o`ljasini poylayotgan ovchi timsoli. O`z o`ljasini ko`rgan ovchi jim turmaydi, degan g`oya ilgari surilgan.
Atoqli olima Iqboloy Devonova o`zining “Hurliqo va Hamro dostonidagi maqollar” nomli maqolasida yana bir maqolni keltirib o`tadi: “Kimda kim o‘z xalqini siylasa, g‘arib fuqaroga yordam bersa, umri uzoq bo‘ladi (Gulqand xalfa varianti, 22 - b.) … maqoli Hamroning xarakterini ochishda uning mol davlatdan, o‘zining shaxsiy istaklaridan, o‘zgalar baxti uchun kurashni, ezgu ishlarni ustun qo‘yish xususiyatlarini bo‘rttirishda kattagina badiiy bo‘yoq vazifasini bajarib kelgan.” [3, 71] Ushbu maqol boshqalardan farqli ravishda toshbosma nusxada ham, og`zaki nusxada ham uchramaydi.
“Huriliqo va Hamro” dostonining bir necha variantlari mavjudligini aytdik. Har bir variantda mazmun umumiyligidan tashqari baxshining individual mahorati, voqelikka shaxsiy munosabati ham ifoda etiladi. Bu jihatdan Tursun baxshi kuylagan og`zaki nusxa yuksak badihago‘ylik namunasidir. Hajmining kengligi, badiiy barkamolligi Xorazm leksikasiga xos bo‘lgan iboralardan, xalq maqollaridan ustalik bilan foydalanilganligi, badiiy tasvir ifodalariga boyligi jihatidan dostonning boshqa variant va versiyalaridan ustun turadi. Xisrav podsho farzandlarini safarga kuzatayotganda ularga Qosim vazirni hamroh etib tayinlaydi. O`g`illari haqida qayg`urayotgan shohni ko`rgan vazir unga tasalle berish maqsadida “Nochor farzanflaringiz baxtidagini ko`rar” deb aytadi. O`zbek xalqida “baxtingdan ko`r, baxtingdagisini ko`rasan” [5, 100]tarzidagi maqol bo`lib, bu taqdiringda yozilganini ko`rasan, degan ma`noda ishlatiladi. Qosim vazir tomonidan aytilgan ushbu maqol toshbosma nusxada uchramaydi.
Dostonda Huriliqo va Hamroning o`zaro so`zlashuvlari ko`pincha to`rt misrali murabba shaklida keltiriladi. Mana shunday she`riy tarzdagi suhbatlarning birida Huriliqo yori Hamroga “Siringni bildirma aslo nomarda” deb aytadi. Ushbu maqolning ifodalanishida Xorazm leksikasiga oid bir jihat jo`nalish kelishigining qisqarib –a shaklida keltirilganini ko`ramiz. Huriliqo pari va Hamro orasidagi samimiy sevgini madh etishda muhim ahamiyat kasb etgan ushbu maqol dostonning har ikkala nusxasida ham keltirib o`tilgan.
Har bir davrda axloq masalasi dolzarb bo‘lganligi uchun har bir dostonda, asarning xarakteriga qarab, ozmi-ko‘pmi ushbu masalga e`tabor qaratiladi. “Huriliqo va Hamro» dostoni ham vatanparvarlik, xalqparvarlik,
kamtarlik, xushmuomalalik, sevgiga sadoqat, ota-ona, opa-singilga munosabat masalalari ma`lum darajada yoritilgan bo`lib, fikrning isboti sifatida turli maqollardan foydalanilgan. Baxshilarning yuksak badehago`yligi natijasida ushbu doston sayqallanib, mazmun va g`oya jihatidan yana bir qadar yuksalgan. Ko`zlangan g`oyani tashishda esa xalq maqollarining o`rni alohida ahamiyatga ega.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati:
1. «Huriliqo va Hamro» dostoni (Niyozjon xalfa nusxasi).
2.«Huriliqo va Hamro» dostoni (Tursunboy baxshi varianti).
3.«Xorazm folklori» III tom. – Xiva, 2001 y.
4. Shomaqsudov Sh, Shorahmedov Sh. Hikmatnoma. T.: 1990 y .
5. Mirzayev T va boshq. O`zbek xalq maqollari. T.: 2005 y.
Do'stlaringiz bilan baham: |