prokuror o’rnida so’zlashuv uslubida qo’llaniladigan qoralovchi, advokat o’rnida oqlovchi tarzida yozish, yuqorida tahlil etilgan vijdonsiz singari so’zlardan foydalanish to’g’ri emas.
Xullas, yuridik matnlar tilida har bir gap to’g’ri tuzilgan bo’lishi, undagi har bir so’z va ibora o’z o’rnida va aniq, ma’lum bir maqsadni ko’zlab ishlatilishi, jumlalar qisqa va mantiqiy bo’lishi, obrazli ifodalar qo’llanilmasligi, ifodada e’tirozlarni, bayonni, hatto bir so’z yoki atamani ikki xil tushunishga yo’l qo’yilmasligi lozim.
Buning ustiga, yuridik til obrazli-estetik vositalardan yoki kundalik muomalada faol ishlatiladigan sheva arxaizm, istorizm, neologizm kabi elementlardan, frazeologizmlardan keng foydalanmasligi bilan farqlanib turadi. Ortiqcha takrorlarga yo’l qo’yilmaydi, jumlalarning mumkin qadar sodda tuzilishi talab qilinadi, yuridik matnning epitetlarga toqati yo’q. Hatto sinonimlardan keng foydalanish yo’l qo’yib bo’lmaydigan hodisa hisoblanadi.
Yana bir narsani eslash to’g’ri bo’ladiki, yuridik tilning ichida ham alohida yo’nalishlar mavjud. Masalan, prokuratura, advokatura yoki sud sohasida, garchi ular umumiy bir yuridik til atrofida birlashsa-da, faol qo’llaniladigan alohida atamalar, so’z va iboralar bo’ladi. Ayni paytda ular uchun umumiy til birliklari birgina fe’l turkumi doirasida quyidagilar ekanligini ta’kidlaymiz: joriy qilinsin, tamomlansin, yuklatilsin, kengaytirilsin, tashkil qilinsin, topshirilsin, jalb etilsin, belgilansin, yo’l qo’yilmasin, kuchaytirilsin, ishlab chiqsinlar, ishlab chiqilsin, ishlab chiqish topshirilsin, ko’zda tutilsin, ta’minlasinlar, ajratib berilsin, tasdiqlansin, choralar ko’rilsin, choralari ko’rilsin, choralari ishlab chiqilsin, choralari belgilansin, tavsiya etilsin, saqlab qolinsin, tadbiri ko’rilsin, zarur deb topilsin, amalga oshirilsin, imkoniyat tug’dirsin, sharoit yaratsin, uyushtirilsin va hokazo.
Bu atamalar ko’lamini jazo, jinoyat, zaruriy mudofaa, oxirgi zarurat, mansabdor shaxs, hokimiyat organi, og’ir jinoyat kabi boshqa so’z turkumiga oid so’zlar hisobiga davom ettirish mumkin.
Tergov va sud jarayoni bilan bog’liq bo’lgan ayblash fikri, ayb e’lon qilish haqidagi qaror, jinoiy ishni qo’zg’atish haqidagi qaror, guvohlarni so’roq qilish, yuzlashtirish, tintuv o’tkazish, mol-mulkni musodara qilish bayonnomalari, ayblov xulosasi, sud qarori, sud hukmi, prokuror noroziligi (protesti), turli mazmundagi tushuntirish xatlari, ehtiyot chorasini ko’rish, tavsifnoma kabi bir qator yuridik matnlar mavjud bo’lib, ularning har birining rasmiylashtirilishida o’ziga xos qoliplar va qo’llaniladigan alohida so’z va iboralar mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |