D.R.Qo'ldoshev, I.I.Baxriev
HUQUQ VA DEONTOLOGIYA ASOSLARI
Toshkent - 2015
O'ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI
OLIY VA O'RTA MAHSUS TA'LIM VAZIRLIGI
SOG’LIQNI SAQLASH VAZIRLIGI
TOSHKЕNT TIBBIYOT AKADEMIYASI
D.R.Qo'ldoshev, I.I.Baxriev
HUQUQ VA DЕONTOLOGIYA ASOSLARI
(tibbiyot oliy o'quv yurtlari talabalari uchun o'quv qo'llanma)
Toshkent - 2015
UDK 614.253.8 (D 11)
616.3 (075)
G.38
Qo'ldoshev D.R., Baxriev I.I.
Huquq va deontologiya asoslari
KBK 51.1 (2)
51.1 (5u)
Taqrizchilar:
1. Тошкент Тиббиёт Академияси УАШ ички касалликлар ва эндокринология кафедраси мудири, профессор А.А.Хамраев
2. М.Улуғбек номидаги Ўзбекистон Миллий университети “Ҳуқуқий фанлар” кафедраси мудири, доцент Р.Т.Ҳақбердиева
Tibbiyot hodimlari kasb huquqbuzarligi holatida hamda aholiga tibbiy hizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash, huquq normalariga aniq rioya qilishda huquq va deontologiya asoslarini bilish barcha mutahassislikdagi shifokorlar uchun muhim omillardan biri hisoblanadi.
Ushbu o’quv qo’llanma tibbiyot institutlari talabalari hamda davolash-profilaktika muassasalariga yaqindagina borgan yosh shifokorlar uchun mo'ljallangan bo'lib, ularning amaliyot faoliyatida muhum dastur sifatida yordam beradi. Shuningdek yuristlar, kasalxonalar, poliklinikalar va boshqa tibbiyot korxonalariga murojaat qiluvchi keng jamoatchilik uchun ham o'z huquq va deontologiya masalalarini bilishlari hamda unga amal qilishlarida yaqindan yordamlashadi.
KIRISH
Bo'lajak shifokorni tayyorlash va tarbiyalash hozirgi zamon yoshlarini tarbiyalashning muhim organik tarkibiy qismi bo'lib, bunda huquqiy va deontologik qoidalarga amal qilish talab etiladi. Bu o'z navbatida shifokorlarning barcha kasbiy faoliyati moral - etik normalar va ma'lum qoidalarga asoslanishi bilan ajralib turadi.
Mustaqil O'zbekistonda demokratik davlat va huquqiy jamiyatning shakllanishi, sog’liqni saqlash sohasidagi islohotlar tibbiyot hodimlari oldiga alohida talablar qo'ymoqda. Hususan, tibbiyot faoliyatining huquqiy me'yorlari, fuqarolarning sog’lig’ini saqlash sohasidagi huquq va qonuniy manfaatlarni himoya qilish muammolari muhim siyosiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Bunda tibbiy faoliyatni huquqiy belgilari, fuqarolarning sog’liqni saqlash sohasidagi manfaatlari va huquqlarini himoya qilish masalasi alohida siyosiy va sotsial o'rinni egallaydi.
Shifokor va boshqa tibbiyot hodimlarining noto’g’ri harakatlari faqatgina ma'muriy tanbeh, jamoa e'tirozi uchungina emas, balki ularni huquqiy javobgarlikka tortilishiga ham asos bo'lishi mumkin.
Shifokorlarning huquqiy tayyorgarligi yo'qligi yoki talab darajasida bo'lmasligi fuqarolar sog’ligini saqlashga ziyon keltirib, ushbu sohadagi qonunchilikni ta'minlashga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bu esa o'z navbatida shifokorlar faoliyatiga nisbatan ko’proq e'tiroz va shikoyatlarning vujudga kelishi, ba'zan ularni jinoiy javobgarlikka tortilishi kabi nohush hodisalarning sababchisi hisoblanadi.
Talabalar va yosh shifokorlar uchun mo'ljallangan ushbu o’quv qo’llanma jamiyatning sotsial tuzilishida muhim huquqiy va deontologik ahamiyatga egaligi uchun ham tibbiyotning qo’llanmada keltirilgan barcha sohalari bilan ishlaydigan shifokorlarga amaliy dastur sifatida baholanadi. Shuningdek bo'lajak shifokorlar va boshqa tibbiyot hodimlarining huquqiy va deontologik asoslari to’g’risidagi ma'lumotlar bilan yaqindan tanishishi ularning ushbu soha bo'yicha to'liq va aniq bilimga ega bo'lishlarida yaqindan yordamlashadi.
Tibbiyot hodimlarining kasbiy huquqbuzarligi to’g’risidagi masalalar bilan shug’ullanuvchi malakali ekspertlar va yuristlar ushbu qo’llanma orqali o'zlariga kerakli ma'lumotlar bilan yetarlicha tanishishlari mumkin. Bundan tashqari, qo’llanma bilan yaqindan tanishishni hoxlagan o'quvchiga ularning amaliy faoliyatida huquqiy va deontologik bilimlar asosida to'lig’icha hulosaga ega bo'lish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur qo’llanma ushbu soha bo'yicha amaldagi tasdiqlangan namunaviy dasturga mos tarzda yozilgan bo'lib, unda tibbiy faoliyatning turli huquqiy va deontologik jihatlariga doir masalalar keng yoritilganligi sababli o'zining dolzarbligi bilan ham bu sohaga qiziquvchilarni o'ziga jalb qiladi va ularning bu sohadagi bilimlarini shakllanishida asosiy dasturlardan biri bo'lib keng o'quvchilar, ayniqsa turli kasbdagi tibbiyot hodimlari uchun muhim qo’llanma sifatida baholanadi.
Ι BOB. BO'LAJAK SHIFOKORNI TARBIYALASHNING
G’OYAVIY-SIYOSIY BIRLIGI
Bo'lajak shifokorni huquqiy tarbiyalash, demokratik qonunchilikka rioya qilish davlatimiz siyosatidagi ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lib, davlat va jamiyat hayotida qonunchilik hamda huquqiy tartibni mustahkamlash masalalari mamlakatimizda qonunchilik asoslarini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi.
Yosh kadrlarning sotsial aktivligini shakllanishida eng muhim vositalardan biri demokratik huquq sanaladi.
Demokratik jamiyatni takomillashtirish, sotsial ekonomikasini rivojlanish va yangi avlodni shakllantirish masalasida respublikamiz hukumati davlat va jamiyat hayotining huquqiy asoslarini mustahkamlashga alohida ahamiyat berib kelmoqda. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha fuqarolar singari yoshlarga ham keng huquq berilganligi uqtirilgan. Shulardan biri O'zbekiston Respublikasining har bir fuharosiga qobiliyati va yo'nalishiga qarab bilim olishi ta'minlanganligi ko'rsatilgan. Bu huquq o'quvchilarga har xil tur va shakllarda davlatimiz tomonidan kafolatlangan.
Davlatimiz sistemasidagi barcha ta'limotlar va yoshlarni tarbiyalash masalasi yuqori axloqiy hususiyatga ega bo'lgan shaxsni shakllantirishga qaratilgan.
Shuni unutmaslik kerakki, shaxsni rivojlanishda tarbiyalash jarayonida uning jamiyatdagi aktivlik faoliyatining takomillashuvi asosiy omillardan biri bo'lib, agar shaxs axloqiy va fizik jihatdan qancha shakllangan bo'lsa, uning aktivlik faoliyati ham shuncha yuqori bo'ladi. Shunga qarab demokratik qonunchilik ham ko'zga tashlanadi. Insonni har tomonlama rivojlanishi jamiyatdagi aktivligining asosi bo'lsa, hayotdagi aktivlik o'rni esa rivojlanuvchi shaxs uchun muhim sharoit hisoblanadi.
Insonning jamiyatdagi aktivligi ham bir necha jihatlardan iborat: dunyoharashi (dunyoga munosabati, ideallari, ishonchi), axloqiy (burchiga sadoqati, so'zi bilan ishining birligi, haqqoniylik, insonparvarlik va b.q.lar), faoliyati (jamiyat uchun foydali faoliyati, hayotdagi o'rni).
Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, insonning jamiyatdagi aktivligining muvaffaqiyatli shakllanishi barcha tarbiyalash, jumladan, g’oyaviy, siyosiy, axloqiy va mehnat kabi asosiy kompleks tarbiyalovchi faktorlar yordamida yuzaga keladi.
Jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini qayta sifatiy shakllanishiga qaratilgan yo'nalish strategiyasini tezlashuvida kadrlar tayyorlashga yangi talablar qo'yilayotgani buning isbotidir.
Qayta qurishdagi muhim dastak - mahsus o'rta va oliy ta'limda ishlab chiqarish bilan fanning aloqasini mustahkamlash, ularning o'zaro aloqasida yangi qoidalarga o'tish, oliy o’quv yurtlari, muassasalar, tashkilotlarning manfaatdorligi va javobgarligi, kadrlarni o'qitish hamda tarbiyalash sifatini tashkillashtirishni yuqori saviyaga yetkazishning sababchisi hisoblanadi.
Kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash oliy o’quv yurtlari bitiruvchilarining rivojlanayotgan ijodiy faoliyatida umumiy ta'limdan individual ta'limga o'tishni taqozo qiladi.
O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida asosiy e'tibor g’oyaviy - yetuk, jamiyat uchun aktiv mutahassislar tayyorlash masalasiga qaratilgan bo'lib, bu o'z navbatida oliy o’quv yurtlari professor - o'qituvchilarining g’oyaviy - nazariy va metodik yetuk saviyali kadrlar tayyorlashda, jumladan bo'lajak mutahassislarning ilmiy salohiyatini oshirishda ko'maklashish davlatimiz siyosatidagi ustuvor yo'nalish ekanligi qonun talabi sifatida ko'rsatilgan.
Gumanitar fanlarni o'qitishda oliy o’quv yurtining mutahassisligi, uni tugatuvchilarning foydalilik darajasi, tarbiyalash jarayonining usullari va formalaridan samarali foydalanish masalalari doimo e'tibordan chetda qolmasligi zarur.
Tarbiya ishi markazida bo'lajak mutahassis shaxsining rivojlanishida individual yondashish masalasi yotadi. O'sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashni yaxshilash masalasi davlatimiz va jamoatchilik oldidagi muhim vazifalardan biri bo'lib, bu kelajakda Vatanimizni ishonchli kadrlar bilan ta'minlashga asos bo'ladi.
Demokratik jamiyatda, birinchi navbatda, tibbiyot oliy yurtini tamomlagan mutahassis uchun yuqori g’oyaviy-axloqiy sifatlar, avvalambor, astoydillik, sotsial aktivlilik, mehnatsevarlik, o'z-o'zini tarbiyalash, umumiy ish uchun javobgarlik, madaniyat, oilaga nisbatan poklik, qonunga nisbatan hurmat, barcha qiyinchiliklarga bardosh berish qobiliyatlarining o'ziga xosligi bilan ajralib turishi zarur. Yoshlarni g’oyaviy-politik tarbiyalash sistemasida muhim o'rinni huquqiy tarbiyalash masalasi egallaydi.
O'zbekiston Respublikasi hukumati doimo yuqori fuqarolik shaxsini tarbiyalash, demokratik jamiyat qonun va qoidalarini hurmat qilish, demokratik qonunlarni buzilishiga yo'l qo'ymaslik, huquqbuzarlikni har qanday turini oldini olishga aktiv qatnashish masalalariga katta ahamiyat qaratmoqda.
Talabalarni butun o’quv jarayonida kompleks reja asosida oliy va o'rta mahsus o’quv yurtlarida huquqiy tarbiyalash masalasiga keng e'tibor ajratilgan bo'lib, bunda o’quv va auditoriyadan tashqaridagi ishlar ham alohida o'rin egallaydi.
Hozirgi davrda talabalar va o'quvchilarda demokratik huquqlarini tan olishning shakllanishi, ularni qonunlarga rioya etish va hurmat qilish ruhida tarbiyalash, demokratik jamiyat qoidalari va mehnat intizomiga ongli ravishda amal qilish to'g’risida yetarlicha foydali tajriba orttirilgan.
Barcha oliy va mahsus o'rta ta'lim o’quv yurtlarida yuridik bo'lmagan mutahassisliklar bo'yicha majburiy “Huquqshunoslik” kursi kiritilgan.
Oliy va o'rta mahsus o’quv yurtlarida o'quv-tarbiyaviy jarayonning asosiy qismi sifatida talaba va o'quvchilarni tarbiyalash sistemasi jamoa-siyosiy amaliyoti bo'lib, bu nazariy, metodik, amaliy va huquqiy vosita shaklida har bir talaba va o'quvchini tayyorlashni ta'minlaydi.
Oliy o’quv yurtlarida huquqiy tarbiyaviy ishlarning bosh yo'nalishlariga davlat va huquq to’g’risidagi masalani chuqurroq o'rganish va demokratik huquq, demokratiya to’g’risidagi Konstitutsiyada ko'rsatilgan barcha holatlarni o'rganish, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari majburiyatlari bilan tanishish vazifalari kiradi.
Tibbiyot institutlarida talabalarni huquqiy tarbiyalash uzluksiz ravishda ularning butun o'qish jarayonida amalga oshiriladi.
Bu jarayon faqatgina “huquqshunoslik” kursi orqali huquqiy tarbiyalash bilan chegaralanibgina qolmasdan, balki tibbiyot institutlarida nazariy, mediko-biologik va klinik fanlarni o'qitishda ham o'z aksini topadi. Ayniqsa, gumanitar fanlar kafedralarida o'qitilayotgan “huquqshunoslik” kursida talabalarni huquqiy tarbiyalash masalasiga katta ahamiyat beriladi. Bunda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi materiallari atroflicha o'rganilib, bu davlatimizda huquqning asosiy manbalari, jumladan demokratik jamiyatning mustahkam ildizi qonunda qayd qilinganligi va Respublikamiz Konstitutsiyasiga muvofiq joriy qonunchilikda o'z ifodasini topishligi aks ettirilgan.
“Huquqshunoslik” kursi o'z ichiga quyidagilarni oladi: huquq nazariyasi va davlat huquqining asoslari; sog’liqni saqlash, mehnat va oila huquqi qonunchiligi asoslari; sotsial ta'minot huquqi asoslari; atrof muhitni muhofaza qilish qonunchiligi asoslari; jinoyat jarayoni va huquqi asoslari kiradi. Bu masalalar to'lig’icha ma'ruza va seminarlarda ko'rib chiqiladi. Tibbiyot institutlarida “huquqshunoslik” kursini o'qitishda talabalarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga alohida ahamiyat beriladi. Asosiy vazifa sog’liqni saqlash hodimlari faoliyatini huquqiy boshqarishni o'ziga xos hususiyatlariga qaratiladi.
Biologiya kafedrasida talabalar tabiatni va atrof muhitni himoya qilish qonunchiligi asoslari bilan yaqindan tanishadilar. Ayniqsa bu masala tibbiyot institutlarining gigiena kafedrasida chuqur o'rganiladi. Bu kafedrada sanoat va oziq-ovqat sanitariyasiga aloqador barcha masalalar to'g’risida ham talabalar yetarlicha ma'lumotga ega bo'ladilar.
Umumiy Xirurgiya va ichki kasalliklar propedevtikasi kafedralarida esa sog’liqni saqlash qonunchiligiga aloqador qator huquqiy masalalarni o'rganishga ahamiyat beriladi. Bunda talabalar birinchi marta bemorlar bilan uchrashib, deontologiya asoslari to’g’risidagi tushuncha, jumladan etika va estetika haqidagi tasavvurga ega bo'ladilar hamda shifokor faoliyatini huquqiy boshqarish to’g’risidagi ma'lumotlarni o'rganadilar. Shifokor amaliyoti nuqtai nazaridan ular shifokorlarning siri haqidagi muhim holatni o'rganishi bilan birga uni oshkor qilganligidagi javobgarligi to’g’risidagi tushunchaga ega bo'ladilar.
Klinik va kliniko-anatomik konferensiyalarda talabalarning qatnashuvi tibbiy yordam ko'rsatishni tashkil qilish, shifokorlarning xatosi va tibbiyot amaliyotidagi bahtsiz hodisalar to'g’risida ularda anchagina klinik bilimlarning shakllanishida o'z samarasini beradi.
Bundan tashqari, klinik kafedralarida talabalar tibbiyot hujjatlari, ularning davolash-profilaktika ishlarining tashkil qilishdagi roli va tibbiyot hujjatlarining yuridik ahamiyati to’g’risidagi ma'lumotlar bilan ham tanishadilar. Bunda talabalar tibbiyot hodimlarining burchi, majburiyati, javobgarligi, huquqi haqidagi ayrim holatlarni tahlil qilish tufayli bunday holatlarni vaqtinchalik ish qobiliyati yo'qotilishini belgilash ekspertizasidagi roli to'g’risida ham aniq yo'llanma oladilar.
Talabalarni o'qitish va tarbiyalashning muhim huquqiy aspektlari farmakologiya kafedrasida ham o'z aksini topgan bo'lib, bunda talabalar retsept tayyorlash qoidalari, kuchli ta'sir etuvchi dorilarni saqlash va tarqatish to’g’risidagi O'zbekiston Respublikasi dori-darmonlar to’g’risidagi qonuni va fuqarolarni dorivor moddalar bilan ta'minlash qoidalari to’g’risidagi ma'lumotlar bilan ham tanishadilar. Bunday masalalar, ayniqsa farmatsevtika instituti talabalariga chuqur o'rgatiladi. Qonunda tibbiyot hodimlarining aholi sog’ligini saqlashga qarshi jinoiy holatlarida, masalan narkotik va psihotrop moddalarni qonunsiz holda tayyorlash, saqlash, bir joydan ikkinchi joyga tashish va sotish man etilishi ko'rsatilgan (O'zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi).
Patologik anatomiya kafedrasida O'zbekiston Respublikasida patologo-anatomik hizmatni tashkil qilish qoidalari, murdalarni tekshirish to’g’risidagi guvohnomani to'ldirish hamda patologo-anatomik konferensiya haqidagi ma'lumotlar talabalarning e'tiboriga havola etiladi. Talabalar kafedrada bemorlarni diagnostikasi va davolash sifatini oshirishdagi patologo-anatomik hizmatning roli haqida tibbiyot hujjatlarini to'lg’azishda qanday masalalarga e'tibor berish to’g’risidagi taassurotga ega bo'ladilar. Bundan tashqari, talabalar o'lgan bemorlarning qarindoshlari, patologo-anatom-shifokor va davolovchi shifokorlarning o'zaro aloqasidagi deontologik masalalarni ham yaqindan o'rganadilar.
ΙV-VΙΙ kurslardagi klinik kafedralar talabalarga kasalliklarni diagnostikasi, davolash va profilaktikasida yuzaga keladigan o'qitish va tarbiyalashda huquqiy va deontologiya masalalariga yetarlicha e'tibor qaratadilar.
Xirurgik kafedralarida esa talabalar aholiga davolash profilaktika chora tadbirlarini tashkillashtirishda Xirurgik muolajalarni o'tkazish tartibi, kasallik tarixi to’g’risidagi yuridik hujjatni to'lg’azish va murakkab diagnostik hamda davolash muolajalari to’g’risidagi hujjatlarni rasmiylashtirish usullarini o'zlashtiradilar.
Akusherstvo va ginekologiya kafedrasida talabalar onalik va bolalikni himoya qilishni huquqiy asoslari haqidagi qonuniyatlarni o'rganadilar. Bunga onalikni taqdirlash, onalik va bolalikni himoya qilinishini kafolatlash, tug’ishgacha, tug’ish va tuqqandan keyingi davrda homilador ayolga tibbiy yordamni tashkil qilish, shuningdek, yosh bolalar kasallanganlarida uning onalariga imtiyozlar berilishi davlat tomonidan kafolatlanishi, oila, nikoh va o'z qaramog’iga olish to’g’risidagi qonunchilikning ayrim holatlari ham kiradi.
Pediatriya kafedralarida bolalar va o'smirlarga tibbiy yordam ko'rsatish, sog’ligini mustahkamlash o'smirlarni mehnat va ishlab chiqarish faoliyatida nazoratni tashkil qilish hamda mehnat sharoitlari yaratish to’g’risidagi normativ ko'rsatmalar haqidagi ma'lumotlari ham talabalarning diqqat e'tiborini o'ziga jalb qiladi.
Sil, psihiatriya va yuqumli kasalliklari kafedralarida esa atrofdagilar uchun havfli kasalliklarni davolash va oldini olishdek muhim sotsial vazifalarga alohida ahamiyat beriladi.
Psixiatriya kafedrasida talabalar psixonevrologik muassasalarning vazifasi va ish faoliyatini belgilovchi normativ holatlar, jamiyatga havfli ruhiy kasalliklarni majburiy davolashning o'ziga xos hususiyatlari, uning huquqiy asoslari haqidagi ma'lumotlarni o'zlashtiradilar. Shuningdek ushbu kafedrada O'zbekiston Respublikasida sud-psixiatriya ekspertizasiga aloqador ko'rsatmalar tahlil qilinib, psixiatriyaning yuridik va tibbiy mezonlari talqin qilinadi.
Teri va tanosil kasalliklari kafedrasida ushbu kasalliklarni davolash va oldini olishda tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqa ruvchi normativ holatlar hamda tanosil kasalliklari bilan zararlangan bemorlarni davolanishdan bo'yin tovlaganligi uchun qonun oldida javobgar bo'lishligi masalasi talabalarning huquqiy ongini shakllantirishida yordamlashadi.
Sotsial gigiena va sog’liqni saqlashni tashkil qilish kafedrasida talabalar quyidagilarni o'rganadilar: davolash-profilaktika muassasalaridagi huquqiy masalalar; shifokor-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati; mehnatga vaqtinchalik layoqatsizlik to’g’risidagi hujjatni to'lg’azish va berish; ayollar konsultatsiyasi faoliyatini belgilovchi normativ holatlar; onalik va bolalikni himoya qilish qonunchiligi; mehnatni muhofaza qilish va texnika havfsizligi masalalari.
Tibbiyot institutlarida talabalarni huquqiy tarbiyalashda asosiy o'rinni sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi egallaydi. Ushbu kafedrada talabalarni tayyorlashda ularni kerakli paytda shifokor-ekspert sifatida shakllanuvida huquq va ayniqsa, jinoiy huquq va jarayonlar to'g’risida har tomonlama bilimga ega bo'lishligi bilan bog’liq. Shuning uchun ham ushbu kafedrada talabalar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi, O'zbekiston Respublikasida sud tibbiyoti ekspertizasining protsessual va tashkiliy-metodik asoslari to’g’risidagi normativ hujjatlar bilan yaqindan tanishadilar hamda sud tibbiyoti ekspertlari va shifokor-ekspertlarning burchi va javobgarligi to'g’risida aniq ma'lumotga ega bo'ladilar. Kafedrada ekspert hulosasini tuzish, sud tibbiyoti va sud kriminalistikasiga aloqador usullarni o'zlashtirishga talabalar harakat qiladilar.
Sud tibbiyotida o'rgatiladigan barcha holatlar tibbiyot deontologiyasi muammosi tibbiyot hodimlarining kasb huquqbuzarligidagi javobgarlik to’g’risidagi qonuniyatlar bilan uzviy bog’liqligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, deontologiya masalasi shifokorlarning xatosi, tibbiyot amaliyotida baxtsiz hodisalar va uni o'rganishda yetakchi o'rinlardan birini egallaydi.
Oliy o’quv yurtlari o'qituvchilari tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy tarbiyalash masalasi o’quv dasturi bilangina chegaralanmaydi. Bunda anchagina auditoriyadan tashqarida ham ishlar olib boriladi. Buning turlari xilma-xil bo'lib, bunga talabalarni har xil mavzularda ilmiy ishlar bajarishi, huquq va deontologiya masalalariga mo'ljallangan simpozium va konferensiyalarda qatnashishi hamda yuridik mavzularda o'rkaziladigan kechalarda ishtirok etishi kabi masalalar kiradi. Talaba yoshlarni yuksak fuqaroviy shakllanishida sanitariya va narkologik kuzatish hamda qizil Yarimoy jamiyatlaridagi ishlar muhim ahamiyatga egadir.
Oliy o’quv yurtlaridagi yoshlarni huquqiy tarbiyalash masalasi yosh-shifokorlarga diplom berilishi hamda “Shifokorning qasamyodi” bilan tugallanadi.
Huquq va axloq masalasi bir-biri bilan chambarchas bog’langan bo'lib, bu deontologik tarbiyalash bilan mustahkam bog’lanib ketadi.
Axloq va huquq, ijtimoiy ong va ijtimoiy munosabatlar sotsial institutlar tomonidan belgilangan jamiyatda insonlar hulq-atvorini boshqarish shaklidir. Mohiyati jihatidan axloq va huquq jamiyat rivojlanishining ma'lum etapida ushbu jamiyatning sotsial talabini belgilovchi, irodasini ifodalovchi hulq-atvor normasi hisoblanadi.
Axloq (lotincha mores - axloq, moralis - axloqiy) insonni butun sharoit va holatda ijtimoiy hayotida hulq-atvorini boshqarish bo'lib, ishlab chiqarish, oila, turmush hamda ilmiy, ijtimoiy va siyosiy faoliyatini boshqarishni ifodalaydi.
Umuman olganda axloq yaxshilik va yomonlik to’g’risidagi tarixiy va spetsifik ijtimoiy tushuncha bo'lib, sotsial voqelikni, ijtimoiy irodani belgilovchi sifatdir.
Demokratik jamiyatda insonni hulq-atvorini boshqarishda axloqning o'rni beqiyos oshadi. Bu o'z navbatida axloqni yanada yuqori darajaga ko'tarilishi va axloqga aloqador omillarning rivojlanishga moyilligidan darak beradi va huquq vazifasining bir qismi unga o'tib, insonlar hulq-atvorini boshqarishning bosh asosi hisoblanadi.
Insonlar axloqini belgilovchi omillar ishlab chiqarish bilan bog’liq va bog’liq bo'lmagan fuqarolarning hayotiy faoliyati davomida ularning hulq-atvorini siyosiy, milliy, boshqarish, madaniy, iste'mol, oilaviy va turmush tarzini shakllanishi jarayonida oshib boradi. Ayniqsa, atrof muhitni muhofaza qilish, jamoa tartibini saqlash va aholiga qulayliklarni yaratishni tashkil qilinishini amalga oshirishda axloqiy faktorlarning roli keskin oshib boradi. Bu o'z navbatida har bir shaxsni jamiyat va jamoa oldidagi javobgarligini oshishi hamda ijtimoiy fikrlari faolligini shakllanishida o'z samarasini beradi.
Axloqiy harakterlar va ijtimoiy fikrlar rolining oshib borishi tufayli axloqiy va axloqiy bo'lmagan bog’lanishlar (huquqiy va ma'muriy) orasida fuqarolar hulq-atvorida o'zgarishlar kuzatiladi. Bunda jamiyatni ta'minlovchi xulq-atvor normalarining sotsial majburiy hajmi va ulushi kamayib ketadi.
Demokratik jamiyatda axloq va huquq bir biri bilan mustahkam bog’lanib ketgan bo'lib, bu bog’liqlik axloq va huquqni belgilovchi alohida qoidalar bilan belgilanadi.
Jamiyatimizda axloq va huquq normalarini belgilovchi 3 ta faktorni ko'rsatish mumkin:
1) ijtimoiy hayotda ekonomik sharoitlar bilan bog’liq demokratik ishlab chiqarish munosabatlari;
2) murakkab ko'p qirrali ijtimoiy munosabatlar, huquqiy va axloqiy hulq-atvorlarini shakllanishi;
3) axloq va huquq uchun umumiy umumhalq manfaati-demokratik axloq va demokratik huquq manfaatini ifodalanishi.
Shunga qaramasdan axloq va huquq bir-biridan farqlanadi. Agar axloq jamiyatda insonlar bilan birga yuzaga kelgan bo'lsa, huquq esa keyinroq paydo bo'ladi. huquq - bu hukmron sinf yaratgan qonunning ko'rinishi hisoblanadi.
Insonning ta'sirini yuridik (huquqiy) baholash faqatgina huquq hodisalariga aloqador bo'lib, axloqiy baholash esa insonning barcha amaliy faoliyatini qamrab oladi.
Bizning demokratik jamiyatimizda kasbiy etika (shifokorlar,yuristlar, pedagoglar va b.q.lar) demokratik axloq hisoblanadi.
Demokratik axloqiy talablarga rioya qilishni istagan kasb, ayniqsa shifokorlar uchun juda muhimdir. Jamiyatga nisbatan kasbni boshqarish burchi tushunchasi kasbiy axloqning bosh turkumi sanaladi.
Tibbiyot hodimlarining o'z kasbiy majburiyatlarini bajarishdagi axloqiy normalari tibbiyot deontologiyasi haqidagi tushuncha bilan bog’lanib ketadi. Tibbiyot deontologiyasi - shifokorlar, o'rta va kichik tibbiyot hodimlarining jamiyat, bemorlar va ularning qarindoshlari hamda shu kasbda ishlaydiganlarning burchi haqidagi ta'limotdir. Deontologiyada shifokorlar faoliyatining mohiyati, o'ziga xos hususiyatlari, shuningdek, shifokorlarning jamiyatga, o'z kasbiga, bemorlarga, o'z xatolariga va muvaffaqiyatlariga munosabatlarni shakllantirish holatlari aks ettiriladi.
Shifokorlik kasbiga sidqidildan yondashish, uning muhim hususiyatlariga amal qilishi boshqa mutaxassisliklardan keskin farqlanib, bu kasbning mohiyati yuqori axloqiy talablarga asoslanadi.
Shifokorlik kasbining bosh hususiyatlaridan biri va muhimligi inson sog’ligi, hayotini saqlash shifokorning asosiy vazifalaridan hisoblanilib, bu shifokorlarning muhim javobgarligini talab qiladi, chunki inson uchun eng buyuk narsa uning sog’lig’i va hayotini saqlash masalasi shifokorga topshirilganligini doimo esdan chiqarmaslik zarur. Bunda shifokor butun kuchi, vaqti, sog’lig’i va bilimini ayamasligi talab qilinadi. Shuning uchun ham shifokorlar emblemasida “Boshqalarga yorug’lik berib, o'zim yonaman” degan ma'noni doimo unutmasligimiz kerak.
Ulug’ rus yozuvchisi, shifokor A.P.Chehovning yozishicha”Shifokorlik kasbi - qahramonlikdir”. U fidoiylikni, qalbi va fikrini tozaligini talab qiladi.
Shifokorlik kasbining o'ziga xos ikkinchi hususiyati fuqarolarning hayotiga havf soladigan ko'p qirrali, murakkab kasallik jarayonlarining o'zgaruvchanligi, shuningdek ilmiy - metodik axborotlarning tez tarqalishi hamda yangi - yangi diagnostik davolash usullarining paydo bo'lishi bilan bog’liqligidir.
Bular ichida eng asosiysi bemorlar va kasalliklarni o'rganishga ilmiy klinik yondashish, shifokorlarning klinik fikrlash qobiliyatini doimo takomillashtirish masalasi hisoblanadi.
Shifokorlar kasbining uchinchi hususiyati ularning kundalik qahramonligidir. Shifokorlarning kundalik, birlamchi faoliyati - ming-minglab insonlarning hayotini saqlashdan iboratdir.
Bunday kundalik qahramonlik barcha tibbiyot mutaxassislari, ayniqsa, xirurgik kasb egalariga xosdir.
Shifokorlik faoliyatining boshqa hususiyatlari orasida eng muhimi barcha mutahassislar tomonidan yo'l qo'yilgan hato va kamchiliklarning oqibati, bemorlarni davolayotganda yo'l qo'yilgan xatoliklar yoki e'tiborsizliklardan keskin farqlanib, bunday hususiyatlar shifokorlarning jamiyat oldidagi yuqori moral - etik talablarga “O'zbekiston Respublikasi shifokor qasamyodi” da ko'rsatilgan vazifalarga sidqidildan yondashishlarini talab qiladi.
Shifokorlarning kundalik faoliyati uchun harakterli holat huquqiy va deontologik masalalarning o'zaro bog’liqligidir.
Tibbiyot hodimlari o'z faoliyatida chuqur demokratik axloq qoidalariga asoslanadi.
“Shifokor - bemor”, “shifokor - jamiyat” sistemasida deontologik talablarni unutish tibbiyot hodimlari huquq normalarining buzilishiga sababchi bo'lishi yaxshi ma'lum.
Deontologik qoidalarning buzilishi tufayli bemorlar, ularning qarindoshlari va tibbiyot hodimlari o'rtasidagi har xil kelishmovchiliklar, ayniqsa davolashning nohush oqibatlari bunday voqealarning sababchisi bo'lishi mumkin. Ba'zan tibbiyot deontologiyasi qoidalariga rioya qilinmasligi natijasida bunday kelishmovchiliklar bemorlarni to'g’ri davolaganda ham ko’pchilik komissiyalar, xatto tergov va sud organlari tahlilining asoschisi hisoblanishi mumkin.
Boshqa hollarda marhumning qarindoshlari davolashning ko'ngilsiz oqibati uchun qayg’urayotgan shifokorni ko’pchilik hollarda davolashning nohush oqibati sodir bo'lishida tibbiyot deontologiya qoidalariga rioya qilinganligini tasdiqlaydilar.
Oliy o’quv yurtida butun o’quv yillari davomida tibbiyot instituti talabalarini tarbiyalash, jumladan huquqiy tarbiyalash kafedralararo dasturga binoan amalga oshiriladi.
Bo'lajak shifokorni huquqiy, qisman demokratik tarbiyalashdagi deontologik tarbiyaning vazifasi - hozirgi zamon tibbiyotida insonparvarlik g’oyalarini o'zida mujassamlantiruvchi shifokorni tarbiyalash, shifokorlik faoliyati va hayotining mazmuni ekanligini uning ongiga singdirish, bu odat shifokorning maqsadi, o'lchami, intilishi va kundalik hulqini ko'rsatishdir.
Institutda o'qitish va tarbiyalashdan maqsad, undagi o'qituvchilarning o'z hizmatlariga sidqidildan yondashib shaxsiy namuna bo'lishlari hamda yaxshi e'tiqodli shifokorlarni tarbiyalashda jonbozlik ko'rsatishlari bilan xarakterlanadi. Bo'lajak shifokor o'z hayotida murakkab, o'z o'zini tarbiyalashdek og’ir yo'lni bosib o'tishi zarur.
O'z - o'zini tarbiyalash - qiyin va uzoq davom etuvchi jarayon, busiz o'z kasbi va zamoniga loyiq mutahassis bo'lib etishishning iloji yo'q.
Do'stlaringiz bilan baham: |