Xiva xonligi
Xiva xonligi — oʻzbek davlatchiligi tarixi
bosqichlaridagi uchta xonlikdan biri
(1512—1920 yillarda). Poytaxti — Vazir,
Koʻhna Urganch, 16-asrning 70-yillaridan
boshlab — Xiva shahri.
Xiva xonligi bayrogʻi, 1917—1920
Temuriylar tasarrufida boʻlgan Xorazm
hududini Shayboniyxon 1505 yilda bosib
olgan. Shayboniyxon vafoti (1510 yil) dan
keyin Xorazm Eron safaviylari qoʻl ostiga
oʻtdi. Ularga qarshi xalq qoʻzgʻoloni boʻlib,
unga Vazir qalʼasi qozisi Umar va
Baqirgʻon qishlogʻidan mulla Sayd
Hisomiddin boshchilik qildi. Ikki yil
davom etgan kurashlar natijasida
eroniylar mamlakatdan quvib chiqarilgan
va xorazmliklar taklifi bilan 1511 yilda
Vazir shahrini egallagan shayboniylardan
Elbarsxon Xorazm hukmdori deb tan
olingan.
Tarixi
Elbarsxon (1511—16) bilan birga Dashti
Qipchoqdan Xorazmga kelgan xalqlar
oʻtroqlashganlar. Uning davrida
xorazmliklar Turkmanistonning janubiy
qismi, Eron shimolidagi Saraxs, Orol va
Mangʻishloqni egallashgan. Yangi yerlarni
Elbarsxon oʻgʻillari va ukasi,
qarindoshlariga boʻlib berishi natijasida
mayda hokimliklar paydo boʻlgan.
Elbarsxon vafotidan keyin uzluksiz oʻzaro
nizolar sababli xonlar tez-tez almashib
turgan. 16-asrda Xiva xonligini Sulton
Hojixon (1516), Husaynqulixon (1516),
Soʻfiyonxon (1516—22), Bujaqaxon (1522
—26), Avaneshxon (1526—38), Alixon
(1538—47), Akatoyxon (1547—56),
Yunusxon (1556—57), Doʻstxon (1557—
58), Hoji Muhammadxon (1559—1602)
lar boshqarganlar. Bu davrda xalq,
Elbarsxon avlodlari oʻrtasidagi oʻzaro
qirgʻinlaridan tashqari Buxoro va Xiva
xonligi oʻrtasida urushlar azobini ham
tortishga majbur boʻlgan. Buxoroliklar
Ubaydullaxon va Abdullaxon II
hukmronlik davrlarida (1537—38; 1593;
1595—98) Xorazmga hujumlar qilib,
qisqa vaqt Xiva xonligini Buxoroga
boʻysundirganlar. Bu urushlar va 16-
asrning 70-yillarida Amudaryo oʻzanining
oʻzgarib, Kaspiy dengiziga oqmay
qoʻyganligi ham Xorazm iqtisodiyotiga
salbiy taʼsir koʻrsatgan.
17-asr boshlariga kelib, Xorazm taxti
uchun boʻlgan sulolaviy kurashlardan
soʻng , taxtga oʻtirgan Arab
Muhammadxon davrida Xiva xonligida
davlat parokandaligi oʻzining yuqori
choʻqqisiga yetgan. Rus kazaklari,
qozoqlar va qalmiqlarning talonchilik
yurishlari, Arab Muhammadxonning
oʻgʻillari Habash va Elbarslarning
otalariga qarshi chiqishlari
parokandalikni avj oldirgan. Bu kurashda
ularning qoʻli baland kelib, otalarini qatl
ettirishga erishadilar. Padarkush Elbars
va Habash sultonlar (1621—23) akalari
Asfandiyor (Isfandiyor, 1623—43)
tomonidan taxtdan tushirilib, qatl
qilingan. Eron shohi Abbos I homiyligida
taxtga chiqqan Asfandiyorxon davrida
mamlakat siyosiy hayotidagi keskinlik
saqlanib qoldi. Orol boʻyidagi oʻzbek
qoʻngʻirotlari Asfandiyorga boʻysunmay
qoʻyishgan. Mamlakatda tarqoqlik va
zulm kuchaygan. Bundan foydalangan
yirik mulkdorlar Abulgʻoziy Bahodirxonni
1643 yilda xon qilib koʻtarishgan.
Abulgʻoziy Bahodirxon akasi vafotidan
keyin 1644 yilda Xiva xonligi taxtiga
oʻtirgan. U markaziy hokimiyatni
mustahkamlab, Buxoro xonligining
Chorjoʻy, Vardanza, Qorakoʻl, Karmana
atroflariga bir necha marta harbiy
yurishlar qildi.
Abulgʻoziy Bahodirxon 1662 yilda Buxoro
xoni Abdulazizxon bilan sulh tuzib, 1663
yilda hokimiyatni oʻgʻli Anushaxonga
topshirgan. Shunga qaramay Xiva
qoʻshinlari Buxoro, Samarqand, Qarshiga
talonchilik yurishlarini davom ettirgan.
1685 yilda Xiva qoʻshinlari Gʻijduvon
yaqinida magʻlubiyatga uchragach,
Buxoroning Xiva xonligiga taʼsiri
kuchaygan. Buxoro xoni Subhonqulixon
Anushaga qarshi fitna uyushtirib, uning
oʻgʻli Arang Muxammadxonga taxtni
egallashga yordam berdi. Lekin uning
hukmronligi juda qisqa boʻlgan. 17-
asrning oxiri — 18-asr boshlarida Xiva
xonligida Xudoydodxon (1687—88),
Oʻzbekxon—Arnakxon (1688—90), Joʻji
Sulton (1694—97), Valixon (1697—99),
Shohniyozxon (1699—90), Shohbaxtxon
(1702—03), Sayid Alixon (1703—05),
Musaxon (1705—06), Yodgorxon (1706—
13) kabi oʻnlab xonlar almashgan. Bu
mamlakat ahvolini yanada
ogʻirlashtirgan. Xuddi shu davrga kelib
Rossiyaning Sharqqa boʻlgan qiziqishi
ortgan va Petr I 1714—17 yillarda
Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy
boshchiligida Xivaga harbiy ekspeditsiya
joʻnatgan. Xiva xoni Shergʻozixon (1714—
28) Qayragʻoch darasidagi ochiq
toʻqnashuvda katta talafotga uchragach,
harbiy hiyla ishlatib, rus qoʻshinlarini 5 ta
shaharga boʻlib yuborgan va ularni
alohida-alohida qirgʻin qilgan. Bu paytda
ichki nizolar, zulm avj olgan, Orol boʻyi
aholisi Xivaga boʻysunmay qoʻygan edi.
1728 yilda Xivadagi Shergʻozixon
madrasasi qurilishida qullar qoʻzgʻolon
koʻtarib, xon va uning mulozimlarini qatl
qilishgan. Shu voqeadan keyin Xiva
xonligida siyosiy oʻyin yana avj olgan.
Xiva xonligidagi oʻzaro urushlarda
Elbarsxon (1728—39) hokimiyatni qoʻlga
kiritgach, ichki nizolarni bostirib, qoʻshni
hududlarga bosqinchilik yurishlarini
amalga oshirgan. 1740 yilda Eron shohi
Nodirshoh Xiva xonligiga bostirib kirib,
uni oʻziga boʻysundirgan. 1741 yilda
xorazmliklarning qoʻzgʻoloni eroniylar
tomonidan bostirilgan.
18-asr oʻrtalaridagi xonlar goh Eron
shohlarining xohishi, goh Buxoro
hukmdorlarining taʼsiri, goh mahalliy aholi
qoʻngʻirot urugʻining yordami bilan tez-tez
almashinib turgan. Bu davrda Tohirxon
(1739—40), Abulxayrxon (7—8 kun),
Nuralixon (1740—42), Abulgʻoziyxon II
(1742—46), Gʻoyibxon (1746—56),
Qoraboyxon (1756—57), Temurgʻoziyxon
(1757—64) va boshqalar Xiva xonligida
rasman hukmronlik qilishgan. 18-asrning
60-yillaridan badavlat shaharliklar va
ruhoniylarning qoʻllab-quvvatlashiga
erishgan qoʻngʻirot urugʻlari Xiva
xonligida hokimiyatni qoʻlga ola
boshlagan. Inoq Muhammad Amin (1770
—90) 1770 yilda turkmanlarning
qarshiligini sindirib, 1782 yilda Buxoro
amirligi hujumini qaytarib, Xiva xonligida
qoʻngʻirotlarning amaldagi hokimiyatini
mustahkamlagan. Avaz Muhammad Inoq
davrida Xiva xonligida markaziy
hokimiyat mustahkamlanib, iqtisodiy
ahvol birmuncha yaxshilangan. Bu bilan
19-asr boshlarida qoʻngʻirotlar sulolasi
hokimiyatni rasman egallashiga zamin
tayyorlagan. Muhammad Amin Inoq va
Avaz Muhammad Inoqlar chingiziy
sultonlar nomidan hokimiyatni
boshqargan boʻlsalar, ularning vorisi
Eltuzar (1804—06) 1804 yilda
Abulgʻoziyxon V Yodgorxon oʻgʻli (1802—
04)ni taxtdan tushirib, oʻzini xon deb eʼlon
qilgan. Shuning uchun ham Eltuzarxon
Xiva xonligi taxtiga oʻtirgan qoʻngʻirotlar
sulolasining 1-xoni hisoblanadi. Uning
vorisi, inisi Muhammad Rahimxon I Xiva
xonligini birlashtirishni nihoyasiga
yetkazgan. 1811 yilda bir qancha
yurishlardan keyin qoraqalpoqlarni ham
Xiva xonligi tarkibiga qoʻshib olgan. U
oʻtkazgan siyosiy, maʼmuriy, iqtisodiy
islohotlar natijasida boshqaruv tizimi
takomillashib, soliqlar tartibga tushgan.
Olloqulixon (1825—42), Rahimqulixon
(1842—45) va Muhammad Aminxon
(1846—55) davrlarida Xiva qoʻshinlarining
Xurosonga yurishlari kuchaydi, Marv
shahri uchun Buxoro amirligi bilan tez-tez
urushlar boʻlib turgan. Xiva xonlari bu
davrda Sirdaryoning Orol dengiziga
quyiladigan joyidan Turkmaniston
hududidagi Kushkagacha boʻlgan yerlarni
boshqargan. 1855 yilda Saraxsni qamal
qilish paytida Muhammad Aminxonning
halok boʻlishi mamlakatda
parokandalikka sabab boʻlgan.
Abdullaxon (1855—56),
Qutlugʻmurodxonlar (1856) 6 oydan koʻp
hukmronlik qilmaslaridan oʻldirilgan.
1856 yilda taxtni Sayd Muhammadxon
(1856—64) egallagan.
Xiva xonligida soʻnggi mustaqil hukmdor
Feruz taxallusi bilan ijod qilgan
Muhammad Rahimxon II (1864—1910)
boʻlgan. Uning davrida xonlikning siyosiy,
iqtisodiy, madaniy jihatdan oʻsishi koʻzga
tashlanadi. Lekin, 1873 yilda Rossiya
Xiva xonligini bosib olgan, Muhammad
Rahimxon II va K.P.Kaufman imzolagan
Gandimiyon shartnomasiga koʻra, Xiva
xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylanib
qolgan. Asfandiyorxon (1910—18)
Rossiyadagi oʻzgarishlar sabab Xiva
xonligida zulmni kuchaytirgan. Shu bilan
birga Rossiya hukumati talabi bilan 1910
—13 yillarda vazir Islomxoʻja
boshchiligida islohotlar oʻtkazishga
harakat qilgan. 1914—16 yillarda
soliqlarning koʻpayishi, iqtisodiy
ahvolning ogʻirlashishi sababli xalqning
norozilik harakati kuchaydi.
1917 yilda Rossiyadagi fevral inqilobi
taʼsirida Yosh xivaliklar va boshqa siyosiy
kuchlarning talabi bilan Asfandiyorxon
majlis chaqirish va nozirlar kengashini
tuzish toʻgʻrisidagi manifestga imzo
chekkan. 1917 yil oxirlarida Xiva
xonligidagi sovetlarga moyil kuchlarning
olib chiqib ketilishi majlisning
tugatilishiga asos boʻlgan. 1918 yilning
yanvarida soʻnggi rus askarlarining Xiva
xonligidan chiqib ketishi Junaidxon Xiva
shahrini egallashiga imkon bergan.
Asfandiyorxon Junaidxon qoʻlida
qoʻgʻirchoq hukmdorga aylanib qolgan.
Siyosiy oʻyinlar sababli 1918 yil oktyabr
oyida Junaidxon tomonidan
Asfandiyorxon oʻldirilgan va soʻnggi xon
Sayd Abdullaxon (1918 yil oktyabr —
1920 yil 2 fevral) taxtga chiqarilgan. Bu
davrda Xiva xonligi mustaqil davlat
sifatida faoliyat yurgizgan. Yosh xivaliklar
qizil armiyaning yordami bilan 1920 yil 2
fevralda Sayd Abdullaxonni taxtdan
tushirishgan va Xiva xonligi tugatildi deb
eʼlon qilishgan.
16—19-asrlar davomida Xiva xonligi
hududlari doimo oʻzgarib turgan. Dastlab
xonlik hududi Xorazm vohasidagina
joylashgan boʻlsa, keyinchalik uning
chegarasi janubda Eron va Marvgacha,
shimolda Ural daryosigacha boʻlgan
Hududiy tuzilishi
yerlarga choʻzilgan, sharqda Buxoro
amirligi, gʻarbda esa Kaspiy dengizi
qirgʻoqlarigacha yetgan. Ruslar
bosqinidan keyin Amudaryoning chap
qirgʻogʻida 62237,2 km² yer maydoniga
ega kichik vassal davlatga aylanib
qolgan. Aholisining soni ham doimo
oʻzgarib turgan. Oʻrtacha 1 mln. kishi
atrofida aholi yashagan. Uning
koʻpchiligini oʻzbeklar, turkmanlar,
qoraqalpoqlar, kam sonli forslar, arablar,
ruslar va boshqalar tashkil qilgan.
Xiva xonligi boshqaruv
tizimi, asosan, Buxoro va
Qo qon xonliklaridek
bo lib, farqi, 19-asr
boshlaridan xon huzurida
Kengash (Devon) bo lgan.
Eng yuqori amaldorlardan
tashkil topgan kengash
vakolati cheklangan.
Asosiy qarorlar xon
tomonidan qabul qilingan
bo lsada, amaldorlarning
xonlik boshqaruvidagi
mavqei baland edi. Mansab
va unvonlar
harbiymaʼmuriy, harbiy va
diniy toifalarga
bo lingan. Inoq, otaliq,
biy, amir ulumaro, mehtar,
qushbegi, beklarbegi,
devonbegi va boshqa unvon
va mansablar xonlik
iqtisodiy, siyosiy,
moliyaviy, harbiy hayotida
muhim o rin tutgan. Xonlik
sud ishlari, asosan, diniy
ulamolar qo lida bo lib,
ularning mamlakat hayotida
taʼsiri kuchli bo lgan.
Xonlikda davlat tili oʻzbek tili boʻlib,
Buxoro va Qoʻqondan farqli oʻlaroq
barcha farmonlar, davlat hujjatlari faqat
oʻzbek tilida yozilgan. 16 — 18-asrlarda
Xiva xonligining maʼmuriy jihatdan
boʻlinishi viloyat deb atalgan boʻlsa, 18-
asrdan beklik deb atala boshlagan.
Dastlab xonlikda 16 ta viloyat, 2 ta noiblik
boʻlgan boʻlsa, keyinchalik viloyatlar soni
22 taga yetgan. Ularni xon tomonidan
tayinlangan hokim va noiblar
boshqargan. Xiva sh. esa xon va bosh
vazir tomonidan boshqarilgan.
Ijtimoiy hayotda xon va uning amaldorlari
va diniy ulamolarning mavqei yuqori
boʻlib, iqtisodiy hayotning asosini tashkil
qiluvchi yer ham, asosan, ular qoʻlida
boʻlgan. Kam yerli va yersiz dehqonlar
ulardan ijaraga yer olib ishlaganlar va
ularning ahvoli juda ogʻir boʻlgan. Sunʼiy
sugʻorishga asoslangan dehqonchilik
mamyaakat iqtisodida muhim oʻrin
tutgani uchun Amudaryodan chiqarilgan
kanallarni qazish davlat ahamiyatiga
molik ish hisoblangan. Shuningdek,
chorvachilik, hunarmandchilik,
savdosotiq ham iqgisodiy hayotda
muhim oʻrin tutgan.
Xonlik harbiy qoʻshini va qurol aslahasini
yaxshilash juda past darajada boʻlgan.
Qoʻshinni koʻproq yarim koʻchmanchi
turkmanlar tashkil etgan. Oldingi
davrlardagi harbiy sohadagi ijobiy
tajribalar rivojlantirilmay tashlab
qoʻyilgan.
Xiva xonligi Buxoro, Qoʻqon, Eron va
Rossiya kabi qoʻshni davlatlar bilan
savdosotiq ishlari olib borgan. Soliqdar
barcha musulmon davlatlaridagidek xiroj,
zakot, boj va juzʼyadan iborat boʻlgan.
Shu bilan majburiy mehnatning baʼzi
turlari amalga oshirilgan.
Boshlangʻich maktabda oʻqish, yozishni
oʻrgangan bolalar madrasalarda
oʻqitilgan. 19-asrda Xiva xonligida 1500
ga yaqin boshlangʻich maktab va 103
Madrasa mavjud boʻlgan. Xiva shahrining
oʻzida 22 ta Madrasa boʻlgan. 19-asrda
Xiva xonligida adabiyot, tarixnavislik,
xattotlik, musiqa sanʼati, meʼmorlik va
madaniyatning boshqa sohalarida
muayyan yutuqlar qoʻlga kiritilgan.
Munis, Ogahiy, Feruz, Komil Xorazmiy,
Kamron, Bayoniy, Xisraviy, Murodiy, Rojiy,
Mutrib Xonaxarobiy, Laffasiylar asarlari
oʻzbek adabiyoti rivojida oʻziga xos
oʻringa ega. Tanbur chizigʻi notasini
yaratgan Komil Xorazmiy "Maqomi Feruz
Shohiy" asari va "Panjgoh" maqomi bilan
oʻzbek millati sanʼatiga katta hissa
qoʻshgan. Abulgʻoziyxon "Shajarayi turk",
"Shajarayi tarokima" asarlari bilan
Xorazm tarixnavislik maktabini boshlab
bergan boʻlsa, Munis va Ogahiylar
tarixnavislik va tarjimonlik maktabini
yaratib, "Firdavs uliqbol", "Zubdat
uttavorix", "Gʻiyos uddavlat", "Jome
ulvoqeoti sultoniy", "Shohid ul iqbol"
asarlari bilan tarix sohasini rivojlantirdilar.
Bayoniyning "Shajarayi Xorazmshohiy",
"Xorazm tarixi" asarlari Oʻzbekiston
tarixini oʻrganishda asosiy manbalar
hisoblanadi.
Hozirgi Xiva shahrida saqlanib qolgan
qad. meʼmorlik inshootlari, asosan,
xonliklar davrida qurilgan. Bularga
Anushaxon hammomi, Shergʻozixon
madrasasi, Muhammad Aminxon
madrasasi, Koʻhna Ark, Toshxovli,
Karvonsaroy, Islomxoʻja minorasi, Qalʼa
devori, Nurillaboy saroyi va boshqa kiradi.
Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992;
Ogahiy, Asarlar, 56j., T., 1978— 80;
Bayoniy, Shajarai Xorazmshohiy, T.,
1994; Xiva ming gumbaz shahri, T.,
1997.
Adabiyot
Do'stlaringiz bilan baham: |