Arabiston yarim oroli.
Arabiston yarim oroli Yevrosiyoning eng katta va arid
iqlimli tabiiy geografik o’lkalaridan biri bo’lib, uning cho’l landshaftlari shimolda
Suriya cho’li va u Sinay yarim oroligacha kirib boradi. Bu yerdagi cho’llar Afrika
tropik cho’llarining davomi hisoblanadi. Arabiston yarim orolining maydoni 3 mln
km
2
dan ziyod. Uning katta qismi Saudiya Arabistoniga, qolgan qismi Yaman Arab
Respublikasi, Omon, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, Iordaniya, Iroq va
Suriyaga qaraydi. Yarim orol janubi-g’arbda Qizil dengiz, janubi-sharqda Adan
qo’ltig’i va Arabiston dengizi, shimoli-sharqda Mesopotamiya pastekisligi, Fors va
Omon qo’ltiqlari va g’arbda O’rta dengiz bilan chegaralanadi.
O’lkaning Omon qo’ltig’iga yaqin qismidan boshqa barcha qismi Afrika
platformasidan ajralgan qadimiy kristall massivda shakllangan. Arxey kristall
jinslari yarim orolning g’arbiy va janubi-g’arbiy qismida yer yuzasiga chiqib yotadi.
Qolgan hududlarda ular yura, bo’r va paleogen dengiz yotqiziqlari tagida qolgan.
Yer yuzasining hozirgi tuzilishi neogenda yuz bergan vertikal tektonik harakatlar va
vulkanizmning mahsulidir.
Tog’lar Arabiston yarim orolining Qizil dengiz sohili bo’ylab tik yon bag’ir
hosil qilib ko’tarilgan. Ularning platosimon tekislangan tepalari chuqur
pastqamliklar bilan alohida massivlarga bo’lingan. Massivlarning balandligi
shimolda 2000-2500 m dan janubda 2700-2800 m gacha ko’tariladi. Makkaning
janubida joylashgan Hijoz tog’larining maksimal balandligi Daka cho’qqisida 3353
m ga yetadi. O’lkaning janubi-g’arbiy chekkasidagi tizmalarning eng baland joyi
Xisha tog’ida 3268 m ga, En-Nabishaib tog’ida 3600 m ga teng. Tog’li rel’ef yarim
orolning sharqiy chekkasi uchun ham xarakterli. Bu yerdagi Omon tog’lari kelib
chiqishiga ko’ra, Al’p burmalanish zonasiga qaraydi va tektonik jihatdan Zagros
tog’larining davomi hisoblanadi. Omon tizmasining eng baland nuqtasi Sham
tog’ida 3353 m ga teng.
Arabiston yarim orolining ichki qismi turli xil balandliklardagi plato va
tekisliklardan tarkib topgan. Ularning geologik tuzilishi va rel’ef shakllari ham
xilma-xil. Rel’efining shakllanishida sahroviy nurash va eol jarayonlar yetakchi rol
o’ynagan. Ichki Arabistonning eng baland ko’tarilgan qismi O’rta Arabiston
platosidir. U Hijoz va Al-Asir tog’laridan sharq tomonda joylashgan va qadimiy
kristall jinslardan tuzilgan. Bu jinslar ayrim joylarda lavalar bilan qoplangan. O’rta
Arabiston platosi rel’efida orollar shaklida 1000-1500 m gacha ko’tarilib turgan
balandliklar ko’p uchraydi. Laxu (1574 m), Tuvayk (1143 m), Ibn-Axmar (1371 m)
kabi tog’lar shular jumlasidandir. O’rta Arabiston platosidan shimolda Katta Nefud
va sharqda Kichik Nefud (Daxna) cho’li joylashgan. Bu cho’llarda sochma qumlar,
balandligi 80-100 m gacha yetadigan qum gryadalari va qum tepaliklari keng
tarqalgan.
291
Yarim orolning janubiy qismida maydoni 650 ming km
2
atrofida bo’lgan Rub-
ul-Xoli cho’li joylashgan. Qumli cho’l g’arbda Jihoz va Sirot tog’ etaklaridan
sharqda Omon tog’ etaklarigacha cho’zilgan. Yer yuzasi g’arbda 500-1000 m dan
sharqda 100-200 m gacha pasayib boradi. Uzoq masofalarga cho’zilib yotgan
ko’chma qum barxanlari va qum gryadalarining balandligi 100-200 m gacha yetadi.
Cho’llarning yer yuzasi ueddalar-quruq o’zanlar bilan kesilgan. Katta Nefud
cho’lidan shimol tomonda Shimoliy Arabiston va Suriya cho’li joylashgan, ularning
poydevori kristall jinslardan iborat. Ustki qatlami bo’r va paleogen cho’kindi jinslari
bilan qoplangan. Shimoliy Arabiston platosining o’rtacha balandligi 400-500 m, eng
baland nuqtalari Al-Garais ko’tarilmasida 1182 m ga, Katob-esh-Shama
ko’tarilmasida 1010 m ga yetadi. Suriya cho’lida qum gryadalari, dyunalardan
tashqari keng pastqam joylar ham uchraydi. Atrofdagi ko’p tarqalgan quruq
o’zanlar-ueddalar berk botiqlarda tugaydi. Arabiston yarim orolining yer bag’ri neft
konlariga, ayniqsa Qatar, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Dammam hududlari neftga
nihoyatda boy. Bu hududdagi neftlar yura davrining ohaktoshlaridan, Baxreyn
orollaridagi neft bo’r yotqiziqlaridan qazib olinadi.
Yarim orolning katta qismi tropik cho’llar zonasida joylashganligi tufayli yil
bo’yi kontinental tropik havo massasi hukmronlik qiladi, atmosfera yog’inlari
nihoyatda kam tushadi. O’lkaning ichki hududlarida va g’arbiy sohillarida yillik
yog’in miqdori 30-50 mm ga ham yetmaydi. Yil bo’yi quruq davr davom etib,
harorat yuqori bo’ladi. Arabistonning faqat shimoliy qismi subtropik mintaqaga
qaraydi. O’lkaning tekisliklari va platolarida yoz oylarining o’rtacha harorati
+25°+30°S ni tashkil etadi. Maksimal harorat Arabistonning markaziy hududlarida
+55°S gacha etadi. Tog’ massivlarida harorat bir oz pasayadi. Yarim orolning
shimoliy qismiga va Suriya cho’liga sovuq havo to’lqini kirib kelgan paytlarda eng
sovuq oyning harorati +10°+15°S gacha tushadi. O’lkaning yog’in ko’p bo’ladigan
joylari Omon va Yaman tog’laridadir. Yillik yog’in miqdori Omon tog’
yonbagrlarida 750 mm ni tashkil etadi.
Arabiston yarim orolining hozirgi iqlim sharoiti daryo to’rlarining
rivojlanishiga imkon bermaydi. Shu sababdan uning katta qismida oqar suvlar
uchramaydi. Keng tarqalgan quruq daryo o’zanlari qadimda nam iqlim davri
bo’lganligidan dalolat beradi. Bu o’zanlardan ahyon-ahyonda bo’lib turadigan
yomg’irlar vaqtidagina suv oqadi. Arabistonni suv bilan ta’minlashning asosiy
manbai yer osti suvlari hisoblanadi. Voha landshaftlarining mavjudligi ham bevosita
grunt suvlari bilan bog’liq.
Arabistonning asosiy qismini tropik cho’l va chala cho’l landshaftlari
egallagan. Bunday joylarda tuproq-o’simlik qoplami kam rivojlangan. O’simliklari
sukkulentlardan (aloy, sutqon), butalardan va tomiri yaxshi rivojlangan astragal,
shuvoq, aristidalardan iborat. Yaman tog’larining mussonlarga ro’para bo’lgan yon
bag’irlari tabiiy va madaniy o’simliklarga boy. O’rmonlar ko’pincha 1000-2000 m
balandliklar oralig’ida tarqalgan. Ular akasiya, mimoza, daraxtsimon sutqon, o’lkan
ajdar daraxti kabilardan iborat. O’rmonlar mintaqasidan pastda o’simlik qoplami
cho’l qiyofasiga, yuqorida esa cho’l-dasht xarakteriga ega. Vohalarda finik palmasi,
ayrim sug’oriladigan sohillarda kokos palmasi o’sadi.
292
Arabiston faunasi G’arbiy Osiyo, O’rta dengiz Yevropasi va Afrika faunasiga
o’xshash. Cho’llarda antilopa, g’izol, yovvoyi eshak-onagr, katta quloqli tulki -
fenek, ola sirtlon va chiyabo’rilar yashaydi. Tog’larda daman, qoplon, gamadrillar
uchraydi. Cho’llarda sudralib yuruvchilardan zaharli qora ilon, kobra yoki
ko’zoynakli ilon, ko’k ilon (gurza), agama va kaltakesaklar ko’p tarqalgan. Cho’l
parrandalaridan to’rg’aylar, chillar, kakliklar xarakterli. Tropik savannalarda deyarli
qirilib ketgan va hozirgi vaqtda juda kam qolgan tuyaqushlar uchrab turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |