Eron tog’ligi.
Old Osiyo tog’liklari orasida maydoni jihatidan eng kattasi Eron
tog’ligidir. Uning maydoni 2,7 mln km
2
, g’arbdan sharqqa 2500 km, shimoldan
janubga 1500 km masofaga cho’zilgan. Eron tabiiy geografik o’lka sifatida shimolda
Turon pastekisligi va Kaspiy dengizi, g’arbda Armaniston tog’ligi, janubi-g’arbda
Mesopotamiya pastekisligi, janubda Fors, Omon qo’ltiqlari va Arabiston dengizi,
sharqda Hind-Gang pastekisligi va Hinduqush tog’lari bilan chegaralanadi. O’lka
uchun yoysimon shaklda cho’zilgan chekka tizma tog’lar, ichki keng yassi tog’liklar
va berk botiqlar, kam rivojlangan gidrografik to’r, quruq iqlim, cho’l va chala cho’l
landshaftlarining hukmronligi xarakterli.
Eron tog’ligining yoysimon cho’zilgan chekka tizma tog’lari ikki polosaga
bo’lingan. Shimoliy polosa Elburs, balandligi 2000-3000 m atrofida bo’lgan
Turkman-Xuroson, Paropamiz tog’ tizmalaridan tashkil topgan. Bu tizmalarning eng
baland joylari Elbursda (Demovend, 5604 m), Turkman-Xurosonning shimoliy
qismi Kopetdog’ (Xazormasjid, 3117 m), janubiy qismi Nishapurda (Ko’hi
Binlaud, 3314 m) va Bandi Turkistonda 3809 m. Kopetdog’ va Nishapur tizmalari
oralig’ida Kuchan-Mashhad botig’i joylashgan. G’arb tomonda bu tog’lar
Turkmaniston Kaspiybo’yi pastekisligining janubiy qismi hisoblangan Gorgan
pastekisligiga tik tushgan. Janubiy polosa Zagros, Makran va Sulaymon
tizmalaridan iborat. Janubiy tizmalarning maksimal balandliklari Zagrosning
markaziy qismidagi Baxtiar tog’ massivida (Zardko’h, 4548 m), Sulaymon
(Obashta, 3441 m) va Markaziy Makran tizmalari (2293 m) joylashgan.
Eron tog’ligining’ ichki qismi O’rta Eron, O’rta Afg’on tog’lari bilan keng
cho’l tekisliklarga va botiqlarga bo’lingan. Ichki tog’larning balandligi 1500-2000
288
m atrofida. Ularning’ ayrim cho’qqilari 4000 m dan ham oshadi. Jumladan, Ko’hirud
tizmasining Xazar cho’qqisi dengiz sathidan 4419 m, Shirko’h cho’qqisi 4075 m,
Sarhad tog’idagi Teftan so’ngan vulkani 4042 m baland. Ichki hududda joylashgan
Dashti Kabir, Dashti Lut, Jazmuriyon, Seyiston, Registon, Dashti Margoh
tekisliklari va botiqlari sho’rhok, gilli, toshloq va qum cho’l landshaftlari bilan band.
Tekislik va botiqlar yuzasining balandligi 200 m dan 600 m gacha, tog’ etaklariga
yaqin joylarda 800 m gacha boradi. O’lka hududidagi kristall, vulkanik va cho’kindi
jinslarda xilma-xil foydali qazilmalar vujudga kelgan. Eronning’ janubi-g’arbiy
qismida, Zagros tog’ etaklarida, Kaspiybo’yi pastekisligida neft konlari mavjud.
Ichki va chekka tog’ tizmalarida temir, mis, rux, qo’rg’oshin ruda konlari, oltin keng
tarqalgan. Shimoliy botiqlardan toshko’mir qazib olinadi. Zagros tizmasining
janubiy qismida, ichki hududlardagi sho’r ko’llar atrofida katta zahiraga ega bo’lgan
osh, kaliy va glauber tuz konlari mavjud.
Eron tog’ligi subtropik iqlim mintaqasida joylashgan. Ichki tekisliklari va
botiqlari tog’ tizmalari bilan o’ralganligi sababli uning hududida quruq kontinental
iqlim, yozda yuqori harorat ustunlik qiladi. Tog’likning katta qismida iyulning
o’rtacha harorati +24°S atrofida. Markaziy tekisliklarda va janubda harorat
+30°+32°S gacha boradi. Yozda tropik havo shakllanib harorat +40°+50°S gacha
ko’tariladi. Yanvarning o’rtacha harorati Kaspiybo’yida +10°S, janubda +15°S.
Ichki botiqlarda va tog’likning katta qismida esa 0°S atrofida. Ichki cho’llarda
yog’in miqdori 50-100 mm dan oshmaydi. Chekka tog’larning ichki yonbag’irlarida
200-300 mm gacha ko’payadi. Elburs tog’ining shimoliy yonbag’rida va Kaspiy
sohilida 1000-2000 mm ni tashkil etadi. Musson ta’sirida bo’lgan Xayber va
Sulaymon tog’larining janubi-sharqiy yonbag’irlariga 1000 mm yog’in tushadi.
O’lka yer usti suvlariga juda kambag’al. Daryolari Kaspiy dengizi, Fors va
Omon qo’ltiqlari hamda berk havzalarga qaraydi. Eng yirik daryolari Atrek, Gorgan,
Gerirud, Keshefrud, Gilmend, Xashrudlardir. Ko’pchilik vohalar daryo vodiylari
bo’ylab joylashgan. Yer usti suvlari aholining suvga bo’lgan talabini to’liq qondira
olmaydi. Shuning uchun kishilar ko’pchilik joylarda quduqlar va korizlar qazib yer
osti suvlaridan ham foydalanadilar. Eron tog’ligida ko’llar mo’tadil tarqalgan. Biroq
ular sayoz, sho’r, aksariyati yozda qurib qoladigan ko’llardir. Bular Daryochai-
Namak, Bextegan, Jazmurian, Gaudi-Zira, Sabari va boshqa ko’llardir. Ularning
atrofini sho’rxoklar qoplab olgan. Ko’llarning suv rejimi va qiyofasining o’zgarishi
atmosfera yog’inlariga bog’liq.
O’lka hududida cho’l bo’z tuproqlari va chala cho’l qo’ng’ir tuproqlari, tekislik
va botiqlarda sho’rxok tuproqlar rivojlangan. Ayniqsa Dashti Kabirning katta
maydoni sho’rxok cho’llar bilan band. Tog’larda och tusli va qoramtir kashtan
tuproqlar, Elburs va Sulaymon tog’lari yonbag’irlarida o’rmon qo’ng’ir tuproqlari
uchraydi. O’simlik qoplamida tog’ cho’liga va quruq dashtlarga xos kserofitlar
formasiyasi hukmronlik qiladi. Ular ichki tekisliklarda, platolarda, kam yog’in
tushadigan tog’ yonbag’irlarida quruq iqlimga moslashgan holda o’sadi. Kserofit
flora tarkibida astragallar, akantolimonlar, espartsetlar ko’p uchraydi. Gilli
cho’llarda tropik mintaqaga xos akasiyalar, baland bo’yli boshoqli o’tlar, cho’l
lishayniklari o’sadi.
289
Keng bargli o’rmonlar Janubiy Kaspiy pastekisligida va Elburs tog’ining 2000
m balandlikkacha bo’lgan shimoliy yon bag’irida o’sadi. Ularning tarkibida
kashtanbargli eman, boshqa turdagi emanlar, buk, grab, gledichiya, doimiy yashil
shamshod, temir daraxti ko’pchilikni tashkil etadi. Turkman-Xuroson, Paropamiz va
Sulaymon tog’larida pistazorlar, daraxtsimon mojjevelniklar uchraydi. Balandda
ular butazorlar va Al’p o’tloqlari bilan almashinadi. Daryo vodiylari bo’ylab
qamishzorlar, yulg’unzorlar va oleandrazorlar polosasi cho’zilgan. Dengiz
sohillarida, vodiylarda va tog’ etaklarida yirik vohalar joylashgan. Janubiy
hududlarda shakar qamish, finik palmasi plantasiyalari bor. Ichki tekisliklarda va
tog’larda antilopa jayron, tog’ echkisi, tog’ qo’yi, yovvoyi cho’l mushugi, chiya
bo’ri va kemiruvchi hayvonlar yashaydi. Tog’ o’rmonlarida qo’ng’ir ayiq, kosulya,
yo’lbars, qoplonlar uchraydi. To’qayzorlarda yovvoyi cho’chqa, janubiy cho’llarda
g’izol, bengal echkemari, mangustalar bor. Daryo va ko’l-bo’yi chakalakzorlari
qushlarga boy.
Do'stlaringiz bilan baham: |