Kavkaz.
Kavkaz g’arbda Qora va Azov dengizlari bilan, sharqda Kaspiy
dengizi bilan chegaralangan. Shimolda Kuma-Manich botig’i orqali Sharqiy
Yevropa tekisligidan, janubda Rioni-Kura cho’kmasi orqali Armaniston tog’li
o’lkasidan ajralib turadi. Kavkaz hududining katta qismini Al’p bosqichida paydo
bo’lgan yosh baland tog’lar va kichikroq qismini paydo bo’lishi tog’lar bilan
chambarchas bog’liq bo’lgan tekisliklar va balandliklar egallagan. Kavkazning
geologik rivojlanish tarixi juda murakkab. Uning hududida burmalanish dastlab
kaledonda, so’ngra gertsin bosqichida sodir bo’lgan. Kavkazning hozirgi tektonik
tarkibi yura davridan shakllana boshlagan. Paleozoydagi ko’tarilishlar Katta
Kavkazda orollar shaklidagi quruqlik massivlarini hosil qilgan. Neogenda Katta
285
Kavkaz va Zakavkaze geosinklinallarida vertikal harakatlar kuchayib tog’larning
maydoni kengayadi, tog’oldi va tog’oralig’i cho’kmalari vujudga keladi. Neogenda
burmalanish bilan birga vulqonlar faoliyati ham kuchayadi. Bu davrda Katta Kavkaz
Zakavkaze tog’ligi bilan tutashadi. Antropogenda yangi ko’tarilishlar natijasida
Katta Kavkaz tog’lari yoshargan, Elbrus va Kazbek cho’qqilari harakatdagi
vulkanlar bo’lgan.
Kavkaz geologik tuzilishi jihatidan Kavkazoldi va Katta Kavkazga bo’linadi.
Kavkazoldining shimoliy va o’rta qismlari gertsin burmalanishida vujudga kelgan
platformali strukturaga ega bo’lib, u Skif platformasining bir qismi hisoblanadi.
Katta Kavkaz bilan Kavkazoldi oralig’ida kambar tektonik bukilma cho’zilgan.
Uning g’arbiy qismi Indol-Kuban bukilmasi, sharqiy qismi Terek-Kaspiy bukilmasi
deb ataladi. Kavkazoldining o’rta qismidagi Stavropol balandligining asosini kam
o’zgargan gertsin burmali platformasi tashkil etadi. Beshtov lakkolitlari to’rtlamchi
davr magmatizmi vujudga keltirgan vulkanogen shakllardir.
Katta Kavkazning yadrosi yuqori proterozoy, paleozoy, trias jinslaridan
tuzilgan. Ularning yura, bo’r, paleogen va neogen davrlarining cho’kindi qatlamlari
qoplab olgan. Uning o’ziga xos geologik xususiyati antiklinal tuzilishga ega
ekanligidir. Katta Kavkaz Al’p geosinklinal oblastning chekka megaantiklinoriy
zonasiga kiradi. Kolxida, Kura-Araks pastekisliklari, Kichik Kavkaz, Tolish tog’i va
Javaxet-Armaniston tog’ligi Katta Kavkazdan farq qilib, Al’p geosinklinal
oblastining ichki burmali-struktura zonasiga kiradi. Kavkazning shimoliy
hududlarida - Kuban tekisligi, Stavropol balandligi, Checheniston va Dog’istonda
neft va tabiiy gaz konlari keng tarqalgan. Ular paleogen va neogen yotqiziqlaridan
qazib olinadi. Katta Kavkazda metall rudalar, shimoliy yonbag’irida, Sadonda
tarkibida rux, qo’rg’oshin, kumush ko’p bo’lgan polimetall konlari, volfram va
molibden ruda konlari mavjud. Kavkaz shifobaxsh mineral suvlarga juda boy.
Mineral buloqlar asosida ko’plab sihatgohlar tashkil etilgan.
Kavkazning geomorfologik strukturasi asosan yirik tog’ massivlaridan,
balandliklardan, pastekisliklardan tarkib topgan. U genetik jihatdan bir xil bo’lgan
ikkita geomorfologik oblastga Kavkazoldi va Katta Kavkazga bo’linadi. Kavkazoldi
G’arbiy va O’rta Kavkazoldi hamda Kaspiybo’yi pastekisligining bir qismi bo’lgan
Terek-Kuma pastekisligidan iborat. G’arbiy Kavkazoldi Kuban-Azovbo’yi
pastekisligi deb atalib, o’rtacha balandligi 50-100 m atrofida. O’rta Kavkazoldining
asosiy orografik birligi Stavropol balandligidir. Uning mutloq balandligi Strijament
tog’ida 831 m, balandlikdan janubi-sharqda dasht zonasi o’rtasida 18 ta orol
shaklidagi lakkolitlar ko’tarilgan. Ularning eng baland nuqtasi Beshtov tog’ida 1401
m ni tashkil etadi. Lakkolit tog’lardan janubi-sharqda Terek va Sunja balandliklari,
ularning oralig’ida Alxanchurt vodiy botig’i joylashgan. Balandliklarga g’arbdan va
janubdan Kabarda, Osetin va Chechen qiya tekisliklari tutashgan. Sharqiy
Kavkazoldi yoki Terek-Kuma pastekisligi suglinkali, gilli va sho’rxok chala cho’l
tekisliklaridan, Terek va Kuma qum massivlaridan, Terek va Sulak daryolarining
del’talaridan iborat.
Katta Kavkaz tipik tog’ landshaft oblasti bo’lib, 1100 km masofaga cho’zilgan,
eng keng joyi Elbrus hududida 180 km, maydoni 145 000 km
2
. U g’arbda Taman va
286
sharqda Apsheron yarim orollari bilan tugaydi. O’lka rel’ef xususiyatlariga ko’ra
uch qismga bo’linadi: G’arbiy, Markaziy va Sharqiy Kavkaz. Ular o’rtasidagi
chegara Elbrus va Kazbek meridianlari orqali o’tadi. Katta Kavkazning baland tog’
zonasi ikkita tizmadan -Bosh yoki Suvayirg’ich yaxlit tizmadan va unga shimol
tomondan cho’zilgan Yon tizmadan iborat. Ularning tuzilishida kristall jinslar,
ohaktoshlar, gilli slaneslar, konglomeratlar ishtirok etadi. Katta Kavkazining eng
baland qismi Markaziy Kavkazdir. Uning ko’pchilik cho’qqilarining balandligi 5000
m dan oshadi. Jumladan, Elbrus cho’qqisi 5642 m, Dixtov 5204 m, Kashtantov 5151
m, Shxara 5068 m, Kazbek 5033 m baland. G’arbiy Kavkaz Markaziy qismga
nisbatan pastroq. Uning eng baland cho’qqilari Domboyo’lgan (4046 m), Gvandra
(3983 m), Pshish (3785 m) lardir. Tizmaning janubiy yonbag’irida kanonsimon
vodiylar bilan kesilgan Abxaz, Gagra, Bzib, Kodor palaxsali tog’lari ko’ndalang
joylashgan. G’arbiy Kavkaz sohil tomon pasayib borib, Qora dengiz Kavkazini hosil
qiladi. Sharqiy Kavkaz G’arbiy Kavkazga nisbatan baland. Uning bir necha tog’
cho’qqilari 4000 m dan yuqori ko’tarilgan. Bular Tebulosta (4493 m), Bozordyuzi
(4466 m), Shak (4451 m), Diklosmta (4285 m), Shoxdog’ (4243 m) va boshqalardir.
Sharqiy Kavkazning shimoliy yon bag’irlarida Dog’istonning yirik burmali tog’
tizmalari - Andiya, Bogos, Gimri, Samur joylashgan. Uning sharqiy chekka past
qismi Kaspiy Kavkazi deb ataladi.
Kavkaz mo’tadil va subtropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Katta
Kavkazning suvayirg’ich zonasidan shimoliy qismi mo’tadil iqlim, janubiy qismi
subtropik iqlim xususiyatlariga ega. Kavkazoldida qish sovuq, yanvarning o’rtacha
harorati -2°-5°S, janubiy tog’ etaklarining g’arbida +5°S, sharqda +3°S. Yoz issiq,
iyulning o’rtacha harorati g’arbda +23°+24°S ga,
sharqda +25°+29°S ga teng. Katta
Kavkazda iqlim balandlik mintaqalari bo’ylab o’zgarib boradi. Yillik yog’in miqdori
Qora dengiz Kavkazida 1200-1600 mm, Kuban-Azovbo’yi pastekisligi, Ichki
Dog’istonda 400-600 mm, Terek-Kuma pastekisligining g’arbida 350 mm va
sharqida 200 mm. Hozirgi zamon muzliklarining keng tarqalishi Katta Kavkazning
xarakterli xususiyatlaridan hisoblanadi. Muzliklarning soni 2047 ta, umumiy
maydoni 1424 km
2
. Ularning 70% ga yaqini shimoliy yonbag’irda, 30% ga yaqini
janubiy yon bag’irda joylashgan. Eng yirik muzliklar Markaziy Kavkazga to’g’ri
keladi. Kavkazning daryolari Kaspiy (Sulak, Terek, Kuma, Samur, Alazani), Qora
(Rioni, Inguri, Kodori, Bzib) va Azov (Kuban irmoqlari bilan) dengizlari
havzalariga qaraydi. Ular asosan yomg’ir, qor va muzliklardan to’yinib, bahorda va
yozda to’lib oqadi.
Kavkaz hududida tuproq va o’simliklarning taqsimlanishi kenglik zonallik va
balandlik mintaqalik qonuniyatlariga bo’ysunadi. Azovbo’yi pastekisligida va
Stavropol balandligining g’arbiy qismida qalin gumusli qora tuproqlar keng
tarqalgan. Stavropolning sharqida to’q tusli kashtan, undan sharqroqda och tusli
kashtan tuproqlar shakllangan. Terekning quyi qismida sho’r tuproqlar va qumlar,
Kubanning quyi qismida botqoq va o’tloq tuproqlar katta maydonlarni egallagan.
Kolxida pastekisligiga qaragan tog’ etaklarida qizil, sariq, podzol sariq tuproqlar
rivoj topgan. Katta Kavkazda qora va kashtan tuproqlar tog’ o’rmon qo’ng’ir va tog’
287
podzol tuproqlari bilan, undan yuqorida baland tog’ o’tloq tuproqlari bilan
almashinadi.
Kavkazning shimoliy yonbag’irida dasht mintaqasi 200-400 m balandlikda,
o’rmon-dasht mintaqasi 400-800 m balandlikda joylashgan, keng bargli o’rmonlar
mintaqasida (600-1200 m) buk, eman, grab, shumtol, ilm, zarang, qayrag’ochlar
o’sadi. Igna bargli o’rmonlarda (1000-2200 m) baland bo’yli Kavkaz pixtasi, eldor
qarag’ayi, pitsund qarag’ayi, Pallas qora qarag’ayi va oddiy qarag’aylar ko’pchilikni
tashkil etadi. G’arbiy Kavkazda 2200-2600 m, Sharqiy Kavkazda 2600-3500 m
balandliklarda subal’p va al’p o’tloqlari keng tarqalgan. Bu yerda Al’p
qo’ng’irboshi, yaltirbosh, tog’ yo’ng’ichkasi, Kavkaz zirasi o’sadi. Eng yuqorida
nival mintaqa joylashgan.
Kavkaz faunasining asosiy qismi kelib chiqishiga ko’ra O’rta dengizbo’yi va
Old Osiyo faunasi bilan bevosita bog’liq. Kavkazoldi dashtlarida yumronqoziq,
qo’shoyok, olaxurjun, malla quyon, tulki va bo’rilar ko’p, Sharqiy Kavkazoldida
no’g’ay qo’shoyog’i, qumsichqon, dala qumsichqoni uchraydi. Terek va Sulak
del’talaridagi to’qayzorlar uchun yovvoyi cho’chqa, chiya bo’ri va to’qay mushugi
xarakterli. Tog’ o’rmonlarida asl bug’u, o’rmon suvsari, o’rmon mushugi, tog’
echkisi, uykuchi olmaxonlar yashaydi. Kavkazda noyob landshaftlarni muhofaza
qilish va ularni tabiiy holda saqlash maqsadida Risa, Pisunda- Myusser, Arxiz,
Teberda, Kabarda-Balqar, Shimoliy Osetiya, Zakatali va boshqa qo’riqxonalar
tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |