Tarbiyai avlod
«Oila vazifalaridan biri avlodni tarbiyalashdan iboratdir. YOsh avlodni tarbiyalash hayotiy vazifalardan bo’lib hisoblanadi. Ma’lumki, dunyo kurashning umumiy maydoniga o’xshaydi va bu maydonning pahlavonlari insonlardir. Har bir kishi barkamollik yoshiga yetgach, u o’z saodati ta’mini uchun shu maydonga kirmasdan iloji yo’qdir. Bu kurashda g’olib chiqish uchun uch xil o’lchov quroli (salohi masseh)ga ega bo’lish kerak. 1. Salomatlik; 2. Sog’lom fikr (nuqsonsiz fikr, ya’ni yuqori iste’dod); 3. Axloqi sano (oliy darajali axloq, ya’ni axloqi poklik).
Fitrat «Har bir kishi shu uch quroldan birisisiz maydonga kirsa, albatta mag’lub bo’lishi tabiiydir, deb aytib, bu bilan uch tarbiyani doimo qo’shib olib borish kerakligini, agar bu tarbiyalarning birontasi kam bo’lsa, yetuk kishi tarbiyalab bo’lmasligini ko’rsatmoqchi bo’ladi. YAna aytadiki: «Agar har bir ota o’z farzandining badbaxt bo’lishini xohlamasa, uni bu maydonning g’olibi qilib tayyorlashi kerak. Farzandingizni jismoniy, aqliy, ruhiy tomondan barkamollikka yetkazing va jamiyatning qobil a’zosiga aylanishi uchun g’amxo’rlik qiling».
U bola tarbiyasi faqat oiladagina olib borilmasdan, bu ish bilan keng jamoatchilik, davlat ham shug’ullanishi kerakligini, chunki davlatning kelajagi mana shu yoshlar qo’lida bo’lishini ta’kidlab o’tadi. «Bolalarni barkamol qilib yetkazish uchun uning tarbiyasiga faqat oilagina javobgar bo’lmasdan, butun qavm a’zolari javobgardirlar, chunki yoshlar har tomonlama yetuk inson bo’lib tarbiyalansa, qavmning kelgusi taraqqiyotida katta ahamiyatga ega bo’ladi».
Tarbiyai badaniya
Fitrat jismoniy tarbiyaga, kishining salomat va baquvvat bo’lib tarbiyalanishiga alohida e’tibor beradi: «Badan tarbiyasiga qadim zamonlardan boshlab katta ahamiyat berilgan. Insonning butun a’zosi salomat va quvvatga ega bo’lmasa, unda inson uzoq yashamaydi. Agar insonning tanasidagi a’zolaridan biriga halal tegsa, u kishi ishdan qo’lini tortib, boshqalarning muhtojiga aylanadi. Bizning farzandlarimiz ilm olish bilan birga, ularning badan tarbiyasiga ahamiyat berishimiz lozimdir».
Fitrat bolalarning toza havoda bo’lishlari, atrof, tabiat go’zalliklaridan estetik zavq ola bilishlariga ahamiyat beradi va deydi: «Havo inson uchun ovqatdan ham muhimdir. Besh-olti soat ovqatsiz turish mumkin, bir daqiqa havosiz turish mumkin emas. SHuning uchun go’daklarni hamma vaqt sof havoga, bog’-chorbolarga olib chiqish lozimdir. Farangdagi shaharlarning har taraflarida bolalar uchun chorbog’lar, havo maydonchalar yaaratilgan. Bulardan tashqari, ularning maktablarida bolalar tanaffus vaqtlarida maxsus maydonchalarda turli o’yinlar o’ynaydilar.
Fitrat bolalarning jismoniy tarbiyasida turli harakatli o’yinlar katta o’rin tutishini ham aytib o’tadi. Ota-onalariga o’z bolalarining shunday o’yinlar bilan mashg’ul bo’lishlarini ta’min etishlarini maslahat beradi: Harakat har bir kishi uchun, ayniqsa bolalar uchun ham zarurdir. SHuning uchun bolalarni jismoniy chiniqtirishda ularni ayrim o’yinlar bilan mashg’ul qilish foydalidir. Bolalarni o’yindan man etishning foydasi yo’qdir. Ularning doimo bir joyda o’tirishlari, harakat qilmasliklari ularni badanlarini zaif bo’lishlariga olib keladi. Ota-onalar doim o’z bolalarini o’yinga tashviq va targ’ib qilishlari lozimdir. Ammo bolalarning o’yinlari odob va axloq doirasidan tashqari chiqmasligi kerak. Fitrat bu harakatli o’yinlar bolaning aqli, farosati, ilmini rivojlanishiga va to’g’ri axloqiy tarbiya topishiga yordam berishi kerak, deb hisoblaydi. U bu o’yinlar orqali bolaga hayotni o’rgatish, aqliy va axloqiy tarbiya ham berish mumkin, asosiysi bolani jismonan chiniqtiradi, deb biladi».
Fitrat yana bolalarning sog’lom, jismonan yetuk bo’lishlari uchun tozalikning ahamiyati juda kattaligini tushuntirib o’tadi: «Nazofat (tozalik) va pokizalik kattalar uchun qanchalik lozim bo’lsa, kichik bolalarga ulardan ko’ra o’n baravar zarurdir. Uning zarurligining ikki jihati bor. Avval bolalar kattalarga nisbatan oldinroq xastalik qobiliyatiga ega. SHuning uchun ifloslik har qanday bemorlikni keltirib chiqaradigan manba bo’lib, ifloslik kattalarga nisbatan bolalarga o’n barobar ziyon yetkazadi.
Ikkinchidan, ular yoshlikdan boshlab pokizalikka o’rgatilsa, pokizalik bora-bora ularning odatiga aylanadi. Aksincha, yoshlikdan ifloslikka o’rgatilsa, katta bo’lganda ham shunday odatga o’rganadilarki, bu kishilarning nafratiga sazovor bo’ladi».
Muallif bolalarga shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishni o’rgatishni alohida ta’kidlab o’tadi: «Ota-onalar va muallimlar bolalarni har kuni yuzlarini sovunlab yuvdirsinlar, og’iz va tishlarini tozalab yuvsinlar, doimo liboslarini nazorat qilsinlar, mumkin qadar bolalarni chivin va pashshalar bo’lmagan joylarga o’tkazsinlar, chunki bu hasharotlar turli kasalliklarni tarqatuvchidirlar».
Keyinroq Fitrat fikr — aql tarbiyasi to’g’risida, ya’ni aql rivojlanishida muhokamaning roli haqida gapirib beradi.
Tarbiyai fikriya
Fikr va aql insonni kamolotga yetkazadi va o’qish, o’rganish qobiliyati uni saodatmand qiladi. Insonning komil aqli yaxshilik muhokamasidir. Muhokama nima? Muhokama ikki qismga bo’linadi: birinchisi Kaziyyatxoi ma’lum (ma’lum bo’lgan hukm, voqea va hodisalar), ikkinchisi Kaziyatxoi majhul (noma’lum voqea va hodisalar)dan xulosa chiqarilishidir.
Masalan, «Vatan xizmati vojibdir»(shartdir). Bu hukm noma’lum (majhul)dir. Bu hukmga yana boshqa ikki ma’lum hukm lozimdir, ya’ni «Vatan bizning valine’matimizdir» (sahovatmandimiz, ne’matlar bilan ta’minlovchimizdir). «Har bir valine’mat (oliy himmat inson)ning Vatan uchun xizmati vojibdir», bas «Vatan xizmati vojibdir» degan hukm yuqoridagi ikki ma’lum kazi(y)yatlar bilan ochiladi.
Demak, muhokama uch qismdan tashkil topib, avvalgi hukm noma’lum bo’lib, qolgan ikki qismi avvalgisini to’ldiradi va kazi(y)yati ma’lum deb, ataladi. Demak, inson muhokama orqali kamolotga yetadi. Muhokamani aniq va ravshan bo’lishi uchun uch narsa zarur bo’lib hisoblanadi.
1. Isobot. 2. Istiqomat. 3. Sur’at.
Isobot ma’lum kaziyyati hukmning to’g’riligiga, bexatoligiga aytiladi. Istiqomat ma’lum voqea-hodisalarning hukmning barqarorligi, sur’at esa to’xtovsiz, tezlik bilan tartib berilishi demakdir.
Avvalo, bolalarni Isobot sohibi bo’lishlarida, bir voqea va hodisa ustidan fikr yuritganlarida ularga to’g’ri, bexato ma’lumotlar beraylik, chunki xato fikrlar ularni xatolarga, xatarli yo’llarga olib borishi tabiiydir. Asossiz muhokama bolalar tarbiyasiga katta ziyon yetkazadi. Keyin bolalarni istiqomat sohibi qilib fikr yuritishlariga ahamiyat berishimiz kerak, ularni ma’lum kaziyyatlarni noma’lum kaziyyatlardan to’g’ri, aniq ajrata oladigan holatda tarbiyalash lozim, ya’ni har bir masala sohasidagi ma’lumotlarni g’alati tushunmasliklari uchun bolalarni muhokama qilishga odatlantirish kerak. YOmonning yomonligini, yaxshining yaxshiligini muhokama orqali tushuntiring, doimo shunga diqqat qilingki, bolalar hech narsani ko’r-ko’rona taqlid sifatida qabul qilmasinlar. Madaniyatli akvomlar (qavmlar, xalqlar) o’z maktablarida hisob, tarix, madaniyat, fizika, jo’g’rofiya, ashyoviy darsi va boshqa maxsus fanlarni yuqoridagi ikki maqsad — (Isobot va Istiqomat maqsadlari)ga jalb qilish uchun o’qitadilar.
Fitrat bu fikrlari bilan bolaga to’liq aqliy ta’lim berish uchun mana shu yuqoridagi ijtimoiy, ilmiy, dunyoviy fanlarni maktab dasturlariga kiritish kerak degan xulosaga keladi. Va jadidlar bilan ochgan yangi usul maktablarida iloji boricha shu fanlarni ham bolalarga o’rgatadilar.
Fitrat maktablarda bolalarga nisbatan qo’llaniladigan tan jazolarini butunlay qoralaydi, unga qarshi chiqadi. Bolani tayoq zarbi bilan yaxshi inson qilib tarbiyalab bo’lmasligini tushuntirib beradi.
Fitrat o’quvchi shaxsini hurmat qilish zarurligini, unga nisbatan insoniy munosabatda bo’lish, qilgan gunohlarini o’ziga to’g’ri, yaxshi so’z bilan tushuntirish kerakligini, shunda u ham o’qituvchini hurmat qilishini uqtiradi.
Fitrat yana bolaga beriladigan bilim uning yoshi va bilish darajasiga mos bo’lishi, bolaga qiyinlik qilmasligini, agar beriladigan bilim bolaga juda oson yojuda qiyinlik qilsa u bilim olishdan bezib qolishini uqtiradi.
Fitrat o’sha vaqtdagi Samarqanddagi ibtidoiy maktablar ishiga yaxshi baho beradi, ayniqsa SHakuriy maktabiga. «Samarqandliklar ikki-uch ibtidoiy maktabga ega, ularning eng yaxshisi SHakuriy maktabi. Garchi bu maktab unchalik taraqqiy etgan bo’lmasa-da, har holda mudir va muallimlarning olijanob himmatlari soyasida qisqa vaqt ichida rivoj topib, kamolotga yetishiga umid bog’lasa bo’ladi».
Fitrat inson kamolotiga erishish uchun doimo intilishi, harakat qilishi lozimligi, doimo oldiga maqsadlar qo’yishi va unga yetishish uchun kurashishi kerakligini, hech bir baxt yoki boylik ham inson intilmasa o’z-o’zidan kelmasligini uqtirib o’tadi va bu o’rinda Qur’oni Karimdan quyidagi parchani keltiradi: «Inson har nima topmasin, o’zining intilishidan topadi, intilmas ekansiz, hech narsaga erisha olmaysiz».
Fitrat bilim va iqtidor inson uchun eng zarur ekanligini, u mana shu bilimi va aqli bilan dunyodagi barcha mahluqlardan ham ustun turishini, shuning uchun inson doimo bilim olishga va o’z bilimini yanada oshirib borishga intilishi kerak.
Fitrat deydi: Parvardigorimiz insonlarga «Sizlarni olamning eng oliy mahluqi qilib yaratdim», — der ekan, shuni yaxshi bilish kerakki, biz ko’z va qoshlarimiz evaziga e’tiborli mahluqqa aylanganimizcha yo’q, balki e’tiborligimiz va ustunligimiz bilimimiz va iqtidorimizdan foydalanmasak, nainki, e’tiborli balki eng yomon va past mahluqlardan ham pastroq va yomonroq bo’lib qolishimiz aniqdir.
Fitrat pedagog olim sifatida maktablar, oliy o’quv yurtlari uchun bir qancha darslik va amaliy o’quv qo’llanmalarini ham yozadi. Bular 1917 yilgi ibtidoiy o’zbek maktablarining so’nggi sinflari uchun yozilgan «O’quv» nomli kitobi, 1918 yili SH.Rahimiy va Ramazon bilan hammualliflikda yozgan «Ona tili» darsligi, 1919 yilda yozgan «Imlo masalalari», 1925 yilda yozgan «O’zbek tilining sarfi», «Tojik tilining sarfi», 1927 yilda yozgan «O’zbek tilining naxvi», 1926 yilda yozgan «Adabiyot qoidalari», 1927 yilda yozgan «Eski turk adabiyoti namunalari» va boshqa ko’plab qo’llanmalar shular jumlasidandir.
Fitrat yirik olim sifatida adabiyot nazariyasiga, o’zbek adabiyoti va san’at tarixiga juda katta hissa qo’shdi. U yaratgan ilmiy ishlar: «Qutadg’u bilig», «Adabiyot qoidalari», «Ahmad YAssaviy hikmatlari», «Ahmad YAssaviy maktabi shoirlari to’g’risida tekshirishlar», «XVI asrdan so’nggi o’zbek adabiyotiga umumiy bir qarash», «Muhammad Solih», «Aruz haqida», «Abulqosim Firdavsiy», «Ertaklar va haqiqatlar», «O’zbek shoiri Turdi», «Tilimiz», «O’zbek tili saboqlari», «O’zbek musiqasi to’g’risida», «O’zbek mumtoz musiqasi va uning tarixi», «SHarqda shaxmat» va boshqalar. Alisher navoiy, YUsuf Xos Hojib, Ahmad YUgnakiy, Muhammad Solih, Turdi, Mashrab kabi ijodkorlarning badiiy meroslariga oid ilmiy ishlari. Bu ishlarning nomidanoq ko’rinib turibdiki, adabiyotimiz, san’atimizning bugungi kunda biz tadqiq etishga kirishmoqchi bo’lib yurgan muammolarini Fitrat bundan 60—70 yil ilgari hal qilib bergan. U yana fors-tojik shoirlari Firdavsiy, Umar Hayyom, Bedil ijodi haqida ham tadqiqotlar olib boradi. Uning bu ilmiy ishlari hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan.
Abdurauf Fitrat axloqiy qarashlarining o’ziga xosligi
Abdurauf Fitrat kishining har tomonlama barkamol inson bo’lib yetishishida axloqiy tarbiyaning o’rni juda katta ekanligini har bir asarida va tadqiqot ishlarida takror-takror uqtirdi. SHuning uchun u o’zining qarashlarida fikriy va jismoniy tarbiyalar bilan birga axloqiy tarbiyaga ham juda katta e’tibor bilan qaradi. U o’zining «Rahbari najot» asarida axloqiy tarbiyaning maqsad va vazifasi, uni amalga oshirish yo’llari haqida to’xtalib o’tadi. Uning fikricha axloqiy tarbiyaning vazifasi «insonni axloqiy barkamollikka yetkazish va uni jamiyatga foydali inson qilib tarbiyalashdan iboratdir. Bu maqsadni amalga oshirish uchun avvalo bolalarni jismoniy va fikriy tarbiyaga da’vat qiling, keyin axloqiy quvvatlarni muhokama orqali tushuntiring, ularni yaxshi ishlarga odat qildiring, yomon ishlardan nafratlantiring».
Fitrat axloqiy tarbiyani bolalar eng avvalo o’zi yashayotgan atrof-muhit va ko’chadagi bolalardan olishlarini ta’kidlab o’tadi. Fitrat ijtimoiy muhitning bola tarbiyasidagi ahamiyati juda katta ekanligini ko’rsatib beradi.
U bolalarni suvga o’xshatib: «Suv qaysi rangdagi idishda bo’lsa, o’sha rangda tovlangani kabi, bolalar ham qanday muhitda bo’lsalar, o’sha muhitning har qanday odat va axloqini qabul qiladilar. Axloqiy tarbiyaning eng buyuk sharti shundan iboratki, bolalar ko’proq yaxshi va yomon ahvolni o’z uylaridan, ko’chadagi o’rtoqlaridan, maktabdagi o’quvchilardan qabul qiladilar». Bu fikrlar bilan Fitrat yana bola tarbiyasi bilan faqat maktab emas, balki avvalo oila va jamoatchilik ham shug’ullanishi kerakligi ko’rsatadi. Ayniqsa axloq tarbiyasida oilaning, ota-onaning roli juda katta ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi.
Fitrat bolaning axloqiy tarbiyasida maktabdagi boshqa bolalarning juda katta ta’siri borligini ko’rsatib, maktabdagi axloqi yomon bolalarni tezda tuzatish choralarini ko’rish lozimligini «maktablardagi badaxloqlikda mashhur bo’lgan bolalarni, agar ularni tuzatish iloji bo’lmasa, maktabdan chetlashtirish maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o’tadi. CHunki, u bola o’zining yomon axloqiy sifatlarini boshqa bolalarga ham o’tkazmasligi uchun shunday chorani ko’rish lozim», deb hisoblaydi Fitrat.
U axloqi buzuq kishilarni maktabda muallimlik vazifasigagina emas, balki maktab qorovulligiga ham yaqinlashtirmasliklarini juda to’g’ri harakat, deb biladi. YAna u bolalar axloqiga zararli bo’lgan, yoshiga mos kelmaydigan kitoblarni ham bolalarni o’qishlariga ruxsat bermaslikni maslahat beradi.
Fitrat «Rahbari najot» asarida maktablarda beriladigan axloqiy tarbiya darajasi qandayligini o’z hayotidagi voqea misolida ko’rsatib beradi:
«Men maktabda o’qib yurgan vaqtlarimda, kunlardan bir kuni maktab ta’tilidan so’ng uyga kelayotgan edim, bir erkak kishini ko’rdim, u telbalarcha so’kinib, kalovlanib zo’rg’a yurar, hamma joyi loyga belangan. Rais mulozimlaridan ikki kishi kelib olib ketdilar. Men bu kim deb so’rasam, ichib mast bo’libdi, dedilar. Men bu voqeani dadamga aytsam: «Sen nega mastning orqasidan bording»—deb dashnom berdilar...»
Fitrat o’z asarlarida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, ozodlik, maqsad sari intilish, insonlarga mehr-shafqatli bo’lish, o’z manfaatidan xalq manfaatini yuqori qo’yish g’oyalarini ulug’laydi. Vijdonsizlik, poraxo’rlik, ikkiyuzlamachilik, boshqalarni ezish evaziga boylik to’plash, xalqqa zulm o’tkazish kabi sifatlar esa qoralanadi.
Abdurauf Fitrat o’zining butun hayoti davomida milliy mustaqillikka erishish va mustamlakachilikka qarshi kurash, Ovrupa ilmi, texnikasi, madaniyatidan o’rganish muammolarini tinimsiz targ’ib qilgan siymolardan biri sifatida barcha kishilarga, eng avvalo yoshlarimizga ibratdir.
U 1905—1906 yillarda jadidchilik oqimining ko’zga ko’ringan tarafdori sifatida, so’ngra o’zining «Hind sayyohi», «Rahbari najot» singari asarlari orqali ma’rifatparvar va yozuvchi sifatida musulmonlarni, eng avval yoshlarni g’aflat uyqusidan uyg’otishga, eng muhimi o’zligini tanishga, fan-texnikani rivojlantirish uchun g’ayrat bilan o’qish-o’rganishga undaydi.
Ko’rinib turibdiki, Fitrat yoshlarni yangi jamiyat qurishga da’vat etadi. El-yurtning baxti, saodati, istiqloli uchun kurashishga da’vat etadi. U «Xalq baxti uchun kurashmagan yoshlarni bo’shang, jasoratsiz», deb tushunadi.
Mustaqillik, demokratiya, ozodlik g’oyalari Fitratning butun faoliyati va barcha asarlari va maqolalarida bosh maqsad bo’lib qolganligi bilan hozirgi yoshlarimizga, ularning mustaqil O’zbekistonning rivojlantirishlarida ibrat-namunadir.
Abdurauf Fitrat maorif sohasida ishlagan kishilarning boshini silagan, maorifni rivojlantirishga katta hissa qo’shgan, hammaga birdek ozodlik yo’lini ko’rsatgan. Ozodlikni tezlikda ro’yobga chiqarishga harakat qilgan atoqli ma’rifatparvar o’qituvchi bo’lishi bilan birga ularning ustozi hamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |