Bog'liq O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 183
Reklama va reklama vositalari Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon savdo inson taraqqiyoti bilan hamohang ravishda shakllanib kelgani sir emas. Savdo rivojlanib, savdogarlar o‘rtasida bozor va xaridorlar jihatidan ustunlik va yetakchilikka harakat qilish ular o‘rtasidagi narx va sifat vositasida raqobatni keltirib chiqardi. Endi ular o‘z mahsulotlarini maqtab xaridorda nisbiy afzallik va moyillikni kuchaytirishga o‘tdilar. Bu raqobat o‘z navbatida reklamaning paydo bo‘lishiga olib keldi. Tarixiy manbalar shundan darak beradiki, dastlab misrliklar tijorat maqsadlari uchun papirusga bitilgan savdo narxlari yozilgan mayda xabarlar va devoriy xabar matnlarini qo‘llaganlar. Pompeya xarobalari va Qadimgi Arabistonda tijoriy xabarlar va siyosiy namoyishlar lavhalari ham topilgan. Devorlarga o‘yib yoki chizib ishlangan tasvirlar reklamaning qadimgi turlaridan hisoblangan va kelib chiqishi Hindistonga borib taqalib, miloddan avvalgi 4000-yilda paydo bo‘lgan. Yana tarixdan shu narsa ma’lumki, reklamaning ilk ko‘rinishlari uy tashqarisidagi reklamalar (qadimgi davrlarda xizmat ko‘rsatish joylari xizmat ko‘rsatuvchilar uylarining bir qismida qurilgan) va devorga ilingan e’lonlar bo‘lgan.
O‘rta asrlarda aholining asosiy qismi savodsiz bo‘lganligi sababli hunarmandlar kasblariga doir belgilarni o‘zini reklama va mo‘ljal sifatida qo‘llaganlar. Masalan, taqachilar ot taqasi rasmini yoki aynan, temirchilar bolg‘a, kosiblar etik va sartaroshlar ustara tasviridan foydalanganlar. Meva va sabzavot sotuvchilari esa shahar markazlariga kelgan holda o‘zlari yoki biror kishini yollab o‘z mahsulotlarini maqtab jar solganlar yoki jarchi yordamidan foydalanganlar.
Ilm-fan taraqqiyoti asta–sekinlik bilan o‘sgan sari o‘qish ommalashdi va bu o‘z navbatida bosmaxonalar kashfiyotiga olib keldi. Endi odamlar tarqatmalar orqali reklama qila boshladilar. XVIII asrga kelib ingliz gazetalari reklamalarni bosib chiqara boshladi. Lekin bu reklamalar asosan turli yangi kitoblar va gazetaning o‘zini maqtashdan nariga o‘tmasdi. Keyinchalik dori vositalari reklamasini tarqata boshladilar va bu gazetalarning foyda olish yo‘nalishining o‘zgarib ketishiga olib keldi, ya’ni ular gazeta tirajlari bilan bir qatorda reklama orqali ham foyda ola boshladilar. Tahririyatlar reklama orqali daromad olishga shunchalik kirishib ketdilarki, buyuk Yevropa o‘latida ular ancha insonning uyi kuyishiga sabab bo‘ldilar. Chunki o‘sha davrda alkimyogarlar o‘latga davo qidirib, nimani topsalar shuni davo, deb e’lon qilar va u orqali mo‘may daromad qilardilar. Bu orqali ingliz matbuoti sezilarli darajada obro‘sini yo‘qotdi. Shundan keyin ingliz hukumati reklamani tartibga solishga urinishlarni boshladi va noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan buyurtmachini ham, tahririyatni ham qattiq jarimaga tortajagini bildirdi.
Iqtisodiyot o‘sib borgan sari reklama ham unga hamohang rivojlanib bordi. AQShda reklamadagi yuksalishlar uni mutlaqo yangi shaklga – xat tartibli reklama shaklini yaratilishiga olib keldi.1836 – yilning iyunida Fransiyaning La Presse gazetasi reklama orqali daromad olayotgani evaziga narxni pasaytirish va bu orqali gazetxonlar safini kengaytirishni mo‘ljalladi. Keyinchalik bu usul butun mamlakat gazetalari tomonidan o‘zlashtirildi. 1840 – yilda Volni Palmer ismli kishi Filadelfiyada hozirgi zamon reklama agentliklariga o‘xshash agentlikka asos soldi. 1842–yilda Palmer mashhur gazetalardan katta chegirmali narxda bo‘sh sahifalarini sotib oldi va yuqori narxlarda reklama qiluvchilarga sota boshladi. Palmer faqat gazeta betlarini sotib olgan bo‘lib, reklama qanday qilib, qanday ko‘rinish va shaklda berilishi reklama beruvchilarlar ixtiyorida bo‘lgan. XIX asr oxirlariga kelib N.W.Ayer & Sons reklama agentligiga asos solindi va bu agentlik reklamani rejalashtirish, yaratish va reklama jarayonini boshqarish borasida taklif va yordamlar berardi. Xuddi shu davrda Fransiyada Charles-Louis Havas reklama agentligi ham faoliyat olib borayotgan bo‘lib, uning xizmat ko‘rsatish ko‘lami brokerlikni ham qamrab olgan edi.
XX asr reklama tarixida tub burilish yasadi. Avvalo, reklama sohasida ayollar salmog‘i va vositasi ortib bordi. Dastlab, reklama agentliklari ayollardan yaratuvchanlik qobiliyati va uy-ro‘zg‘orga oid reklamalarda «onalar tanlovi” yoki «rafiqalaringiz tanlovi” kabi reklamalar uchun foydalangan bo‘lsalar, keyin ulardan turli xil ayollar tasvirlari orqali e’tirofni tortish yo‘liga o‘tadilar. Amerikada ayollarning ilk tasviri sovun reklamasida qo‘llanildi.
Yangilik usulida yaratilgan dastlabki zamonaviy reklama 1920– yillarning boshida ishlangan tamaki reklamasi hisoblanadi. Zamonaviy reklamaning otasi sifatida Edvard Berniys Medisson Avenyu reklama agentligiga asos solgan. Jahon bo‘yicha tamaki savdosining tarqalishi va iste’molining ommalashishiga xuddi shu inson sababchi bo‘lgan.O‘sha paytda Bonzak deb atalgan yangi va katta hajmda sigareta o‘raydigan mashinaning sanoatda qo‘llanishi bozorda taklif hajmini keskin oshirib yuboradi va bu muammoni hal qilishni Edvard Berniys ajoyib reklamalari orqali bartaraf etadi.