Hozirgi zamon fors tili
Hozirgi zamon fors tili, asosan, Eron hududida tarqalgan. Fors tili Eronda rasmiy davlat tili hisoblanadi, chunki forslar Eron aholisining deyarli yarmini tashkil qiladi. Forsiyzabon aholining aksariyati Eronning markaziy va janubiy viloyatlarida istiqomat qilishadi. Forslar asosan katta shaharlarda yashashadi. Forslarning ayrim guruxlari Iroqda, Saudiya Arabistonida va Baxrayin orollarida yashashadi. Shuningdek, o‘zlarini «eroniy»lar deb atovchi fors guruhlari O‘zbekistonda (Buxoro, Samarqand, Jizzax va Katta qo‘rg‘on shaharlarida), Turkmanistonda (Ashxabod, Marv shaharlarida) va Zakavkaze (Kavkaz orti) mamlakatlarida yashashadi. O‘rta Osiyodagi eroniylar bular eski Marv shahrining aholisi bo‘lib, ular Buxoro amirining (XVIII asr oxiri XIX asr boshlari) farmoni bilan Buxoro va Samarqand shaharlari atrofiga zo‘rlik bilan ko‘chirib kelinganlar. Ular diniy e’tiqodi bo‘yicha shia mazhabiga mansub bo‘lib, sunniy mazhabiga tegishli atrofdagi kishilardan ajralib turadilar. Sobiq Ittifoq davrida diniy odatlarning taqiqlanishi natijasida ular tojik aholisi bilan qo‘shilib ketdilar. Eroniylarning ko‘pchiligi ikki-uch tillikdir.
Hozirgi zamon fors tili va hozirgi zamon tojik tilining chiqib kelishi bir bo‘lsada ularning mumtoz adabiy tili Xuroson dialekti asosida shakllangan bo‘lishiga qaramay, ularning geografik xolati, siyosiy ahvoli va iqtisodiy jarayonlar tufayli alohida-alohida mustaqil tillarga ajrala boshladilar. Hozirgi fors adabiy tili o‘zining dialektal bazasini Tehron dialekti asosida shakllantirib tez rivoj topa boshladi. Malik-ush-shuaro Bahor o‘zining «Sabkshenosi yo to’rix tatavur-e forsi» kitobida shunday yozgandi: «Kami namiguzarad ke tamom-e mardo‘m-e eron be zudi be lahje-ye tehron xarf mizanad», haqiqatan, hozirgi zamon fors adabiy tili Tehron dialekti asosida shakllanib, o‘zining standart til normalariga ega bo‘ldi va shu asosda ko‘plab badiiy, ilmiy asarlar yaratildi va yaratilmoqda. Eron yozuvchi va shoirlaridan Sayid Nafisiy, Kozimiy, Sodiq Xidoyat, Bo‘zurg Alaviy va boshqalarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Hozirgi fors yozuvi arab yozuviga asoslangan bo‘lib unga qo‘shimcha harflar kiritilgan. Eronda yashovchi forsiyzabon juhudlar esa fors tilida yozish uchun juhud alifbosidan foydalanib kelishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |