9
Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich,
filologiya fanlari doktori, professor,
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori
Milliy qadriyatlarimizning boqiy timsoli
Bir yil avval mamlakatimiz rahbarining davlat tili haqidagi qonunning 30 yilligini munosib
nishonlash toʻgʻrisidagi qarori e’lon qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning
“Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va
mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy,
ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”
degan soʻzlari qalbimizda olam-olam quvonch, iftixor tuygʻularni uygʻotish barobarida
zimmamizga ulkan vazifalarni, zalvorli mas’uliyatni ham yukladi.
Darhaqiqat, ona tili milliy qadriyat sifatida xalqning milliy uygʻonishi, milliy oʻzlikni
anglashi, jipslashuvi, ma’naviy kamolotga erishuvida tutgan oʻrniga koʻra ulkan ahamiyat kasb
etadi. Zero, til – millatning qalbi, uning dunyoda borligʻining asosiy belgisi. Oʻzbek tili milliy
oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsolidir. Bu bebaho qadriyat istiqlol zaminidan kuch oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan
mustahkamlab qoʻyilgan. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi,
Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga
aylandi. Bir paytlari burchakka siqib qoʻyilgan, ovozini koʻtarmay yashashga mahkum boʻlgan
ona tilimizning, ayniqsa, keyingi bir yilda qadri, nufuzi misli koʻrilmagan darajada yanada ortdi.
Mubolagʻasiz aytish mumkinki, oʻzbek tili tarixida yangi davr boshlandi. Zero, endi uning qadr-
qimmati eng muqaddas tutilgan ne’matlarimiz, boyliklarimizga teng koʻrilmoqda. Prezidentimiz
soʻzi bilan aytganda, “Har birimiz davlat tiliga boʻlgan e’tiborni mustaqillikka boʻlgan e’tibor
deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday
qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
Qisqa davr ichida davlatning til siyosati sohasidagi amalga oshirilgan ishlar, tadbirlarini
sanab keltirishning oʻzi sohadagi islohotlarimiz naqadar jiddiyligini koʻrsatadi. «Oʻzbek tilining
davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmon
ona tili taqdirini belgilagan tarixiy hujjat boʻlib qoladi. Unga koʻra 21-oktabr sanasi yurtimizda
«Oʻzbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab
masalalar qatorida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid
muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash
maqsadida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil
etildi. Yangi soʻz va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan
Atamalar komissiyasi oʻz faoliyatini boshladi. Yaqin fursatda «Davlat tili haqida»gi qonunni
yangi Oʻzbekiston talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, yanada
takomillashtirish ham koʻzda tutilgan.
2020-yilning 20-yanvar kuni boshlangan xayrli ishlarning mantiqiy davomi sifatida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni
samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Bu bilan davlat
boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar
Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy
ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
ta’minlash masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yangi tizim
mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va
innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish,
tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga
erishishni ta’minlashga yordam bermoqda.
10
Bugungi kunda xalqaro maydonda obroʻ-e’tibori tobora yuksalib borayotgan
Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qoʻshmoqda. Milliy
tilimiz endilikda eng nufuzli xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Oʻzbekiston
rahbarining 2020-yil 23-sentabr kuni videokonferensiya shaklida oʻtgan BMT Bosh
Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi buning yorqin dalili boʻldi. Ilk bor oʻzbek
tilida butun dunyo ahliga taqdim etilgan ushbu nutq muhim tarixiy voqea sifatida xotiralarga
muhrlandi. Bu chiqish xalqimizning koʻp yillik orzulari roʻyobi sifatida barcha
yurtdoshlarimizga gʻurur hamda iftixor baxsh etdi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining nutqi
koʻpgina davlatlar, shuningdek, turkiy tilli mamlakatlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul
qilindi va umume’tirof etildi.
Universitetimiz oʻz nomiga, faoliyatiga koʻra belgilangan maqsad va vazifalariga mos
ravishda ona tili-adabiyotimizni chuqur oʻrganish va oʻrgatish, fan oʻqituvchilari, filolog kadrlar
tayyorlash barobarida davlat tilini rivojlantirish, oʻzbek tilining yuksak mavqeyini barcha
jabhalarda ta’minlash, til va adabiyotimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-e’tiborini oshirish, uni
targʻib va tashviq qilish bilan bogʻliq qariyb barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Amaliy ishlarimizdan biri xalqaro maydonda oʻzbek tilining jozibadorligini oshirishga
qaratilgan. Universitetimizda xalqaro til markazi ochilgan boʻlib, oʻzbek tilini oʻrganishga
ishtiyoqmand xorijiy fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilgan. Shu paytgacha Janubiy Koreya
va Xitoydan oʻnlab talaba bu joyda tahsil oldilar. Soʻnggi paytlarda dunyo universitetlarining
koʻpchiligida oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish paydo boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etish
mumkin. Jumladan, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva davlat universiteti qoshidagi
Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Moskva davlat lingvistika universiteti, Qozon davlat
universiteti, Yaponiyaning Tsukuba va Tokio universitetlari, Xitoyning Pekin markaziy milliy,
Shanxay chet tillar va Lanjou universitetlari, Shinjon ta’lim va Pekin chet tillar institutlari,
Janubiy Koreyaning Chet tillar instituti, Boku davlat pedagogika universitetida oʻzbek tilini
oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.
Koʻplab xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida, xususan, Markaziy Osiyoni oʻrganish
tadqiqotlari markazi (Fransiya), Bonn, Gumboldt, Fraye universitetlari (Germaniya), Izmir va
Anqara universitetlari (Turkiya), Kembrij universiteti (Angliya), Afgʻonistonning barcha
universitetlarida oʻzbek tilini oʻrgatish barobarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
AQShning Indiana universiteti qoshida faoliyat koʻrsatayotgan 6 ilmiy markazda oʻzbek
tili boʻyicha qisqa oʻquv kurslari tashkil etilgan. Ayni damlarda AQShning Arizona, Texas,
Michigan, Kaliforniya, Ohyo, Kolumbiya, Chikago, Iova, Pensilvaniya, Vashington, Viskonsin,
Duke, Nyu-York universitetlarida oʻzbek tili kurslarini ochish boʻyicha oʻzaro manfaatli
aloqalarni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Xitoy va Janubiy Koreyaning yana ayrim universitetlarida
oʻzbek tili kurslarini ochish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Shuningdek,
Hindistonning Jome’a Milliya universitetida oʻzbek tili ta’limi yoʻlga qoʻyildi. Xuddi shunday
oʻzbek tili oʻquv kurslarini ochish boʻyicha Yaponiyaning Soko universiteti, Kanadaning
Karlston universitetlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Kuni kecha Belarus davlat universiteti rektori A.Korol bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda
BDU va Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga
qoʻyish haqida kelishib olindi. Mazkur nufuzli universitetning xalqaro munosabatlar fakultetida
oʻzbek tilini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif BDU rahbari tomonidan mamnunlik bilan
qabul qilindi.
Qisqa qilib aytganda, oʻzbek tilining xalqaro miqyosda nufuzini oshirish va targʻib etish
sohasida xorijiy mamlakatlarning 50 dan ortiq ta’lim muassasalari bilan oʻzaro manfaatli
hamkorlik oʻrnatilgan. Bu jarayonga talabalar ham faol ishtirok etmoqda.
Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri oʻzbek tilini jahon axborot-kommunikatsiya
tarmoqlari tizimiga joriy etish bilan bogʻliq. Bu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirishni
kompyuter lingvistikasisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois universitetning barcha ta’lim
11
yoʻnalishida “Kompyuter lingvistikasi” fani oʻqitib kelinmoqda. Universitet qoshida zamonaviy
jihozlangan «Kompyuter lingvistikasi laboratoriyasi» faoliyat yuritmoqda. Laboratoriyaning
maqsadi oʻzbek tilining dunyo hamjamiyatidagi nufuzini oshirish va oʻzbek tili bilan bogʻliq
boʻlgan tadqiqotlarni kompyuter texnologiyalari yordamida olib borishdan iborat.
Oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lugʻatlarni yaratish,
Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanib, oʻzbek tilini keng targʻib etish boʻyicha ishlarni
kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Shu paytgacha yosh oʻqituvchilarimiz Shveytsariyaning
Syurix universitetida, Erasmus+ xalqaro loyiha doirasida Polshaning Adam Miskiyevich
universitetida kompyuter lingvistikasi boʻyicha oʻz malakalarini oshirib qaytdilar.
Universitetimiz oʻqituvchisi kompyuter lingvistikasi sohasida birinchi bor falsafa doktori (PhD)
dissertatsiyasini himoya qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martda qabul qilingan
“Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra universitetimiz oliy ta’lim
muassasalarida oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish metodikasini takomillashtirish, oʻzbek tili va
adabiyoti oʻqituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish
yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik boʻyicha tayanch oliy
ta’lim muassasasi qilib belgilandi. Shu bilan birga, ushbu me’yoriy hujjat asosida universitet
qoshida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda
pedagogika institutlari huzurida hududiy boʻlinmalariga ega Davlat tilida ish yuritish asoslarini
oʻqitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur markazda vazirlik va
idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari xodimlarining lotin
yozuviga acoslangan oʻzbek alifbosi va imlosi, oʻzbek adabiy tili me’yorlari, davlat tilida ish
yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlari,
koʻnikma va mahorati oshirib borilmoqda.
Davlatimiz tomonidan milliy tilimiz va adabiyotimizni rivojlantirishga har doim yuqori
darajada e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan endilikda barcha oliy
ta’lim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqitiladigan boʻldi. 2020-2021-oʻquv yilidan
boshlab oliy oʻquv yurtlari bakalavr ta’lim yoʻnalishlarining oʻquv rejalariga kiritilgan mazkur
fanlarning oʻquv-uslubiy ta’minotini zamon talablari asosida tashkil etish jarayonlariga
universitetimiz yetakchi ta’lim muassasa sifatida bosh-qosh boʻlib kelmoqda.
Har yili universitetimizda oʻzbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalariga
bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish an’ana tusiga kirib ulgurgan. “Oʻzbek tilini
dunyo miqyosida keng targʻib qilish boʻyicha hamkorlik istiqbollari” mavzusida boʻlib
oʻtayotgan ushbu xalqaro konferensiya ham davlat tilining jahon maydonidagi oʻrni va nufuzini
oshirish, oʻzbek tilini xalqaro miqyosda oʻrganish, turkiy tillar taraqqiyoti, bugungi holati,
rivojlanishi muammolari, turkiy tillar tarixi, lugʻatshunoslik, atamashunoslik, tarixiy-qiyosiy
lingvistika masalalarini tadqiq etish boʻyicha salmoqli ilmiy-amaliy natijalarga erishadi deb
oʻylayman. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilagan holda anjuman ishtirokchilarini Oʻzbek tili
bayrami bilan tabrik etaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |