Aqidaparastlik – muayyan sharoitda, biron-bir g’oya yoki tamoyilga qat’iy ishonch va uni mutlaqlashtirish asosida shakllangan qoida va tartiblarni, boshqa sharoit, holat, vazifani hisobga olmagan holda, ko’rko’rona qo’llashga urinish. Bu atama faqat salbiy ma’noda qo’llanib, muayyan olim yoxud oqim tomonidan kashf etilgan qonun va qoidalar ta’sir doirasini sun’iy ravishda kengaytirishga urinishni anglatadi.
Diniy aqidaparastlik dindagi muayyan aqida yoki qoidalarni, o’rinli yoki o’rinsizligidan qat’i nazar, ko’r-ko’rona qo’llash va mutlaqlashtirishga intilishdir. Aqidaparastlik barcha dinlarda turli mazhab va yo’nalishlar orasida keskinlik, nizo va to’qnashuvlar kelib chiqishiga sababchi bo’lgan. Aqidaparast guruhlar haqiqatni tushuntirish, ishontirish kabi usullar orqali targ’ib etishni tan olmaydi. Ular o’z g’oyalari, bid’atlari g’ayriinsoniy bo’lishiga qaramasdan, boshqalarga nisbatan o’ta johil va murosasiz munosabatda bo’ladilar. O’zini shak-shubhasiz xaq deb bilish, haqiqatni faqat men bilaman, degan qarashga asoslangan manmanlik esa zo’ravonlikni yuzaga keltiradi. Ya’ni, aqidaparastlik ekstremizmning paydo bo’lishiga zamin yaratadi.
«Ekstremizm» so’zi «aql bovar qilmas darajada» ma’nolarini anglatadi. Jamiyatda qabul qilingan qadriyatlar va me’yorlarga zid qarashlarni ilgari surish, keskin qarashlar va choralarga moyillik ekstremizmning asosiy xususiyati hisoblanadi.
Turli ekstremistik guruhlarning o’zaro munosabatda doimiy kelishmovchilik va janjallar, voqelikning keskin o’zgarishlar sharoitida ular bo’linib ketadigan guruhlar o’rtasidagi «revolyutsionerlikda» musobaqalashuv kuzatiladi. Amerikalik sotsiolog K.Kenidonning ta’kidlashicha, «bunday guruhlarda odatiy shaxsiy nizolar, liderlik uchun kurash, did va qarashlardagi farq sezilarli darajada o’sib, ba’zida, hatto hayot-mamot masalasigacha yetib boradi». Ekstremistik va terroristik tashkilotlarga yangi a’zolarning qo’shilishi, ko’pincha, dinga kiritish, qabul qilishdek shaklu shamoyil kasb etadi hamda bir qancha tanlov va sinov bosqichlarini o’z ichiga oladi. Ekstremistik harakatlarning eng quyi tabaqasi, ko’pincha, siyosiy tusga ega bo’lmagan, mayda zo’rlik va jinoyatlar sodir etadigan unsurlar bilan bog’liq bo’ladi. Bunday zo’rlikning siyosiylashtirilishi terrorizm tomon qo’yilgan birinchi qadam bo’ladi. O’z doirasiga yangi kimsalarni tortar ekan, terrorchilik guruhi yoki uning rahbariyati so’zsiz bo’ysinishini va «ish»ga mutassibona sadoqatni talab qiladi. Keyinroq esa yollanuvchilar «hamma narsani biluvchi» va ularga yo’lboshchilik qiluvchi sarbonga duch keladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |