10-mavzu: Din va ma’naviyat Reja:
Mustaqillik sharoitida dinga munosabatning tubdan o’zgarishi.
Din va ma’naviyat: umumiy va farqli jihatlar. Dinning zohiriy va botiniy jihatlari.
Imon-e’tiqod ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida.
Dinda ilm va ibrat. Taqlidiy va tahliliy imon tushunchalari.
Shariat, islom huquqi va islom ma’naviyati.
Diniy aqidaparastlik va ekstremizm - diniy qadriyatlaming totalitarizm tafakkuri ruhidagi g’arazli talqini sifatida.
Yosh avlodni milliy ma’naviyatimiz an’analari ruhida tarbiyalash - ular ongini turli g’arazli “oqimlar” ta’siridan himoyalashning eng samarali yo’li.
Diniy bagrikenglik va e’tiqodda ustuvorlik
Tayanch so’zlar: din, vijdon, e’tiqod, ishonch, hadis, aqidaparastlik, ekstremizm, bag’rikenglik, tolerantlik, diniy qadriyat, islohot, missionerlik va prozelitizm, separatism, rezolyutsiya Mustaqillik sharoitida dinga munosabatning tubdan o’zgarishi XXI asr boshlarida dunyoda uch mingdan ziyod dinlar, olti mingdan ortiq millat va elatlar yashamoqda. Tinchlik va osoyishtalikni saqlash, diniy va milliy adovatning oldini olish uchun diniy tolerentlik, milliy totuvlikni ta’minlash obyektiv zaruriyatdir. Bugun dunyoning ayrim hududlarida diniy va milliy ko’rinishda sodir bo’layotgan ijtimoiy to’qnashuvlarga aynan diniy tolerentlik va milliy totuvlikning ta’minlanmaganligi sabab bo’layotgani ham ayni haqiqatdir. Masalan, 2011-yil 22-iyul kuni Norvegiyada mudhish hodisa yuz berdi: 31 yashar nobakor Breyvik bu mamlakatda islom diniga e’tiqod qiluvchilarning yashashiga qarshi norozilik bildirib, begunoh 77 kishini otib tashladi.
Ma’lumki, dunyoning deyarli barcha davlatlarida turli dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilar yashaydi. Hatto aholisining aksariyati nasroniylar bo’lgan G’arbiy Yevropa mamlakatlarida ham musulmonlar ko’p. Jumladan Norvegiya aholisining 1,8 foizi, Shvetsiyada 5 foizi, Buyuk Britaniyada 4,6 foizi, Fransiyada 8 foizi, Ispaniyada 3 foizi, Finlyandiyada 0,8 foizi, Gollandiyada 6 foizi, Belgiyada 6 foizi, Avstriyada 5,7 foizi, Germaniyada 5,2 foizi islom diniga e’tiqod qiluvchilardir. Shu bois dinlararo bag’rikenglik g’oyasini butun dunyoda targ’ib va tashviq etish insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Shuning uchun ham BMT 2011-yilning 1-7-fevral kunlarini «Dinlararo munosabatlar uyg’unligi xalqaro haftaligi» deb e’lon qildi. Yuqoridagi omillarga ko’ra, bashariyat diniy tolerentlik, millatlararo totuvlikni umuminsoniy qadriyatlar sifatida e’tirof etmoqda. Millatlararo totuvlik, diniy tolerantlikning huquqiy asosini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolarning ijtimoiy va siyosiy huquqlari to’g’risidagi xalqaro pakt singari hujjatlar tashkil etadi.
O’zbekiston mustaqilligini qo’lga kiritgach inson, uning huquq va manfaatlarini eng oliy qadriyat sifatida e’lon qildi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida»gi qonunida diniy tolerantlik, millatlararo totuvlik g’oyalari mustahkamlab
qo’yildi.
Bugun O’zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda, 16 ta diniy konfessiya faoliyat ko’rsatmoqda. Bu O’zbekiston Respublikasi ko’p millatli, ko’p konfessiyali davlat ekanligidan dalolat beradi. Darhaqiqat, O’zbekiston xalqi o’z mentalitetiga ko’ra bag’rikeng, ko’p dinli xalq bo’lganligi sababli uning davlati ham ko’p dinli, ko’p millatlidir. Shu bois O’zbekiston tarixida milliy va diniy asosda sodir bo’lgan urushlar kuzatilmaydi. Bu o’zbek xalqining boshqa millat vakillariga nisbatan doimo hurmat va e’zoz bilan munosabatda bo’lganligidan dalolat beradi.
Demak, diniy tolerantlik, millatlararo totuvlik o’zbek xalqining ruhiyatidan kelib chiqqan ijtimoiy hodisadir. Ammo, ta’kidlab o’tish joizki, O’zbekistonda millatlararo, dinlararo to’qnashuvlar keltirib chiqarishga urinishlar o’tmishda doimo bo’lgan va bugun ham bunday harakatlar zamonaviy ko’rinishlarda bo’lib turibdi.
Respublikada Qur’oni Karim, Eski Ahdning 16 ta kitobi va Yangi Ahd to’laligicha o’zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Yuzlab masjid, cherkov va ibodatxonalar, shu jumladan, Toshkent, Samarqand va Navoiy shaharlaridagi pravoslav ibodatxonalari, Toshkentdagi katolik kostyoli, Samarqanddagi Arman cherkovi qurildi va ta’mirlandi.
O’zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarga diniy ahkomlarni emin-erkin amalga oshirishlari, musulmonlar birligi va yakdilligining kuchaytirilishi, respublikada dinlararo munosabatlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi yuzasidan faoliyat olib boradi. Respublikadagi diniy tashkilotlarning ehtiyojlarini qondirish maqsadida O’zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida Toshkent Islom instituti va o’rta maxsus islom bilim yurtlari – madarasalar ochilgan. O’zbekiston musulmonlari idorasi oyda ikki marta chiqadigan «Islom nuri» gazetasi va oylik «Hidoyat» jurnalini nashr ettiradi. Idora huzurida mustaqil
«Movarounnahr» nashriyoti faoliyat yuritadi.