Kalsiy. Kalsiy ko‘p tarqalgan elementlar qatoriga kiradi. Uning Yer po‘stlog‘idagi umumiy miqdori 3,6% ni tashkil etadi.Тabiatda kalsiyning quyidagi birikmalari eng ko‘p tarqalgan: kalsit minerali CaCO3 (ohaktosh, marmar va bor qatlamlari ana shu tuzdan hosil bo‘lgan), gips CaSO4 ·2H2O, angidrit CaSO4. Kalsiy fosfat Ca3(PO4)2 holida apatitlar, fosforitlar va hayvon suyaklari tarkibiga kiradi. U tabiiy suvlarda va tuproqda ham bo‘ladi.
Olinishi. Sanoatda kalsiy suyuqlantirilgan tuzlar: 6 qism kalsiy xlorid CaCl2 va 1 qism kalsiy ftorid CaF2aralashmasini elektroliz qilish yo‘li bilan olinadi. Kalsiy ftorid kalsiy xloridning suyuqlanish temperaturasini pasaytirish uchun qo‘shiladi, elektroliz ana shu temperaturada olib boriladi.
Fizik xossalari. Kalsiy—kumushsimon oq, qattiq va yengil (zichligi 1,54 g/sm3) metall. Suyuqlanish va qaynash temperaturalari ishqoriy metallarnikidan yuqori. Тabiiy kalsiy massa sonlari 40 (asosiy izotop) 42, 43, 44, 46 va 48 bo‘lgan oltita izotopi aralashmasidan tarkib topgan. Ilmiy tadqiqotlarda sun’iy izotop 425º Ca ishlatiladi.
Kimyoviy xossalari. Kalsiy havoda tursa, tezda oksid qavati bilan qoplanib qoladi, qizdirilganda esa ravshan qizg‘ish alanga hosil qilib yonadi. Kalsiy sovuq suv bilan ancha sust reaksiyaga kirishadi, ammo issiq suvdan vodorodni tez siqib chiqarib, kalsiy gidroksid hosil qiladi. Kalsiy galogenlar, oltingugurt hamda azot bilan oson birikadigan va qizdirilganda qariyb barcha metallarning oksidlarini qaytara oladigan juda aktiv metalldir.Metall holidagi kalsiy vodorod oqimida qizdirilsa, vodorod bilan birikib, gidrid hosil qiladi.Kalsiy birikmalari alangani g‘ishtsimon—qizil rangga bo‘yaydi. Kalsiy ham ishqoriy metallar kabi kerosin ichida saqlanadi.Ishlatilishi. Kalsiyning kimyoviy aktivligi yuqori bo‘lganligi uchun ba’zi qiyin suyuqlanuvchan metallarni (titan, sirkoniy va b.) ularning oksidlaridan qaytarishda foydalaniladi. Shuningdek, kalsiy po‘lat va cho‘yan ishlab chiqarishda ularni kislorod, oltingugurt va fosfordan tozalash uchun, ba’zi qotishmalarni, chunonchi, podshipniklar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan qo‘rg‘oshin-kalsiy qotishmalarini tayyorlashda ishlatiladi.Kalsiyning sanoatda olinadigan eng muhim birikmalari. Kalsiy oksid sanoatda ohaktoshni kuydirib olinadi:
CaCO3→ CaO+CO2↑
Kalsiy oksid oq rangli, qiyin suyuqlanadigan (257 0°C da suyuqlanadi) modda, aktiv metallarning asosli oksidlariga xos kimyoviy xossalarga ega.
Kalsiy oksidning suv bilan reaksiyasi ko‘p miqdorda issiqlik ajralishi bilan boradi:
CaO+H2O=Ca(OH)2+Q
Kalsiy oksid so‘ndirilmagan ohakning, kalsiy gidroksid esa so‘ndirilgan ohakning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Kalsiy oksidini suv bilan reaksiyasi ohakni so‘ndirish deb ataladi. Kalsiy oksid, asosan, so‘ndirilgan ohak olish uchun ishlatiladi.
Kalsiy gidroksid Ca(OH)2 amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega. U so‘ndirilgan ohak, ohak suti va ohakli suv sifatida ishlatiladi. So‘ndirilgan ohak mayda g‘ovak kukun, odatda kulrang tusli Ca(OH)2, suvda bir oz eriydi (20° C da, 1 l suvda 1,56 g eriydi). So‘ndirilgan ohakning sement, suv va qum bilan xamirsimon aralashmasi qurilishda ishlatiladi. Aralashma asta-sekin qotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |