7. “Kun va tun” o‘yini.
O‘qituvchi uka so‘zini alohida yozib, bolalarga: “So‘zni ko‘rib olib, ko‘zingizni yuming”, – deydi va u harfini a harfi bilan almashtirib: Endi ko‘zingizni oching, so‘zda qanday o‘zgarish bo‘lganini ayting, – deydi. Bolalar u harfi a harfi bilan almashtirilganini, natijada so‘z ma’nosi o‘zgarganini, aka so‘zi paydo bo‘lganini aytadilar. Bu o‘yin 1-2 marta o‘tkazilgach, so‘zlarning soni ko‘paytirilishi, murakkablashtirilishi mumkin: bola-bolg‘a, ko‘kat-ko‘mak, sovuq-tovuq. “Kun va tun” o‘yinini har xil shakllarda o‘tkazish mumkin.
8. “Par etdi” o‘yini
Bu o‘yin quvnoq daqiqada o‘tkazishga mo‘ljallangan. «Par etdi» o‘yini o‘qituvchi boshchiligida o‘tkaziladi. O‘qituvchi qush va boshqa uchadigan narsalarning nomini aytadi, bolalar «par etdi, par etdi» deb qo‘llarini baland ko‘tarib, pastga tushiradilar. O‘yin o‘rindan turgan holatda o‘ynaladi. Qushdan boshqa narsa nomi aytilganda, bolalar cho‘kkalab o‘tirib turadilar va ketdi, ketdi deb aytadilar. Bu o‘yin bolalarni zukkolikka, topqirlikka, hozirjavoblikka o‘rgatadi.
9. “Xotira mashqi” o‘yini
O‘yinni uyushtirish uchun avvaldan ko‘rgazma tayyorlanadi. Hozir xotira mashqi o‘yini o‘tkazilishini aytib, o‘yinning shartini tushuntiradi. O‘qituvchi ko‘rgazmadagi so‘zlarni ikki marta o‘qib beradi. O‘quvchilar uni eslab qolishga intiladi. Keyin ko‘rgazma yopib qo‘yiladi. Ko‘p so‘zni eslab qolgan va ularni yozgan o‘quvchi g‘olib deb topiladi va rag‘batlantiriladi. Masalan: daftar, paxta, qish, bahor, kuz, kitob, soat, o‘quvchi, ustoz.
O‘yinni og‘zaki tartibda ham o‘tkazish mumkin. Masalan, bir o‘quvchiga 8ta so‘z o‘qib beriladi: javon, kitob, parta, qo‘ng‘iroq, bo‘r, baho, qor, qo‘zichoq.
O‘quvchi xotirasida qolganini takrorlaydi.
10. “O‘z so‘zingni top” o‘yini
Sinf o‘quvchilari ikki guruhga bo‘linadi. Har bir guruhdagi bolalar berilgan matndan o‘qituvchi bergan topshiriqqa oid so‘zlarni tanlab oladi. Birinchi guruhdagi o‘quvchilar matndagi ot so‘z turkumiga oid so‘zlarni, ikkinchi guruhdagilar sifat so‘z turkumiga oid so‘zlarni tanlab yozadi. Buning uchun o‘qituvchi so‘zlar yozilgan ko‘chma doska yoki kartonni bolalarga ko‘rsatadi. Har ikkala guruh ham ishga tushib ketadi, qaysi guruh tez va to‘g‘ri bajarsa, o‘sha guruh g‘olib hisoblanadi va rag‘batlantiriladi.
So‘zlar: Kartoshka, shirin, parta, baland, olma, katta, qora, kichik, tuzli, o‘rik, ko‘rkam, nordon, kitob, yoqutday, daftar, ko‘k, bodring, achchiq, paxta, pilla, taxir, qalam, ruchka, do‘ppi, bo‘r, totli.
Do'stlaringiz bilan baham: |