Nazorat uchun savol va topshiriqlar: 1. Wise Registry Cleaner dasturida xatolik tahlili uchun qaysi buyruq ishlatiladi?
2. Wise Registry Cleaner dasturida xatolikni bartaraf etish uchun qaysi buyruq ishlatiladi?
3. Wise Registry Cleaner dasturida yana qanday ishlarni amalga oshirish mumkin?
4. Registrlar bilan ishlashda nimalarga amal qilish lozim?
5. Registrlarni tozlashga oid yana qanday dasturlarni bilasiz?
AMALIY ISH №5.
QATTIQ DISK VA AXBOROT TASHUVCHI VOSITALARNI FORMATLASH USULLARI
Ishning maqsadi. Talabalarda qattiq disk hamda boshqa axborot tashuvchi vositalarni formatlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikma hosil qilish.
Qisqacha nazariy ma’lumotlar. Kompyuter qattiq diskini formatlashning ikki turi mavjud:
jismoniy yoki quyi darajali formatlash;
mantiqiy yoki yuqori darajali formatlash.
Qattiq disklar uchun bu operatsiyalar alohida bajariladi. Bundan tashqari uchinchi bosqich ham mavjud bo‘lib, bu bosqich ko‘rsatilgan ikkita formatlash operatsiyalari orasida bajariladigan – diskni bo‘limlarga bo‘lish bosqichidir. Bu bo‘limlarni yaratish bitta kompyuterda bir necha operatsion sistemalardan foydalanilganda talab etiladi.
Jismoniy formatlash operatsion sistemaning xususiyatlaridan va yuqori darajali formatlash ko‘rsatkichlaridan (turli operatsion sistemalar uchun turli bo‘lishi mumkin) qat’i nazar doimo bir xil bajariladi. Bu bitta HDDda bir nechta operatsion sistemani mujassamlashtirishga imkon beradi.
Shunday qilib, qattiq diskning formatlanishi uch bosqichda bajariladi:
Quyi darajali formatlash.
Diskda bo‘limlarni tashkil etish.
Yuqori darajali formatlash.
Quyi darajali formatlash. Bu jarayonda diskning yo‘laklari sektorlarga bo‘linadi. Bunda sektorlar sarlavhasi va natijasi (prefikslar va suffikslar) yoziladi, shuningdek, yo‘laklar va sektorlar orasidagi intervallar shakllanadi. Har bir sektorning ma’lumotlar sohasi soxta qiymatlar bilan yoki maxsus ma’lumotlarning test to‘plami bilan to‘ldiriladi. Qattiq diskning yo‘laklaridagi sektorlar soni kontroller va jamlagich interfeysiga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’lumotlarni standart yozishda tashqi yo‘laklar maydoni nihoyatda samarasiz ishlatiladi, negaki sezilarli darajada katta maydon bilan farqlanadigan bu yo‘laklar ichki yo‘laklar kabi xuddi shu ma’lumotlar miqdorini o‘z ichiga oladi. Quyi darajali formatlashda qattiq disk sig‘imini oshirish usullaridan biri diskning ichki silindrlariga qaraganda diskning tashqi silindrlarida ko‘p miqdordagi sektorlar soni yaratilishidan iborat.
Diskda bo‘limlarni tashkil qilish. Qattiq diskda yaratilgan bo‘limlar turli xil fayl sistemalarining quvvatlanishini ta’minlaydi, ulardan har biri diskning ma’lum bo‘limida joylashadi.
Har bir fayl tizimida klasterlar yoki xotiraning yagona bloklari deb ataladigan, mantiqiy element bo‘yicha fayl egallaydigan maydonni taqsimlashga imkon beradigan aniq bir usuldan foydalaniladi. Qattiq diskda bo‘limlar soni bittadan to‘rttagacha bo‘lishi mumkin, ulardan har biri bir yoki bir necha tipdagi fayl tizimlarini quvvatlaydi. Bo‘limlar yaratilgandan so‘ng operatsion tizim vositalari yordamida yuqori darajali formatlashni bajarish kerak.
Yuqori darajali formatlash. Bu jarayonda operatsion sistema ma’lumotlar va fayllar bilan ishlash uchun strukturani yaratadi. Har bir bo‘limga (mantiqiy disk) tomning yuklash sektori (Volume Boot Sector – VBS), fayllar joylashuvi jadvalining ikki nusxasi (FAT) va o‘zak katalog (Root Directory) kiritiladi.
Bu ma’lumotlar strukturasi yordamida operatsion sistema disk maydonini taqsimlaydi, fayllar joylashuvini kuzatadi va diskdagi nosoz joylarni aylanib o‘tadi.
Yuqori darajali formatlash – bu formatlash emas, balki fayllar joylashuvining jadvali va disk mundarijasining yaratilishidir.
Haqiqiy formatlash – bu quyi darajali formatlash bo‘lib, bunda disk yo‘lak va sektorlarga bo‘linadi. Qattiq diskni quyi darajali formatlash uchun maxsus dastur zarur bo‘ladi.
Operatsion sistemaning ichki maxsus dasturi yordamida qattiq diskning OS o‘rnatilmagan istalgan mantiqiy bo‘lagini formatlash mumkin. Ammo OS o‘rnatilgan C: diskni formatlash faqat OS yangidan o‘rnatilayorga paytda amalga oshirilishi mumkin. Aks holda sistema ishining to‘xtab qolishiga sabab bo‘ladi.