58-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish tugaganidan keyingi
faoliyati
Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari ovoz
berish tugaganligini komissiyaning barcha a’zolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari
vakillari hozirligida e’lon qiladi.
Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari komissiya a’zolari bilan
birgalikda:
plombalarning raqamlarini tegishli dalolatnoma bilan solishtiradi;
oldindan yozuv ashyolarini yig‘ishtirib qo‘yib, saylov byulletenlarini sanab chiqish uchun
joy (stol) tayyorlaydi;
foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlarini sanab chiqadi va bekor qiladi, bu
haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;
muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga
tashlaydi;
statsionar va ko‘chma saylov qutilarini ochadi;
har bir nomzod bo‘yicha saylov byulletenlarini o‘qib eshittirgan va namoyish etgan holda
alohida-alohida bog‘lamlarga ajratadi;
har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlarni sanab chiqadi;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlarini aniqlaydi va sanab chiqadi, bu haqda
yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;
yakuniy bayonnomaga ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi yozuvni kiritadi.
Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chog‘ida kelib
tushgan shikoyatlarni (arizalarni) ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng uchastka saylov komissiyasi
ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha majlis o‘tkazib, unda ovoz berish yakunlari to‘g‘risida
qaror qabul qiladi.
Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida ko‘rib
chiqiladi hamda rais, rais o‘rinbosari, kotib, saylov komissiyasining boshqa a’zolari tomonidan
imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan so‘ng bayonnoma uchastka saylov
komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittiriladi hamda mazkur
bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi
binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.
Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili,
kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini
olishga haqli.
Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining ko‘chirma nusxasi axborot-
kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylovda esa tegishli tuman, shahar (bundan
Toshkent shahar saylov komissiyasi mustasno) saylov komissiyalariga taqdim etiladi, asl nusxa
esa rais yoki uning o‘rinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida olib borib
topshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |