O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga
saylovni o‘tkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston
Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi,
uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar
deputatlari saylovi yuzasidan saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qiladi;
saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi, saylovni
tashkil etish masalalari yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yo‘riqnomalar
hamda nizomlarni tasdiqlaydi, tushuntirishlar beradi;
Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda O‘zbekiston
Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatidan (bundan buyon matnda
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati deb yuritiladi) foydalanish faoliyati bo‘yicha umumiy
rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlarini
o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzadi;
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari
huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini tegishli okruglarga biriktirish to‘g‘risidagi masalalarni hal
etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlarini
o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzadi, shuningdek ularning joylashgan yeri
to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;
saylov komissiyalari tarkibiga o‘zgartishlar kiritish tartibini belgilaydi;
agar okrug saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid bo‘lsa, ushbu
qarorlarni mustaqil ravishda yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga
binoan bekor qiladi;
chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning saylovdagi kuzatuvchilariga mandatlar
beradi;
saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasini ishlab
chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablag‘larini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, shu jumladan siyosiy
partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov
komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi,
saylovni moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;
siyosiy partiyalarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari,
ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning
kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi;
taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat
berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va Qonunchilik palatasi
deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni va Qonunchilik palatasi
deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga oladi, ro‘yxatga olingan nomzodlarning ro‘yxatlari va ular
haqidagi ma’lumotlar matbuotda e’lon qilinishini hamda ularga guvohnomalar berilishini tashkil
etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga
oladi hamda ularga guvohnomalar beradi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va Qonunchilik palatasi
deputatligiga nomzodlarga saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari
sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov
komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov
komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash tartibini belgilaydi;
saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilaydi;
saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar,
mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari
vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan
axborotini eshitadi;
saylovning yakunlarini chiqaradi, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ovoz berishning
umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni, har bir
nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni to‘g‘risidagi xabarni matbuotda e’lon qiladi;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, takroriy ovoz berish, Qonunchilik palatasi
deputatlarining yoki Senat a’zolarining takroriy saylovi va bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov
o‘tkazilishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida takroriy ovoz berish va
takroriy saylov o‘tkazilishini tashkil etadi;
saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarini hamda Senat a’zolarini ro‘yxatga oladi,
shuningdek ularning ro‘yxatini matbuotda va boshqa manbalarda e’lon qiladi;
saylovdan keyin Qonunchilik palatasining, Senatning birinchi majlisini chaqiradi;
saylangan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida
guvohnoma topshiradi;
Qonunchilik palatasi deputatiga va Senat a’zosiga tegishincha Qonunchilik palatasi
deputatining hamda Senat a’zosining guvohnomasini va ko‘krak nishonini beradi;
saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib
chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan saylov komissiyalarining harakatlari
va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;
ushbu Kodeks talablari buzilganligi to‘g‘risidagi materiallarni sudga yoki huquqni
muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;
boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning
vakillari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, uchrashuvlar tashkil etadi, bitimlar va
memorandumlar tuzadi;
xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro
tashkilotlarning missiyalari tarkibida ishtirok etadi;
xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni
kuzatish uchun taklif etadi;
saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarning idoraviy arxivlarga
topshirilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamentini tasdiqlaydi;
jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi va
rivojlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: