184-modda. Intizomiy jazo ustidan shikoyat qilish
Intizomiy jazo ustidan yakka mehnat nizolarini ko‘rish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning XV bobi (“Mehnat nizolari”).
Mehnat nizosini ko‘rib chiqayotgan organ sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat qanday vaziyatda yuz berganligini, xodimning oldingi xulq-atvorini, mehnatga bo‘lgan munosabatini, intizomiy jazoning sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning og‘irlik darajasiga qanchalik mos kelishini, ish beruvchining intizomiy jazo berish tartibiga rioya qilganligini hisobga olib, xodimga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazoni g‘ayriqonuniy deb topish va uni bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 3.8-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarorining 30-bandi.
XII BOB. MEHNAT ShARTNOMASI TARAFLARINING MODDIY JAVOBGARLIGI
1-§. UMUMIY QOIDALAR
185-modda. Mehnat shartnomasining bir tarafi boshqa tarafga yetkazgan zararni qoplash majburiyati
Mehnat shartnomasining bir tarafi (ish beruvchi yoki xodim) mehnat sohasidagi vazifalarni bajarishi munosabati bilan boshqa tarafga yetkazgan zararini ushbu Kodeks va mehnat to‘g‘risidagi boshqa normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq qoplaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeks XII bobining 2-paragrafi (“Xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi”) va 3-paragrafi (“Ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning moddiy javobgarligi”).
Mehnat shartnomasi yoki unga qo‘shimcha ravishda tuzilgan yozma shakldagi kelishuvda, shuningdek jamoa shartnomasida mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi aniqlashtirib qo‘yilishi mumkin. Bunda shartnoma bo‘yicha ish beruvchining xodim oldidagi javobgarligi ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan kam, xodimning ish beruvchi oldidagi javobgarligi esa nazarda tutilganidan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 187 va 198-moddalari.
Zarar yetkazilganidan keyin mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinganligi mehnat shartnomasi taraflarini moddiy javobgarlikdan ozod qilishga sabab bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |