2-§. TA’TILLAR
133-modda. Yillik mehnat ta’tillari
Barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 169-moddasi, Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.13 va 4.14-bandlari.
134-modda. Yillik asosiy ta’til
Xodimlarga o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik asosiy ta’til beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.14-bandi.
135-modda. Yillik uzaytirilgan asosiy ta’tillar
Quyidagilarga ularning yoshi va sog‘lig‘i holatini hisobga olib, yillik uzaytirilgan asosiy ta’til beriladi:
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga — o‘ttiz kalendar kun;
ishlayotgan I va II guruh nogironlariga — o‘ttiz kalendar kun.
Oldingi tahrirga qarang.
Ayrim toifadagi xodimlarga ularning mehnat vazifalarining o‘ziga xos jihatlari va xususiyatlarini hamda boshqa holatlarni e’tiborga olib, qonunchilikka muvofiq uzaytirilgan ta’tillar belgilanadi.
(135-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasining uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahriri) 75-moddasining uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahriri) 50-moddasining uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni 21-moddasining birinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni 15-moddasining ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-maydagi PF-5446-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomning 54-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari yoki boshqa normativ hujjatlarda belgilanganidan tashqari, mehnat shartnomasining shartlarida ham uzaytirilgan yillik ta’tillar berish nazarda tutilishi mumkin.
(135-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.14-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |