89-modda. Ish beruvchining xodim roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirish huquqi
Ish beruvchi xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirishga faqat texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarganligi, basharti bunday o‘zgarishlar xodimlar soni yoki ishlar xususiyatining o‘zgarishiga olib kelishi oldindan aniq bo‘lgan hollardagina haqlidir.
Ish beruvchi ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnat shartlarini o‘zgartirish xususida korxonadagi xodimlarning vakillik organlari bilan oldindan maslahatlashib oladi.
Ish beruvchi mehnat shartlaridagi bo‘lajak o‘zgarishlar haqida xodimni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirib tilxat olishi shart. Ko‘rsatilgan muddatni qisqartirishga faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Xodim bilan mehnat shartnomasi u yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli bekor qilinishi mumkin, bunda xodimga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi.
Ko‘pchilik xodimlar guruhi uchun mehnat shartlari noqulay tarzda o‘zgargan taqdirda, ish beruvchi mahalliy mehnat organiga bunday o‘zgartirishlarning sababi haqida ma’lumot berishi shart.
Xodim ish beruvchi tomonidan mehnat shartlari o‘zgartirilganligi ustidan sudga shikoyat qilishga haqli. Nizoni ko‘rish vaqtida ish beruvchining zimmasiga avvalgi mehnat shartlarini saqlab qolish imkoniyati yo‘qligini isbotlab berish majburiyati yuklatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi II bo‘limining 2-kichik bo‘limi (“Da’vo ishini yuritish”).
90-modda. Xodimning mehnat shartlarini o‘zgartirish huquqi
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda, xodim ish beruvchidan mehnat shartlarini o‘zgartirishni talab qilishga haqlidir.
(90-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 226 — 229-moddalari, Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibi namunaviy qoidalarining (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 2.19.2-bandi.
Xodimning mehnat shartlarini o‘zgartirish haqidagi arizasi berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Xodimning mehnat shartlarini o‘zgartirish haqidagi talablari rad etilgan taqdirda, ish beruvchi unga rad etishning sababini yozma shaklda ma’lum qilishi kerak. Xodimga uning talablarini rad etish sabablarini ma’lum qilmaslik xodimning mehnat shartlarini o‘zgartirish rad etilganligi xususida shikoyat qilishi uchun to‘siq bo‘la olmaydi.
(90-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi O‘RQ-355-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |