Regress (qaytarma) majburiyat
Regress atamasi qadimgi Rim huquqida vujudga kelgan boʻlib, oʻsha davrlarda bu atama bugungi kundagi vazifani bajargan. Regress – lotincha “regressus” soʻzidan olingan boʻlib, “orqaga harakat” degan ma’noni anglatadi1. “Regress” atamasi (“progress” – “oldinga harakat” atamasiga qarama-qarshi oʻlaroq) soʻzma-soʻz tushunilganda “orqaga harakat, qaytarma” ma’nolarini ifodalaydi. Shu sababli koʻpchilik vaziyatlarda “regress talabi” oʻrniga uning sinonimi boʻlgan “qaytarma talab” atamasi qoʻllaniladi. “Regress” fuqarolik huquqida “qaytarish” tushunchasini, masalan, birov uchun toʻlangan pulning qaytarish toʻgʻrisidagi talabni bildiradi. Qaytarma majburiyat sheriklik va qoʻshimcha majburiyatlarni bajarishdan kelib chiqadi. Sherik qarzdorlardan biri kreditorga nisbatan majburiyatni toʻla hajmda bajarib, keyinchalik ular uchun toʻlangan summani, qilingan ish xarajatlarini qolgan qarzdorlardan qaytarma talab asosida qoplata oladi. Odatda fuqarolik-huquqiy munosabatlarda regress majburiyatlar asosiy majburiyatni qarzdor oʻrniga uchinchi shaxslar bajarganda yoki uchinchi shaxsning aybi bilan majburiyat bajarilmagan hollarda yuzaga keladi.
Regress majburiyat oʻziga xos quyidagi belgilari bilan ta’riflanadi:
a) regress majburiyat asosiy majburiyatning hosilasi hisoblanadi;
b) unda ishtirok etuvchilarning bittasi yoki barchasi asosiy majburiyatning subyektlaridan hisoblanadi;
v) asosiy majburiyatni regress majburiyat taraflaridan biri tomonidan bajarilishi yoki regress majburiyatning oʻzini vujudga kelishi, unda ishtirok etuvchi shaxslarning harakati yoki harakatsizligi bilan bogʻliq.
Regress majburiyat boʻyicha qatnashuvchi kreditor regredient deb ataladi. U albatta asosiy majburiyatda qatnashuvchi hisoblanadi. Regress majburiyat boʻyicha qarzdor “regressatom” deb nomlanadi. Regressatom asosiy majburiyatda qatnashgan yoki qatnashmagan boʻlishi ham mumkin, lekin asosiy majburiyatning bajarilishi yoki bajarilmasligi uning muayyan harakatlarni amalga oshirishi yoki oshirmasligiga, shuningdek regredient uchinchi shaxs oldidagi vazifasini bajarilishiga bogʻliq. Qaytarma (regress) majburiyat deb, bir taraf ikkinchi taraf uchun uchinchi shaxs oldida bajargan majburiyatni qaytarish toʻgʻrisida talab qila olish huquqiga aytiladi. Regress (qaytarma) talabda ham boshqa majburiyatlar singari ikki taraf ishtirok etadi. Masalan, qarz shartnomasiga asosan, qarzdorlardan biri qarzni toʻla hajmda toʻlasa, qarz majburiyati bekor boʻladi. Lekin boshqa qarzdorlar uchun qarzni toʻlagan qarzdor ulardan tegishli summani undirish uchun qaytarma talab qila oladi. Agar majburiyatni toʻla hajmda bajargan qarzdor bu toʻgʻrida boshqa sherik qarzdorlarini ogohlantirmasa, sherik qarzdorlar majburiyatni bajarmagan boʻlsa, zarar koʻrgan qarzdor qolgan qarzdorlarga nisbatan qaytarma da’vo qoʻzgʻata olmaydi. U faqat kreditorga nisbatangina uning asossiz olganini qaytarishi toʻgʻrisida da’vo qila oladi. Qaytarma talab uchinchi shaxsga nisbatan qilingan xarajatning umumiy miqdoridan oshmasligi kerak.
Qaytarma majburiyat xoʻjalik tashkilotlari oʻrtasidagi munosa-batlarda koʻproq tarqalgan. Chunonchi, mahsulot yetkazib beruvchi tashkilotdan sotib oluvchi tashkilotga mahsulot sifatsiz boʻlgani uchun jarima toʻlaganida, bunday sanksiyaga (jarima) tortilishi mahsulot tayyorlovchi tashkilotning shartnoma shartlarini buzganligi sababli vujudga kelganligi koʻrsatilib, keyinchalik bu jarima summasining oʻziga qaytarilishi toʻgʻrisida mahsulot tayyorlovchi tashkilotga qaytarma da’vo qoʻzgʻata oladi.
Binobarin, qaytarma da’vo tashkilotlar oʻrtasida har bir xoʻjalik yurituvchi subyektning oʻz majburiyatiga nisbatan javobgarligini oshiradi va u muayyan ahamiyatga ega boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |