6.MAVZU. SUG’URTA TASHKILOTINING TASHKILIY-HUQUQIY ASOSLARI VA KONSEPTUAL MODELI. REJA: 1. Sug’urta tashkilotlarining litsenziya olish talablari. 2. Sugurta tashkilotlarining faoliyat turlari.
Sug’urta tashkilotlarining litsenziya olish talablari.
Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida NIZOM
1. Mazkur Nizom “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan hamda sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslar sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlari bo‘lishlari mumkin.
4. Sug‘urtalovchi va sug‘urta brokerining sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi.
Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
II. Litsenziya talablari va shartlari 5. Quyidagilar sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
sug‘urta faoliyatini amalga oshirishda olingan axborotlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiq maxfiyligini ta’minlash;
litsenziyalovchi organ talabiga ko‘ra sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga doir qonun hujjatlarida belgilangan axborotlarni taqdim etish;
litsenziya talabgori (litsenziat)ning rahbari va bosh buxgalteri sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan malaka talablariga muvofiq bo‘lishlari kerak;
litsenziya talabgori (litsenziat) rahbari boshqa sug‘urta tashkilotlarida rahbar lavozimini egallashga haqli emas.
6. Mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlariga qo‘shimcha ravishda quyidagilar belgilanadi:
a) sug‘urtalovchilar uchun:
ustav fondining qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdorining mavjud bo‘lishi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida majburiy sug‘urta shartnomalarini tuzish, jabrlanuvchi (uning merosxo‘ri yoki huquqiy vorisi)ning sug‘urta to‘lovlari to‘g‘risidagi talablarini ko‘rib chiqish va sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish vakolati berilgan o‘z filiallariga ega bo‘lishi — transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qiluvchi sug‘urtalovchilar uchun;
sug‘urtalovchining Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi bilan unga a’zolik to‘g‘risidagi yozma bitimining mavjud bo‘lishi — transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qiluvchi sug‘urtalovchilar uchun.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalari yoki annuitetlar shartnomasi tuzish, ish beruvchilar (yoki) jabrlanuvchilar yoxud naf oluvchilarning sug‘urta tovoni va tovonini to‘lash to‘g‘risidagi talablarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan o‘z filiallari va boshqa alohida bo‘linmalari mavjud bo‘lishi — ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalovchilar uchun;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasini tuzishga, tashuvchilar, jabrlanuvchilar va naf oluvchilarning sug‘urta tovoni haqidagi talablarini ko‘rib chiqishga hamda sug‘urta tovonini amalga oshirishga vakolatli o‘z filiallariga ega bo‘lishi — tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qiluvchi sug‘urtalovchilar uchun;
sug‘urtalovchida tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirishga haqli bo‘lgan sug‘urtalovchilar o‘rtasida sug‘urta sherikchiligini tuzish haqida birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnomaning mavjud bo‘lishi — tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qiluvchi sug‘urtalovchilar uchun.
b) sug‘urta brokyerlari uchun:
sug‘urta brokerining sug‘urta faoliyatini amalga oshirishda shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlash;
sug‘urta shartnomasining litsenziat mijozi uchun qulay shartlarda tuzilishi va bajarilishi;
sug‘urtalashga doir vositachilik faoliyatini asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshirish.
7. Sug‘urtalovchilar tomonidan sug‘urta turlari (klasslari) qo‘shib olib borilganda quyidagi qoidalar qo‘llaniladi:
a) sug‘urtalovchi litsenziyasida litsenziat amalga oshirishga haqli bo‘lgan sug‘urta turlari (klasslari) ko‘rsatiladi. Sug‘urta klassi muayyan umumiy belgilar bo‘yicha birlashtirilgan sug‘urta turlari yig‘indisini ifodalaydi. Har bir klassning mazmuni va o‘tkazish shartlari bo‘yicha talablar mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan;
b) sug‘urta turi sug‘urtalovchi tomonidan ishlab chiqiladigan va sug‘urta qildiruvchiga sug‘urtaning bir yoki bir nechta klassi doirasida ko‘rsatiladigan aniq sug‘urta xizmatini ifodalaydi;
v) litsenziat, unda mazkur Nizomda belgilanadigan sug‘urta klasslarini qo‘shib olib borishga doir cheklashlarni hisobga olgan holda sug‘urtaning tegishli klasslari ko‘rsatilgan litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda ikki va undan ortiq sug‘urta klassi belgilari va mazmunini jamlovchi sug‘urta turini ishlab chiqishga haqlidir.
8. Hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziat — sug‘urtalovchi umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini qo‘shib olib borishga haqli emas, umumiy sug‘urtaning 1 va 2-klasslari bo‘yicha faoliyat bundan mustasno.