Falsafa metodlari. Eng qadimgi keng tarqalgan metodlardan biri dialektika bo’lsa, ikkinchisi metafizikadir. Biroq falsafa metodlari bo’lar bilan cheklanmaydi. Bugungi kunda uning sofistika, eklektika, analitik, (hozirgi zamon analitik falsafasi), intuitiv, fenomenologik, sinergetik, germenevtik (tushunish) va boshqa turlari ham mavjud. Endilikda turli metodlarni birlashtirish jarayoni ham ro’y bermoqda (masalan, Gadamer germenevtikani ratsional dialektika bilan birlashtirishga harakat qiladi).
Dialektika (yunon. dialektika — bahs, suhbat) tabiat, jamiyat va bilish taraqqiyoti qonuniyatlari hamda ularning asosida shakllanadigan umumiy tafakkur uslubi va amaliy faoliyat haqidagi ta’limotdir. U grek tilida bahs va suhbatlashish san’ati, degan ma’noni anglatadi. Antik dunyo faylasuflari uni haqiqatga erishish yo’li va usuli sifatida talqin etganlar. Hozirgi davrga kelib dialektika olamdagi narsa va hodisalar doimo o’zgarishda, o’zaro aloqadorlik va bog’liklikda, taraqqiyot va rivojlanishda, deb tushunishdir. Unga ko’ra, olamda o’z o’rniga va joyiga, yashash vaqti va harakat yo’nalishiga ega bo’lgan barcha narsalar va voqealar bir-birlari bilan bog’liq va aloqador tarzda, bir-birlarini taqozo etadigan, doimiy va takrorlanib turadigan bog’lanishlar orqali namoyon bo’ladi.
Falsafada mazkur tamoyillarga asoslangan tafakko’rni — dialektik tafakkur, ana shunday dunyoqarashni — dialektik dunyoqarash, yondashuvni — dialektik yondashuv, metodni — dialektik metod deb atash an’anaga aylangan. SHu bilan birga, u yoki bu olimning ushbu tamoyillarga asoslanadigan dunyoqarashi, falsafiy ta’limotlari ham bor. Masalan, Demokrit va Geraklit dialektikasi, Kant yoki Gegel dialektikasi deyilganda ana shunday hol nazarda tutiladi.
Antik davr dialektikasi sodda va stixiyali bo’lib, asosan, hayotiy tajribaga asoslangan. O’sha davrda "Dialektika" so’zini birinchi bo’lib, Sukrot (er.av. 469—399 y.) o’z falsafiy faoliyatida qo’llagan.
Gegel dialektikani falsafa taraqqiyotining umumiy nazariyasi sifatida asoslab bergan. Ma’lumki, o’rta acp ratsionalizmi tajribaning ahamiyatini va nazariyaning empirik paydo bo’lishini tan olishi bilan harakterlanar edi. Gegel fikrlari boshqacha xarakterga ega. U falsafa o’z xususiyatlarini asoslovchi metodga ega bo’lmas ekan, fan bo’la olmaydi, deb hisoblaydi.
Gegel dialektikasi mutlaq aql faoliyatining nazariyasi, mantig’i va metodi sifatida namoyon bo’ladi.
Bizni o’rab to’rgan olam yagona bir butunlik, aniq tizim bo’lib, bir-biri bilan uzviy bog’liq predmetlar xilma-xilligi yagonalikda, bir-biri bilan o’zaro ta’sir va o’zaro uzviy bog’liqliqda namoyon bo’ladi.
"Metafizika" (yunon.— fizikadan keyin) - dialektika kabi universal metoddir. Bu so’z ilmiy muomalaga er. av. I asrda Aristotelning shogirdi, uning she’rlari sharhovchisi Rodosskiy tomonidan kiritildi. Mutafakkir asarlarini bir tizimga solar ekan, u borliq va bilish haqidagi umumiy masalalarni fizikadan so’ng "birinchi falsafa"ning (mohiyat, sabab va boshqa) ikkinchi falsafadan farqli xususiy-ilmiy bilimlarni o’rganadigan qismi sifatida talqin qilgan.
Ko’p hollarda, dialektikaga qarama-qarshi deb talqin etiladigan metafizika olamdagi narsa va hodisalarni o’rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan o’zgarmasdan, alohida to’rgan holatiga diqqatni ko’proq qaratadigan usuldir. .
Alohida ta’kidlash lozimki, metafizik usulning hayotda, ilmiy izlanishlar va falsafiy tadqiqotlarda ham o’z o’rni bor.
Bilimning metafizik usullari turlicha bo’lib, idealizm, sensualizm, ratsionalizm, empirizm, dogmatizm, relyativizm va boshqa shakllarda namoyon bo’lib, bilimning alohida shakllari natijalarini mutlaqlashtirish jarayonida paydo bo’ladi.
Sofistika qadimgi YUnonistonda mil. av. V va IV asrning birinchi yarmida ijtimoiy-siyosiy hayotda xususiy bir yo’nalish sifatida paydo bo’lgan. Sofistika namoyandalari Pratagor, Gorgiy, Gippiy, Antifont va boshqalardir. Bu usul qullanilganda fikrning mazmuni ko’chma ma’noda bayon qilinadi, ya’ni "Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit ", deganga o’xshash holat nazarda tutiladi. Umuman olganda, falsafada “do’ppi tor kelib qolgan” ana shunday zamonlarda fikrni Gulxaniyning mashhur “Zarbo’lmasal” acapi kabi ifodalash hollari uchrab turadi. Demak sofizm — qarama-qarshi fikrlar asosida ixtiyoriy tanlangan foydali mulohaza bo’lib, uning yordamida har qanday narsa yoki fikrni isbotlay olish mumkin.
Metodologik usul sifatida eklektika birinchi marta qadimgi yunon falsafasida paydo bo’ldi. Bunday usulning bema’niligini Suqrot va Aristoteldan boshlab, hozirgi davr mutafakkirlarigacha tanqid qiladilar.
Sinergetika. Hozirgi zamon fanida sinergetika metodi keng qo’llanilmoqda. Sinergetika so’zi yunoncha ("sinergena") bo’lib, kelishuv, hamkorlik, o’zaro ta’sir kabi ma’nolarni anglatadi. German Xakenning fikricha, sinergetika ko’p qismlardan iborat bo’lgan, o’zaro murakkab aloqadorlikdagi komponentlar tizimini o’rganadi. Bu so’zni Xaken hamkorliqdagi harakat bilib, butunning tizim sifatida aks etuvchi qismlarining kelishilgan faoliyati ma’nosida talqin qiladi.
Hozirgi davrda I. Prigojinning sinergetika to’g’risidagi fikrlari ham ko’pchilikning e’tiborini tortmokda.
Sinergetika — olamning o’z-o’zini tashqil etishi, makon va zamonda narsa va voqealarning azaliy ketma-ketligi, o’zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog’lanishlar asosida mavjudligini e’tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuidir. Bu ta’limotni dialektika asosida shakllangan va uni to’ldiradigan ilmiy qarashlar majmuasi deydiganlar ham bor. Ularga qarshi o’laroq, dialektika endi kerak emas, uni sinergetika bilan almashtirish lozim, deb hisoblovchilar ham yo’q emas.
Sinergetikada bifurkatsiya, fluktuatsiya, tartibsizlik, dissipatsiya, g’alati attraktorlar, chiziqsizlik singari tushunchalar mashhur. Ulardan tizimlar barcha turlarining, jumladan old organizmik, organizmik, ijtimoiy, etnik, ma’naviy va boshqa tizimlarning xulq-atvorini tushuntirish uchun foydalaniladi.
Fan metodlari – ma’lum fan tarmog’iga kiruvchi yoki fanlar tutashgan joyda vujudga kelgan muayyan fan sohasida qo’llaniladigan usullar tizimi. Har bir fundamental fan, mohiyat-e’tibori bilan, o’z predmetiga va o’ziga xos tadqiqot usullariga ega bo’lgan sohalar majmuidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |