1. Buyruq, do‘q-po‘pisa. Masalan: Taqsir, ... bitta surat chizib bering. (P.Qodirov). Bolalar tezroq olib chiqilsin!.. (P.Qodirov). Professor Jamolov senga ham ota, ham ustozlik qiladi, o‘g‘lim... Gapidan chiqma. (J.Abdullaxonov.). – Sen darsingga o‘tir, qizim, - buyruq qildi u Yulduzga, - sen Qunduz, Temirjonga darrandayu parrandalaringni ko‘rsat. (J.Abdullaxonov.).
2. Iltimos, yalinish, istak. Masalan: Oshiqmang, bo‘ladi. Faqat iltimos qilamanki, bo‘tam, buni hozircha zinhor-bazinhor sir tuting. Zero, nifoq solguvchilar paydo bo‘lib, biror ishkallikni o‘ylab topmasinlar. Institutimiz rahnamolari bu maqsadga uncha ro‘yixushlik bermayotganlarini unutmang. (J.Abdullaxonov).
3. Maslahat. Masalan: Fanda kashf qilishdan buyuk narsa yo‘q, toylog‘im,- deb qoldi professor, - siz ham faoliyatingizni kashf qilishdan boshlang. (J.Abdullaxonov). Keling, institutda olgan nazariy bilimingizni amaliyot bilan bog‘lash imkoniga ega bo‘ling avval. (J.Abdullaxonov).
Buyruq gapning ko‘pgina ma’nolari ohang orqali anglashiladi.
Buyruq gapni shakllantirishda quyidagi vositalar xizmat qiladi: 1) buyruq ohangi; 2) ko‘pincha buyruq maylidagi fe’l bilan ifodalangan kesimi; 3) gapga buyruq jilvasini qo‘shadigan maxsus so‘zlar (keling, kel, yaxshisi, iloji bo‘lsa va boshqalar).
Buyruq gap kesimning ifodalanish usuliga ko‘ra farqlanadi:
1. Buyruq gapning kesimi ko‘p hollarda buyruq-istak maylidagi fe’l bilan ifodalanadi. Masalan: Och odamning ustidan kulmang.
Etishmasa ishga qurbati,
Xunukkina qizlarni siylang,
Go‘zal bo‘lar ular siyrati.
Birovlarning haqqin eganni
Dasturxonga yo‘lata ko‘rmang.
Rostni ko‘rib yolg‘ on deganning
Kosasini to‘lata ko‘rmang. (A.Oripov).
2. Buyruq gapning kesimi sifatida shart maylidagi fe’l keladi. Masalan: Iloji bo‘lsa, uzoq kutdirib qo‘ymasangiz... (J.Abdullaxonov). Unday bo‘lsa, marhamat qilib uni ishlarimiz bilan ham oshno qilsangiz (J.Abdullaxonov).
3. Ba’zan buyruq gapning kesimi aniqlik (ijro, xabar) mayli shaklidagi fe’l bilan ifodalanishi mumkin. Masalan: Professor haliginday takror qo‘l siltadi: - Raddiyani uning o‘ziga yozdirasiz, bo‘tam. (J.Abdullaxonov).
4. Buyruq gapning kesimi vazifasida fe’ldan boshqa so‘zlar ham kelishi mumkin. Masalan: Uztoz Ali! Oldinga! (P.Q.). Bobur uning so‘nggi yillarda o‘rgangan chavandozlik mashqlaridan ko‘rsatmoqchi ekanini sezdi. - Qani, qani,- dedi maroq bilan. (P.Q.). Hazratim, lozim bo‘lsa, endi musiqadan, bir imtihon qilib ko‘ring. -Qani, qani! (P.Q.). Orqadan kimdir: «E, bas, bas!» deb qichqirdi. (P.Q.).
Do'stlaringiz bilan baham: |