Buzilgan nikoh. Uyni qonuniy bo‘lashdingiz… Mol-mulkni qonuniy bo‘lashdingiz… Muhabbat bo‘laklandi… Sadoqat bo‘laklandi… Bola-chi? Bolani qaysi qonun bilan bo‘lashasiz? Onasi bilan bo‘lsa, otasiz qolsa. Otasi bilan bo‘lsa, onasiz qolsa… Yaxshisi, uniyam ikkiga bo‘ling! Bir nimtasi-eriga! Bir nimtasi-xotinga! Qani ko‘taring boltani, bolaning uvoli tutgurlar! (O‘.Hoshimov)
***
Tiriklar va o‘liklar. Vaqti-vaqti bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib o‘tganlar ruhini xotirlaysiz… Keyin… o‘z yumushingiz bilan ketasiz.
Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas… Iloji bo‘lsa, qabristonni osoyishta aylaning. Shunda… g‘alati holat ro‘y beradi. Marhumlar sizga ko‘-o‘-o‘p narsalar aytadi…
Ishoning, o‘liklar tiriklardan ko‘ra teranroq fikrlaydi… (O‘.Hoshimov)
Do'stlaringiz bilan baham: |