Ishchi maydoni. Matn muharriri kompyuter ekranida «ishchi maydoni» deb ataladigan maxsus joy ajratadi. Ishchi maydoni matn yozish uchun sahifa vazifasini bajaradi. Kiritilayotgan matn ishchi maydonida aks etib boradi.
Yurgich. Klaviaturadan kiritilayotgan belgi ishchi maydonining qayerida aks etishini ko‘rsatib turadi. Odatda, gorizontal yoki vertikal chiziqcha ko‘rinishida bo‘ladi.
Menyu. Maxsus buyruqlar va amallar majmui menyu deb ataladi. Ular yordamida asosan matnlarni diskdan o‘qish, diskka yozish, chop etish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Yurgich va ishchi maydonining ko‘rinishi matn muharriri ishiga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Ular turli matn muharrirlarida biroz farq qilishi mumkin.
Matn muharrirlari, asosan, menyusi bilan bir-biridan farqlanadi. Menyudagi buyruq va amallar matn muharrirlarining imkoniyatlarini belgilaydi. Ular qancha ko‘p bo‘lsa, matn muharrirlarining imkoniyatlari shuncha yuqori bo‘ladi. Turli matn muharrirlarining mos buyruqlari bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Ular biroz farqlansa-da, ma’nosini tushunib olish qiyin emas. Masalan, matnni diskka yozish buyrug‘i ba’zi matn muharrirlari menyusida «yozish» deb nomlangan bo‘lsa, boshqalarida «saqlash» deb nomlangan. Shu kabi matnni diskdan o‘qish buyrug‘i turli matn muharrirlarida «o‘qish», «yuklash» yoki «ochish» deb nomlanishi mumkin. Mazkur buyruqlar nomlari turlicha bo‘lsa ham, deyarli bir xil ma’noni anglatadi va aynan bir xil vazifani bajaradi.
Imkoniyatlari ko‘proq bo‘lgan matn muharrirlari kamroq imkoniyatli matn muharrirlari bajara oladigan barcha amallarni bajarish imkoniyatiga ega. Shu bois yuqori imkoniyatli matn muharririda ishlashni o‘zlashtirib olsangiz boshqa matn muharrirlarida ishlash qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Yuqorida aytilganlarni hisobga olib matn ko‘rinishidagi axborotlarni qayta ishlash usullari va yo‘l-yo‘riqlarini hozirgi kunda eng mukammal matn protsessorlaridan biri bo‘lgan Microsoft Office-2000 paketiga kiritilgan Microsoft Word (qisqacha Word) matn protsessori misolida ko‘rib chiqamiz. U juda ko‘p amallarni bajara olishi bilan boshqa matn protsessorlaridan ajralib turadi. Word grafik interfeysga ega bo‘lib, aksariyat buyruq va amallar «sichqoncha» yordamida amalga oshiriladi.
Word bir vaqtda bir nechta hujjat bilan ishlash imkoniyatiga ega. Har bir hujjat «oyna» deb ataladigan maxsus ishchi maydonida tashkil etiladi. Oynalarning o‘lchami va joylashish tartibini foydalanuvchi o‘z xohishiga qarab belgilab oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |