www.ziyouz.com kutubxonasi
88
etagida namoz o‘qiging kelib ketadi. Ichi yorib qaralsa-chi? Hamma buzuqliklarni ko‘rib,
ko‘ngling ag‘dariladi. Ha... Biz buzoqmiz. Kanani hech kim tergani kelmaydi. Sillamizni
quritishib, so‘ng yaxshi semirmadi, beradigan qoni kam deb, qassobga oshirishadi, —
Shoali shunday deb fotiha o‘qidi. — Joyimga boray, qarab-qarab qo‘yishyapti, yana sizga
osilib yurishmasin.
Qilichning tanishiga mehr ko‘rgazgani beiz ketmadi — nonushtada unga non «etmay
qoldi». Sal narida o‘tirgan Zo‘rning qarab-qarab qo‘yishidan bildiki, bu kechagi qilmishi
uchun berilgan mukofot. Yanada oydinroq aytilsa — ogohlantirish. Ishga ketayotganida
bir yigit qattiq turtib o‘tdi. Uzr so‘rash o‘rniga tirjayib qo‘yishidan fahm etdiki, bular bilan
hazillashib bo‘lmaydi. U kun bo‘yi bir narsani o‘yladi— bu yerdan chiqarib olishga
Hosilboyvachcha jur’at etolmas, Asadbekdan yordam so‘rash kerak. «Xat yozib
chiqaraman, yo xotinim borib oyog‘iga yiqiladi. Shuncha azob chekkanim yetar».
Shu fikrga kelib turganida unga «shaharni bir aylanib kelish uchun» ruxsat berishdi.
Lager darvozasidan sal naridagi mashina oldida Shomilni ko‘rib, ajablandi.
«Tinchlikmikin?» deb ko‘ngliga xiralik oraladi. Shomil «Tezroq yur», deganday qo‘l
siltab, joyiga o‘tirdi. Qilich qadamini tezlatdi.
— Bo‘ssning gapi bor ekan, — dedi Shomil.
— Qanaqa gap?
— Bilib qo‘y: Bo‘ss yaxshi gapi bo‘lsa chaqiradi. Yomon gapi bo‘lsa o‘zim yetkazib qo‘ya
qolaman. Sen uning oyog‘ini yalashing kerak, bildingmi?
Ular kirib kelishganda Hosilboyvachcha shirakayf bo‘lib olib bir qiz bilan maishatni
boshlayman, deb turgan edi. Shomil bunaqa holatga ko‘nikib ketgani uchun hech bir
mulozamatsiz ichkari kirib stol ustidagi fin pivosidan bittasini ochib, ichdi. Qilich Asadbek
huzuriga ko‘p kirgan, ammo bunaqa holatni uchratmagan edi. Maishatga ishqiboz
bo‘lgan Kesakpolvon ham bunday qiliq qilmasdi. Shu sababli Qilich ichkari kirishni ham,
kirmaslikni ham bilmay, ostonada turib qoldi.
Hosilboyvachcha unga bir qarab qo‘ydi-yu, qizni erkalashda davom etdi. U befarosat
edimi yo «ko‘rib qo‘y, bu dunyoda men istagan ishimni qila olish qudratiga egaman»,
demoqchi bo‘ldimi — bunisi Qilichga qorong‘u.
Hosilboyvachcha qizning baqbaqasidan chimchilab Shomilga qaradi-da:
— Qalay, zo‘rmi?
— Gap yo‘q, shikalad! — dedi Shomil, keyin Qilichga qaradi. — Qoqqan qoziqday
turishini qarang uni, kiravermaysanmi? O‘zingning akang-ku!
Qilich o‘zidan bir necha yosh kichik «o‘z akasi»ga yana bir marta salom berib, ichkari
sari ikki-uch qadam qo‘ydi.
Hosilboyvachcha qizni tizzasidan tushirib, «narigi xonaga kirib tur», dedi-da, Qilichga
ro‘parasidan joy ko‘rsatdi. Shomil chaqqonlik bilan qadahlarga konyak quyib avval
xo‘jasiga uzatdi. Hosilboyvachcha aftini bujmaytirib, «ichmayman», deb qo‘l siltadi.
Qilich ham rad etmoqchi edi, Shomil:
— Sen ich, — deb buyurdi.
Qilich uning amrini bajardi.
— Nimaga chaqirtirganimni bilasanmi? — dedi Hosilboyvachcha.
— Bilmayman.
— Men seni sotdim, a?
Qilich javob bermay, boshini egdi.
— Sotdim. Nega to‘g‘ri gapdan qo‘rqasan? Nima uchun sotdiykin, deb o‘ylamadingmi?
— O‘yladim.
— Xo‘sh, nimaga sotdim?
— Ming o‘ylasam ham sababini bilmadim.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |