www.ziyouz.com kutubxonasi
106
joyga o‘tirib «kutamiz» dedi. Baobro‘ ziyofatlarning to‘rida viqor to‘kib o‘tirishga
ko‘nikkan Xolidiy uchun bu holda kutib o‘tirish xorlikday tuyulib, malol kelsa ham, erta
kel, indin kel, degan gaplar chiqib qolishini hisobga olib, bu tahqirga chidadi.
«Bularning ziyofatini ham bir ko‘rib qo‘yaylik-chi...» deb o‘zini ovutdi.
Ziyofat ancha cho‘zildi. Xolidiy kelganiga pushaymon yeya boshladi. Bu yerga bosh egib
kelishga majbur etgan Anvarni so‘kdi. «Ziyofat beruvchi uy egasi tashqariga ham
chiqmas ekanmi?» deb g‘ijindi. Itining fe’li egasiga ma’lum deganlariday, Omilga
o‘g‘lining bu qilig‘i malol kelmadi. Omil hayotida ozmi-ko‘pmi xiyonat ko‘chasiga
kirgan bo‘lsa-da, bir narsaga — uyquga hamisha sodiq qolgan. Uyquning sharpasi
sezilishi hamon uni noumid qaytarmagan. U faqatgina yurayotgan mahalida uxlashga
o‘rganolmagan, boshqa har qanday holatda mizg‘ib olishi mumkin edi. Og‘aynilari
«Omilga yostiqning rasmini chizib ko‘rsatsang ham uxlayveradi», deb bejiz
hazillashishmasdi. Xolidiyga Omilning bu odati noma’lum bo‘lgani sababli, o‘tirgan yerida
boshini osiltirib pishillashidan g‘ashi keldi. Ro‘parasida o‘tirib pivo simirayotgan g‘ilayga
qarab jahli chiqdi.
«Kimsan, qanday odamsan ham demaydi-ya... Shunchalik dimog‘dormi bular. Omil
to‘nka ham tanishtirib qo‘ymadi. Bu g‘ilay nima qilib o‘tiribdi o‘zi?..» Xolidiy shu zaylda
bir oz g‘ashlanib o‘tirgach, o‘zini o‘zi ovuta boshladi:
«Bular kim o‘zi? Alifni kaltak deydigan befarosat odamlar. Ular uchun akademik ham
bir, ko‘chada yotgan alkash ham bir. Bular odamning qadrini pul bilan o‘lchashadi. Agar
ko‘chada yumalab yotgan alkashning cho‘ntagida ming dollar bo‘lsa, ularga
akademikdan ko‘ra shu qadrliroq. O‘sha dollar uchun uning mishig‘ini ham artib
qo‘yishadi. Agar men olim emas, falonchi boy bo‘lganimda bu g‘ilay hozir pivo ichib
gazagiga oyog‘imni yalab o‘tirardi...»
Xolidiyning toqati toq bo‘lib endigina ketishga jazm qilganda, ayvonda Hosilboyvachcha
ko‘rindi. G‘ilay sapchib turib ko‘cha eshik tomon tez-tez yurdi. Bashang kiyingan ikki
kishini Hosilboyvachchaning o‘zi ehtirom bilan kuzatdi. U ko‘chada uzoq qolmadi,
xayrlashuv marosimi ortiqcha takallufsiz, tez tugadi. Shiyponga qaytib, avval otasi bilan,
so‘ng Xolidiy bilan so‘rashdi. «Uzr, kuttirib qo‘ydim» kabi lutf unga begona edi. U
otasining yoniga o‘tirib, yayrab kerishib, esnadi.
— Charchabsan, bolam, — dedi Omil.
— Buyoqni tanimay turibman, — dedi Hosilboyvachcha, otasining mehribonchiligiga
e’tibor bermay.
— Bu kishi Xolidiy domla, uyni shu odamdan olganmiz-da, esingdan chiqdimi?
— Kunda mingta odam bilan muomala qilgandan keyin bunaqa gaplar esda qoladimi?
— Domla o‘shanda bizga rosa himmat qilganlar. Bir ishlari tushibdi. Yo‘q demay, qilib
ber. — Omil shunday deb o‘rnidan turdi. — Gaplarini mensiz aytaveradilar. Men ketdim.
— Shomilga uchrang, bolalar olib borib qo‘yishadi,— Hosilboyvachcha shunday degach,
Xolidiyga yuzlandi. — Bugun shoirlar bilan uchrashadigan kun ekan. Hali bittasi keluvdi.
— Men shoir emasan, — dedi Xolidiy.
— Adam «domla» dedilaru, baribir emasmi? — Hosilboyvachcha shunday deb og‘zini
baralla ochganicha esnadi-da, so‘ng pastak kursi ustida yotgan kitobchani qo‘lga oldi.
Xolidiy kitobni ko‘rgan, «bular ham o‘qishar ekan, durust», deb qo‘ygan edi.
Hosilboyvachcha kitobni unga uzatdi. — Yozganini o‘qing.
Xolidiy dastxatni o‘qidi: «O‘zbekning ulug‘ farzandi Hosiljon akamizga jonim tasadduq».
— O‘qidingizmi? — dedi Hosilboyvachcha. — Gapini qarang. Ko‘chada bizni o‘g‘ri, deb
so‘kadi. Ishi tushsa joni tasadduq bo‘lib qoladi. Vey shoir bola, men o‘g‘riman, shunday
deb yozgani uyalmadingmi, dedim. Men bu kitobini boshimga uramanmi! — u shunday
deb kitobni uloqtirdi. — Moshinasini o‘g‘irlab ketishibdi. Shunga ming‘irlab kelibdi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |