www.ziyouz.com kutubxonasi
96
Orqasiga qaradi-yu, Hovuz polvonni ko‘rib quvonib ketdi. Bo‘ynidan mahkam quchoqlab
oldi. Polvon hovuz tozalayotgan paytda bolalar chug‘urlashib atrofidan ketmay
qolishardi. U ham charchadim demay, shopmo‘ylovini burab ular bilan o‘ynashga vaqt
topardi. Ba’zan bolalarga ot bo‘lib berardi, uch-to‘rt bola uni minib olib, hovuz atrofida
«sayr» qilishardi. Bu manzarani ko‘rgan kattalar ham miriqishardi. Yetim bo‘lgani
uchunmi, Mahmudga nisbatan polvonning mehri bo‘lakcha edi. Shu mehrdan foydalanib
Mahmud «ot»ni ko‘proq minardi...
— Bu yerda nima qilib pisib turibsan? — deb so‘radi Hovuz polvon.
— Bitta tanishimni kutib turibman, bozorga kirib ketuvdi, — dedi u.
O‘shanda «Hovuz polvon tog‘am gapimga ishondilar», deb o‘ylagan edi. Hovuz
polvonning ancha kuzatib turganini, uning nima yumush bilan band ekanini fahmlaganini
keyinroq anglab yetdi.
— Yur, men bilan, — dedi Hovuz polvon.
— Qayoqqa? — dedi Mahmud hadik bilan. — Qishloqqami?
— Yo‘q... O‘zim shu kelishda qishloqdan kelyapman. Paxsachi jo‘ralarim bor, yozi bilan
paxsa uramiz. Kuzga borib, hovuz tozalaydigan vaqt yetganda qishloqqa qaytamiz. Yur,
menga qarashasan.
Mahmud go‘sht bozor tomonga o‘g‘rincha qaradi. Bolalar «ov»ni yaxshi tamomlaganlar
shekilli, ko‘rinishmadi. Bundan ko‘ngli xotirjam bo‘lgan Mahmud unga ergashdi. Uch kun
birga bo‘ldi. Loy tepishdi, choy qo‘ydi, osh-ovqatga qarashdi. Ular yangi barpo
bo‘layotgan mahallada to‘rt-besh imoratni baholab olishgan, bugun bu bino paxsasini
urishsa, ertaga boshqasiga ko‘chishardi. Pishiq g‘ishtdan qurilgan hashamatli uyning
oshxonasi ularga boshpana edi. Hovuz polvon avvalgi yili ham shu mahallada ishlagani
uchun odamlar uni yaxshi tanib qolishgan, hurmati qishloqdagidan kam emas ekan.
Hashamatli imorat egalari chala-yarim ko‘chib chiqishgan, yerto‘la eshigi oldiga
bahaybat it bog‘lab qo‘yilganidan bu yerda qo‘lga ilinarli mol-hol borligini anglash
mumkin edi. To‘rtinchi kuni bozorga tushib Kesakpolvonga duch keldi. Qaerda yo‘qolib
yurganini aytib, hashamatli uyni ham tilga oldi. Kesakpolvon undan yana ba’zi narsalarni
so‘rab bildi. Ertasiga ishdan qaytishganda itning o‘lib yotgani, yerto‘la eshigining ochilib
qolganini ko‘rib ko‘z oldiga darrov Kesakpolvon keldi-yu, qo‘rqqanidan yuragi qinidan
chiqib ketayozdi.
Hovuz polvon «Yo, qodir Xudo!» deganicha avval itning tepasiga bordi, so‘ng yerto‘laga
tushib chiqdi-da, uy egalarini xabardor qilish uchun ketdi. Bir soatga qolmay uy egasi, it
yetaklagan milisalar yetib kelishdi. Itni yerto‘laga olib tushib hid oldirishgan edi, Hovuz
polvonga qarab vovullayverdi. Uni olib ketish uchun shugina kifoya bo‘ldi. Xudoni o‘rtaga
qo‘yib ichgan qasamlariga e’tibor berishmadi. Ular qasamga ishonishmadi, itga
ishonishdi. Hovuz polvon milisaning mashinasiga chiqayotganda orqasiga o‘girilib bir
qaradi. Ana shu qarash Chuvrindining xotirasiga muhrlanib qolgan...
Oradan yillar o‘tib, qishlog‘ini qo‘msab birinchi marta borganida itdan qo‘rqqan mushuk
boladay pisib yurdi. Bolalikda orttirgan do‘stidan «Hovuz polvon tog‘a
ko‘rinmaydilarmi?» deb so‘rab, «shaharda o‘g‘irlik qilib qamalib ketganlar», degan
javobni eshitdi. Bu javobdan so‘ng «Polvon tog‘a bilan uchrashib qolsam, meni ursa yoki
sharmanda qilsa-ya», degan hadik ko‘tarildi. Hadik o‘rnini o‘ziga nisbatan nafrat
egalladi. U Hovuz polvonni qamalgan, deb gumon qilganu ammo ko‘p o‘tirar, deb
o‘ylamovdi. U paytda qo‘lidan hech nima kelmasdi. O‘g‘ri kim ekanini bilsa ham
aytishdan qo‘rqardi. Keyinroq gunohini yuvish yo‘llarini qidirdi. Qishloqdagi o‘rtoqlariga
«Polvon tog‘am to‘y qilsalar albatta xabar beringlar» deb tayinlagan edi. Ular xabar
yuborishdi, ammo borishga o‘zida mardlik yetishmadi. To‘yona berib yubordi, ammo
Hovuz polvon qayrilib ham qaramabdi — pulni qanday o‘rab bergan bo‘lsa, shu holda
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |