Yangi so‘zlar
Yangilik bo‘yog‘iga ega bo‘lgan, yangi narsa-hodisa va tushunchalarni ifodalash uchun hosil qilingan leksemalar neologizmlar – yangi so‘zlar deyiladi. «Neologizm tilga umuman mansub bo‘lishi yoki yakka shaxs nutqiga xos bo‘lishi mumkin. Birinchisi umumtil neologizmi deb, ikkinchisi individual nutq neologizmi deb yuritiladi». Badiiy asarda asosan individual nutq neologizmlari badiiy-estetik qimmat kasb etadi. Mahoratli yozuvchilar voqelikni o‘ziga xos, betakror va yangicha ifodalashga harakat qiladilar. Shuning uchun hali ko‘nikilmagan yoki umuman qo‘llanilmagan, yangi, ohorli so‘zlardan foydalanadilar. Buni quyidagi misollarda ham ko‘rish mumkin: 1.Shu ikki kechaning ixtiyori menda! Men –jinlanganman, men – o‘tman, olovman! 2.Miryoqub Akbarali mingboshini haqir ko‘radi, xo‘rlaydi, uning itlanishidan kuladi. 3.Bahorlashib bir borib kelaman, deb yurib edim. (Cho‘lpon) 4.Shu boisdan Tarlonni oshiqcha zarbalamadim. 5.Bajarajak yumushlarimni bot - bot bayonlaydi. 6.Ta’tillanib podayotoqqa bordim. (T.Murod)
Do'stlaringiz bilan baham: |