Husayn Voiz Koshifiy. Husayn Voiz Eronning Sabzavor shahrida tug’ilgan, vafot etgan yili 1504-1505 yillarga to’g’ri keladi. U Alisher Navoiyning zamondoshi, u bilan bir davrda yashab, ijod qilgan.
Husayn Voizning eng asosiy fazilati uning ilm egasi ekanligidadir. U juda ko’p fanlarni egallagan va ularning har birida chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borgan mashhur olimlardan biridir. Uning “Javohirut tafsir yoki Tafsiri Husayniy”, “Mavohibud dunyo”, “Lubbi lubob”, “Anvori Suhayliy”, “Ravzatush shuhado”, “Dah majlis”, “Axloqi Muhsiniy”, “Mahzanul insho”, “Sabo”, “Koshifiya”, “Asrori Qosimiy”, “Hotamnoma”, “Matla’ul anvor”, “Ixtiyorot” va boshqa bir qator asarlari shundan dalolat beradi. Husayn Koshifiy notiq sifatida o’z zamonasining mashhur notiqlaridan bo’lgan. Uning nutqini eshitish uchun odamlar shaharning turli tomonlaridan yig’ilishar, tinglovchilar soni shu qadar ko’payib ketishi natijasida orqada turganlarga notiqning ovozi yetib kela olmas ham, uning ichki ruhiy holatini turli harakatlar orqali ifodalanishini kuzatar ekanlar.
O’z zamonasining ulkan so’z san’atkori Husayn Voiz Koshifiyning yuksak mahoratiga hatto Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqarolar ham qoyil qolib, tan berganlar, hatto o’z asarlarini rasmiy ijro etish lozim bo’lganda, bunday ishga Husayn Voizni munosib ko’rganlar. Jumladan, 898 (1492) yil 8 noyabr kuni Abdurahmon Jomiyning dafn etish marosimida Husaynning quyidagi tarkibband–tarixini va 7 band, 140 misradan iborat ajoyib marsiyani o’qib eshittirish uchun unga topshiradi:
Gavhari qoni haqiqat, durri bahri ma’rifat
K–o’ ba haq vosil shuda dar diya nabudame mosivoh.
Koshibi sirri ilohi bud beshak zon sabab
Gasht tarixi vafotash asrori iloh.
Ya’ni:
Haqiqat qoni gavhari ma’rifat dengizining durikim
Haqiqatga erisha oldi va qalbida undan boshqa narsa yo’q edi.
Shubhasiz ilohiy sirning ochuvchisi edi, shu sababdan
Vafotining tarixi “Koshfi asrori iloh” bo’ldi.
Husayn Voizning shu qadar hurmatga sazovor bo’lganligining asosiy sabablaridan biri uning ovozining shiraliligi, ohangi, ichki ruhiy holatini turli harakatlar bilan ifoda qila bilishi bo’lgan. Shuning uchun bo’lsa kerak, uni doimo har yerga taklif etishavergan, shuning natijasida u aniq jadval bilan ishlashga majbur bo’lgan (Oripov, 16-18).
Xullas, nutq, ayniqsa, madaniyatli nutq jamiyatda har doim alohida ijtimoiy maqomga ega bo’lib kelgan. Shu bois chiroyli nutq sohiblari jamiyatning barcha toifalari tomonidan katta hurmatga sazovor bo’lishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |