Elektr yuritmalarni vaqt bo’yicha avtomat boshqarish sxemalarini o’rganish. O’tish jarayonida elektr yuritmalarning ko’rsatgichlari o’zgarishi grafiklariga asosan, tok, tezlik qiymatlari o’zgarishi bilan birga vaqt ham o’zgarib boradi. Ishga tushirishning har bir pog’onasi uchun ishga tushirish vaqtini hisoblash mumkin. Bu vaqtlarga avtomat boshqarishni bog’lash mumkin. Buning uchun turli vaqt relelarini qo’llab, ularning ishlash vaqtlarini pog’onalardagi ishga tushirish vaqtlariga moslash lozim. Avtomat boshqarishning bu usulini quyidagi sxemalar misolida o’rganiladi.
Parallel qo’zg’atishli o’zgarmas tok yuritgichini vaqt bo’yicha avtomat boshqarish
19-rasm. Parallel qo’zg’atishli o’zgarmas tok yuritgichini vaqt bo’yicha avtomat boshqarish sxemasi
Bu elektr yuritmaning boshqarish jarayonini amalga oshirish uchun QF avtomati va rubilniklari ulanib, sxemani ishga tayyorlanadi. Buning natijasida boshqarish zanjiri tarmoqqa ulanganda KT1 va KT2 vaqt relelari ishga tushadi va KM1, KM2 kontaktorlari zanjirlarida o’zlarining kontaktorlarini uzib qo’yadi. Sxemalar ishga tayyor bo’ladi.
SVS ishga tushirish knopkasini ulaganda KM kontaktori ishga tushadi, u o’zining asosiy kontakti bilan R1 va R2 reostat pog’onalari orqali yuritgichning yakorini tarmoqqa ulaydi, yordamchi kontaktlari bilan esa SVS knopkasini shuntlaydi, KM1 kontaktori zanjirini ulaydi va KT1 vaqt relesi zanjirini uzadi.
Tarmoqqa ulangan yuritgich aylana boshlaydi. Zanjiri uzilgan KT1 vaqt relesi belgilangan vaqt o’tgandan so’ng, KM1 kontaktori zanjiridagi kontaktini ulaydi. KM1 ishga tushadi. U o’zining asosiy kontakti bilan R1 qarshilikni shuntlaydi, KM2 kontaktori zanjirini ulaydi va KT2 vaqt relesi zanjirini uzadi.
Zanjirida qarshilik kamaygan yuritgichning tezligi osha boshlaydi. Zanjiri uzilgan KT2 vaqt relesi belgilangan vaqt o’tganidan so’ng, KM2 kontaktori zanjiridagi kontaktini ulaydi, KM2 kontaktori ishlab o’zining kontakti bilan R2 qarshilikni shuntlaydi.
Yuritgichning zanjirida qo’shimcha qarshilik qolmagani uchun tezligi yana ham oshadi va tabiiy mexanik tasvifida ishlay boshlaydi. Ketma-ket qo’zg’atishli o’zgarmas tok yuritgichini vaqt bo’yicha avtomat boshqarish.
20-rasm. Ketma-ket qo’zg’atishli o’zgarmas tok yuritgichini vaqt bo’yicha avtomat boshqarish sxemasi.
Bu elektr yuritmaning boshqarish jarayonini amalga oshirish uchun QF avtomati ulanadi, KT1 va KT2 vaqt relelari ishga tushib, KM1 va KM2 kontaktorlari zanjiridagi o’zlarining kontaktini uzib qo’yadi. Sxema ishga tayyor bo’ladi. Ishga tushirish SVS knopkasi ulanganda, KM kontaktori ishga tushadi. U o’zining asosiy kontakti bilan yuritgichni R1va R2 reostat pog’onalari orqali tarmoqqa ulaydi va KT1 vaqt relesini shuntlaydi, yordamchi kontakti bilan esa SVS knopkasi shuntlaydi. Tarmoqqa ulangan yuritgich aylana boshlaydi. KT1 vaqt relesida kuchlanish yo’qoladi va u belgilangan vaqt o’tgandan keyin KM1 kontaktori zanjirida o’zining kontaktini ulaydi. KM1 ishga tushadi, o’zining asosiy kontakti bilan R1 qarshilikni va KT2 vaqt relesini shuntlaydi.
Zanjirida qarshilik kamaygan yuritgich tezligi oshib boradi. KT2 vaqt relesida kuchlanish yo’qoladi va u belgilangan vaqt o’tgandan keyin KM2 kontaktori zanjirida o’zining kontaktini ulaydi. KM2 kontaktori ishga tushadi va o’zining asosiy kontakti bilan R2 qarshilikni shuntlaydi. Zanjirida qo’shimcha qarshilik qolmagan yuritgichning tezligi yana ham oshadi va tabiiy mexanik tavsifida ishlay boshlaydi.