Birinchidan, yuqorida ta'kidlangani singari 1917-1934 yillarda Turkistonda «Soveti Islomiya», «Soveti Ulamo», «Ittixodi taraqqiy», «Milliy Ittixod», «Birlik», «Milliy istiqlol», «Turkiston milliy birligi», «Erk», «Jadid taraqqiyparvarlari» va boshqa siyosiy firqa va tashkilotlar faoliyat ko’rsatdilar. Ammo ularning birortasi ham ommani, xalqni kеng qamrovli suratda o’z orqasidan ergashtira oladigan tom ma'nodagi xalqchil siyosiy firqaga aylana olmadilar. Bu esa Turkiston o’lkasi xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning quyi, rivojlanmagan bosqichida bo’lganligi bilan xaraktеrlanadi. Mustamlaka asoratida bo’lgan o’lka xalqlari ongida mustamlakachi zolimlarga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib yagona jabha bo’lib kurash olib borish zarurligi tushunchasi, milliy ong va milliy vijdon tushunchalari tomir otmagan edi. Ularda umum milliy manfaatdan ko’ra shaxsiy manfaat «o’zingni bil, o’zgani qo’y» tushunchasi ustunroq darajada rivoj topgan edi. O’lka xalqlari dunyoqarashida bir yoqadan bosh chiqarib, yagona siyosiy tashkilotga uyushib kurash olib borilmasa milliy mustaqillikka ham, ozodlik va hurlikka ham erishib bo’lmasligi to’g’risidagi g’oyalar charx urmagan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |