17-modda. Ichki ishlar organlarining huquqlari
Ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
fuqarolardan qonun hujjatlariga rioya etishni, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qo‘llash;
o‘z xizmat majburiyatlarini amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini tekshirish, agar ularda qurol, o‘q-dorilar, portlovchi, radioaktiv yoki zaharli moddalar, portlatish qurilmalari, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning prekursorlari yoxud muomalada bo‘lishi taqiqlangan yoki cheklangan boshqa narsalar bor deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lganda esa, fuqarolarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazishni, ularning ashyolarini, qo‘l yukini, bagajini ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirish hamda mazkur narsalar, vositalarni va moddalarni olib yurish hamda saqlash uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda ularni olib qo‘yish;
agar tergovga qadar va tergov harakatlarini, tezkor-qidiruv va qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, hodisa holatlarini hujjatlashtirish yoki jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik izlarini, hodisa holatlarini saqlab qolish uchun zarur bo‘lsa, fuqarolardan jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, hodisa joyini tark etishni talab qilish;
sodir etilayotgan jinoyatlarga chek qo‘yish, shuningdek ularni sodir etayotgan shaxslarni ta’qib qilish hamda ushlash uchun, agar buning kechiktirilishi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jamiyat va davlat xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lsa, tashkilotlar va fuqarolarning hududiga, turar joylariga va boshqa binolariga, yer uchastkalariga, transport vositalariga sutkaning istalgan vaqtida to‘sqinliksiz kirish (oshib tushish);
fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda ushlash maqsadida fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarda va boshqa binolarda, ularga qarashli yer uchastkalarida fuqarolarning roziligi bilan, tashkilotlar joylashgan hududda va binolarda ularning ma’muriyati ruxsati bilan yoki mulkdorning roziligi bilan bo‘lish;
jinoyat ishlarini tergov qilish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish, jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar haqidagi arizalar hamda xabarlarni ko‘rib chiqish doirasida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kirish, zarur hujjatlar va materiallar bilan tanishish, shuningdek davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan hamda fuqarolardan ma’lumotlarni va boshqa zarur hujjatlar hamda materiallarni so‘rash va olish;
terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazilayotgan zonada jismoniy shaxslarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazishni, ulardagi ashyolarni, transport vositalarini hamda olib o‘tilayotgan yuklarni ko‘rikdan o‘tkazishni, shu jumladan nazorat qilishning texnik va boshqa vositalarini qo‘llagan holda ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirish;
ichki ishlar organlari yurituvidagi ishlar va materiallar bo‘yicha fuqarolarni, mansabdor shaxslarni ichki ishlar organlariga chaqirtirish, ulardan zarur tushuntirishlar, ma’lumotlar, hujjatlar, ma’lumotnomalarni va ularning ko‘chirma nusxalarini olish;
fuqarolarni ularning roziligi bilan hamkorlikka jalb etish, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlariga yordam bergan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan fuqarolarni taqdirlash;
tashkilotlar va fuqarolardan ichki ishlar organlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni bepul olish, bundan qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan hollar mustasno;
huquqbuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga bajarilishi shart bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
jinoyatlarning va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularni fosh etish maqsadida zarur ma’lumotlar bazalariga ega bo‘lgan axborot tizimlarini texnik va maxsus vositalardan foydalangan holda yaratish;
jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni, shuningdek o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushlash, ichki ishlar organlariga olib borish va qamoqda saqlash;
jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan harbiy xizmatchilarni ular harbiy patrulga, harbiy komendantga, harbiy qismlar komandirlariga topshirilguniga qadar ushlab turish;
ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushlash va ichki ishlar organlariga olib borish;
qamoqda saqlanayotgan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni, shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda boshqa ushlab turilgan shaxslarni, shuningdek qonunga muvofiq o‘zga shaxslarni ro‘yxatga olishni, fotosuratga olishni, ularning ovozini yozib olishni, ularni kino- va videotasvirga tushirishni, barmoq izlarini olishni amalga oshirish;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan yoxud shartli hukm qilingan shaxslarni nazorat qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;
o‘ziga nisbatan tayinlangan tibbiy va tarbiyaviy yo‘sindagi majburlov choralarini o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni ushlash va maxsus muassasalarga olib borish;
aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markazlariga olib borish, shuningdek ularni shaxsi aniqlanguniga qadar sudlarning ajrimlari asosida o‘ttiz sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga saqlab turish;
Do'stlaringiz bilan baham: |